Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OʻRMON FONDI YERLARIDA OVChILIK XOʻJALIGINI TAShKIL ETISh VA YuRITISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli “Oʻrmon xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmon fondi hududida ovchilik xoʻjaligini boshqarishni takomillashtirish, hayvonot dunyosini nazorat qilish, qoʻriqlash va takroriy ishlab chiqarishni kuchaytirish, moʻyna va baliq etishtirishni, yovvoyi qushlarni koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi huzurida toʻla xoʻjalik hisobi asosida Ovchilik xoʻjaligi, qoʻriqxonalar va milliy parklar boshqarmasi (Ovchilik bosh boshqarmasi)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Ovchilik xoʻjaligi, qoʻriqxonalar va milliy parklar bosh boshqarmasining xodimlari soni 22 kishidan, yillik ish haqi fondi 1379 ming soʻmdan iborat qilib belgilansin, ularning 1173 ming soʻmi tasarrufidagi korxonalarning ajratmalari hisobidan va 206 ming soʻmi ovchilik xoʻjaligi, qoʻriqxonalar va milliy parklar boʻlimining 3 kishidan iborat xodimlarini saqlash uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi huzuridagi Ovchilik bosh boshqarmasi zimmasiga quyidagilar yuklatilsin:
Keyingi tahrirga qarang.
ovchilik fondini boshqarish, hayvonot dunyosidan foydalanishni nazorat qilib borish, oʻsimlik dunyosini muhofaza qilishni taʼminlash, oʻrmon fondi yerlarida ov qilish qoidalari, normalari va muddatlariga rioya etilishini nazorat qilib borish;
Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi tomonidan ajratiladigan kvotalar doirasida davlat oʻrmon fondi hududida ovlanadigan hamda boshqa hayvon turlarini otish va tutishga ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish;
oʻrmon fondi yerlarida ov qilish muddatlari va usullarini tartibga solish;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻrmon fondi hududida gʻayriqonuniy ovchilik oqibatida yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish va daʼvogarlik qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasiga zaharli ilonlar va boshqa qimmatbaho hayvonlar (shu jumladan, baliqlar) saqlanadigan va koʻpaytiriladigan serpentariylar, pitomniklar, hayvonot fermalarini hamda moʻynachilik, shuningdek, ovchilik va baliqchilik mahsulotlarini qayta ishlaydigan, sotadigan sexlarni tashkil etishga, xorijiy ovchilik turizmi boʻyicha qoʻshma korxonalar ochishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi qoʻriqxonalar va zakazniklarda ilmiy faoliyatni takomillashtirish va muvofiqlashtirish tadbirlarini ishlab chiqsinlar, bunda nodir va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar, hayvonlar va parrandalar turlarini saqlab qolishga, ovchilik xoʻjaligini oqilona boshqarish maqsadida ovlanadigan hayvonlar sonini qayta tiklashga alohida eʼtibor bersinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddat ichida meʼyoriy hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgarishlar toʻgʻrisida taklif kiritsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 12-oktabr,
469-son