Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Markaziy bankning banklararo toʻlov tizimi orqali elektron toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 29-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1545-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2006-yil 17-yanvardagi 1/3-son qarori (roʻyxat raqami 1545, 2006-yil 14-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 6-7-son, 48-modda) bilan tasdiqlangan Markaziy bankning banklararo toʻlov tizimi orqali elektron toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-avgust,
18/10-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 25-avgustdagi 18/10-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Markaziy bankning banklararo toʻlov tizimi orqali elektron toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Muqaddimadagi “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida” degan soʻzlar “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
1-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) Markaziy bankning Hisob-kitoblar markazi (keyingi oʻrinlarda — MB HKM) — bu Banklararo toʻlov tizimi tarkibiga kiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining axborot tizimi boʻlib, uning funksiyalariga tijorat banklarining Bosh ofislariga (keyingi oʻrinlarda — banklar) va Markaziy bankka vakillik hisobvaraqlarini ochish va xizmat koʻrsatish hamda ular oʻrtasida elektron toʻlovlarning belgilangan vaqt davomida uzluksiz amalga oshirilishini taʼminlash kiradi;”;
3-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3) Markaziy bankning Axborotlashtirish Bosh markazi (keyingi oʻrinlarda — ABM) — Markaziy bank bilan tuziladigan shartnomaga asosan banklararo toʻlov tizimiga texnik, dasturiy va ekspluatatsion xizmatlarini taʼminlaydigan markaz;”;
5-kichik banddagi “Elektron toʻlov hujjati pul-hisob-kitobga” va “Elektron toʻlov hujjati” degan soʻzlar tegishli ravishda “ETH toʻlovga” va “ETH” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
6-kichik banddagi “boshqa bank adresiga” degan soʻzlar “benefitsiar bankka” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 3-bandning “l” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“l) elektron toʻlovlar summasining miqdori boʻyicha cheklov oʻrnatilmasligi.”.
4. 4 — 6-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Markaziy bank bilan ABM oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida Banklararo toʻlov tizimi faoliyat yuritishini texnik, dasturiy va ekspluatatsion xizmatlari taʼminoti ABM zimmasiga yuklatiladi.
5. ABM bilan tuziladigan shartnoma asosida MB HKM orqali elektron toʻlovlarni amalga oshiruvchi banklar banklararo toʻlov tizimining ishtirokchilari hisoblanadi.
6. Banklararo toʻlov tizimi ishtirokchilari boʻlgan banklar — toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning toʻlov xizmatlaridan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar banklararo toʻlov tizimining foydalanuvchilari hisoblanadi.”.
“8. Banklararo toʻlov tizimi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, banklarning vakillik hisobvaraqlarini ochish va banklararo toʻlov tizimi orqali elektron toʻlovlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi ABM bilan tuziladigan ikki tomonlama shartnomalar asosida belgilanadi.
Banklararo toʻlovlarni amalga oshirish maqsadida banklar tomonidan MB HKMga uzatilgan ETHlarini qayta ishlash haq evaziga amalga oshiriladi.
Banklararo toʻlovlar amalga oshirilganligi uchun undiriladigan xizmat haqini oʻzgartirish haqida qaror qabul qilinganda, Markaziy bank oʻzining rasmiy veb-saytida uch ish kunidan kechikmay eʼlon joylashtiradi va bu oʻzgartirish Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinganidan oʻn besh kun oʻtgach toʻlov tizimi operatori va ishtirokchilari tomonidan qoʻllaniladi.
9. Banklararo toʻlov tizimida uzatish uchun moʻljallangan toʻlov hujjatlarining toʻgʻri toʻldirilishi boʻyicha masʼuliyat bank mijozi zimmasiga yuklatiladi.”.
6. 11-banddan “va MB HKM” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
7. 13-banddagi “Toʻlov tizimlari va axborot texnologiyalari” va “TTATD” degan soʻzlar tegishli ravishda “Toʻlov tizimlari faoliyatini tartibga soluvchi” va “TTD” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
8. 15-bandda:
1 va 2-kichik bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) Markaziy bankning banklarga litsenziya berishga masʼul departamenti (keyingi oʻrinlarda — MB LBD) MB TTDga bank tomonidan bank faoliyatini amalga oshirish uchun Markaziy bank litsenziyasini olganligi toʻgʻrisida, bankning toʻliq nomi va manzili koʻrsatilgan holda xabar beradi;
2) MB TTDning yozma xabarnomasiga muvofiq, ABMning BDMAB boʻlimi tijorat bank uchun xos raqam va unga tegishli rekvizitlarni zaxiralaydi hamda bir vaqtning oʻzida bank va MB TTDga bu haqda xabar beradi;”.
5-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) MB LBDning bankka litsenziya berilganligi, bankning banklararo toʻlov tizimida ishlashga tayyorligi toʻgʻrisidagi Markaziy bank Xavfsizlik va axborotlarni muhofaza qilish departamentining xabarnomalari hamda sinovning ijobiy natijasi toʻgʻrisidagi ABMning dalolatnomasiga, shuningdek, soliq toʻlovchining identifikatsion raqami koʻrsatilgan Davlat soliq qoʻmitasidan roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi asosida, MB TTD barcha banklarga bankning ochilganligi, unga BDMABda xos raqam berilgani va banklararo toʻlov tizimiga ulanganligi toʻgʻrisida rasmiy xabarnoma yuboradi. Oʻz navbatida, Markaziy bankning elektron maʼlumotnomalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.”.
9. 16-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Barcha ishlar tugatilgandan soʻng, filialni banklararo toʻlov tizimiga ulash masalasida bank MB TTDga xat taqdim etadi. Unda bank filialining nomi, manzili va bank statistik hisobotlarini berishda filialning hududiy tobeligi koʻrsatiladi.
Ushbu xatga asosan bank filiali uchun BDMABda zaxiralangan xos raqam va tegishli rekvizitlar Markaziy bankning tegishli elektron maʼlumotnomasiga kiritiladi va bank filiali ochilganligi hamda uni banklararo toʻlov tizimiga ulanganligi toʻgʻrisida MB TTD tomonidan barcha banklarga rasmiy xabarnoma yuboriladi.”.
10. 17-bandning 2-kichik bandidagi “MB HKM va bank oʻrtasidagi shartnomada boshqa holat kelishilmagan boʻlsa” degan soʻzlar “shartnomada boshqa hollar koʻzda tutilmagan boʻlsa” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
11. 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Banklararo toʻlov tizimida qoʻllaniladigan ETHlarining tarkibi va tuzilishi:
1) Banklararo toʻlov tizimida 2 — 6-ilovalarda keltirilgan ETHlar qoʻllaniladi;
2) har bir ETH, tashabbuskor bank tomonidan joʻnatish uchun tayyorlangan hujjatni va benefitsiar bankda elektron usul bilan olingan hujjatni identifikatsiya qilish uchun moʻljallangan tegishli kod (Toʻlov hujjati kodi) bilan belgilanishi kerak. Toʻlov hujjati kodlari (keyingi oʻrinlarda — THK) 8-ilovada keltirilgan;
3) mablagʻlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻtkazilishini taʼminlash uchun ETH tayyorlashda toʻlov hujjatlarining barcha rekvizitlarini toʻgʻri kiritilishi kerak;
4) toʻlov topshiriqnomasini (THK 01), toʻlov talabnomasini (THK 02), memorial orderni (THK 06), inkasso topshiriqnomasini (THK 11) va masofadan xizmat koʻrsatish tizimi orqali oʻtkazilgan toʻlov topshiriqnomasi (THK 21) kiritishda quyidagi rekvizitlar toʻgʻri toʻldirilishi kerak:
hujjatning raqami;
hujjatning sanasi;
toʻlovchining nomi;
toʻlovchining shaxsiy hisobvaragʻi raqami;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
toʻlovchi bankning kodi;
toʻlovchi bankning nomi;
hujjatning summasi (raqam bilan);
oluvchining nomi;
oluvchining shaxsiy hisobvaragʻi raqami;
oluvchi bankning kodi;
oluvchi bankning nomi;
hujjatning summasi soʻz bilan (avtomatik tarzda yoziladi);
toʻlovning maqsadi.
Toʻlov maqsadida qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan hamda bank va uning mijozi oʻrtasida tuzilgan shartnoma shartlariga mos keluvchi maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Ijro hujjatlari boʻyicha inkasso topshiriqnomasida undirib olish uchun asos boʻlayotgan ijro hujjatining raqami, sanasi va nomi koʻrsatiladi.
Qonun hujjatlariga muvofiq ayrim tashkilotlar tomonidan mablagʻlarni toʻlovchi yoki mablagʻlarni oluvchi boʻlgan toʻlov hujjatlarining “toʻlov maqsadi” grafasida nima maqsadda toʻlov oʻtkazilayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot koʻrsatilmasligi mumkin;
5) akkreditiv uchun ariza (THK 05)ni kiritishda quyidagi rekvizitlar toʻgʻri toʻldirilishi kerak:
akkreditiv nomeri;
akkreditivni yozish sanasi;
toʻlovchining nomi;
toʻlovchining hisobvaraq raqami;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
emitent bankning nomi;
emitent bank (tashabbuskor bank)ning kodi,
akkreditiv summasi raqam bilan;
yetkazib beruvchining nomi;
yetkazib beruvchining hisobvaragʻi raqami;
akkreditivni ijro etuvchi bankning nomi;
akkreditivni ijro etuvchi bank (benefitsiar bank)ning kodi;
akkreditiv summasi soʻz bilan (avtomatik tarzda yoziladi);
akkreditiv muddati.
Akkreditiv shartlari:
akkreditiv turi;
tovar (mahsulot), xizmatning nomi;
akkreditiv boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish uchun asos boʻladigan hujjatning nomi.”.
12. 24-bandning ikkinchi xatboshisidagi “ABM” degan abbreviatura “MB HKM” degan abbreviatura bilan almashtirilsin.
13. 25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kreditni boshqarish xususiyat (parametr)laridan kelib chiqqan holda, banklararo ETHlarining oʻtkazish vaqtini toʻlov tizimi masalalarini muvofiqlashtiruvchi rais oʻrinbosarining yozma yoki elektron koʻrsatmasiga asosan uzaytirishi mumkin. ABM tomonidan tizim ishtirokchilari ETHga ishlov berish vaqtining uzaytirilganligi haqida elektron tarzda xabardor qilinadi.”.
14. 29-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“29. Mijoz tomonidan taqdim qilingan toʻlov hujjatlari mazkur Nizomning 18-bandida keltirilgan barcha majburiy rekvizitlarning toʻgʻri toʻldirilishi boʻyicha tekshiruvdan oʻtkaziladi.”.
15. 31-bandda:
birinchi xatboshidan “tijorat bankning hisob-kitob cheklari,” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
2-kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
16. 32-banddagi “pul-hisob-kitob” degan soʻzlar “toʻlov” degan soʻz bilan almashtirilsin.
17. 33 va 34-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Tashabbuskor bankda, ichki nazorat va elektron raqamli imzo tekshiruvi oʻtkazilganidan soʻng, banklararo hisob-kitoblar boʻyicha quyidagi buxgalteriya oʻtkazmalari amalga oshiriladi:
1) Tashabbuskor bankning Toʻlov (Hisob-kitob) markazida filiallardan olingan ETHlariga asosan:
Kredit operatsiyalari (THK — 01, 02, 05, 06, 11, 21) boʻyicha:
DEBET 22204 tegishli filial hisobvaragʻi;
KREDIT 10301 bankning hisobvaragʻi;
2) Markaziy bankning Toʻlov markazida Markaziy bankning Hisob-kitob-kassa markazlaridan olingan ETHga asosan:
Kredit operatsiyalari (THK — 01, 02, 05, 06, 11, 21) boʻyicha:
DEBET 22204 tegishli Hisob-kitob-kassa markazi hisobvaragʻi;
KREDIT 11005;
Debet operatsiyalari (THK — 06) boʻyicha:
DEBET 11005;
KREDIT 22204 tegishli Hisob-kitob-kassa markazi hisobvaragʻi.
34. Benefitsiar bankda, ichki nazorat va elektron raqamli imzo tekshiruvi oʻtkazilganidan soʻng, banklararo toʻlov tizimidan olingan toʻlov hujjatlari asosida quyidagi buxgalteriya oʻtkazmalari amalga oshiriladi:
1) Benefitsiar bankning Toʻlov (Hisob-kitob) markazida bankka ETH kelib tushganda:
Kredit operatsiyalari (THK — 01, 02, 05, 06, 11, 21) boʻyicha:
DEBET 10301;
KREDIT 22204 tegishli filial hisobvaragʻi;
2) Markaziy bankning Toʻlov markazida ETH kelib tushganda:
Kredit operatsiyalari (THK — 01, 02, 05, 06, 11, 21) boʻyicha:
DEBET 11005;
KREDIT 22204 tegishli Hisob-kitob-kassa markazi hisobvaragʻi;
Debet operatsiyalari (THK — 06) boʻyicha:
DEBET 22204 tegishli Hisob-kitob-kassa markazi;
KREDIT 11005.”.
18. Quyidagi mazmundagi VII bob bilan toʻldirilsin:
“VII. Banklararo toʻlovlarni uzluksiz ravishda amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari
43. Banklararo toʻlovlar Markaziy bankning Tezkor toʻlovlar tizimi (keyingi oʻrinlarda — Tezkor toʻlovlar tizimi) orqali uzluksiz ravishda amalga oshiriladi. ABM Markaziy bank bilan shartnoma asosida Tezkor toʻlovlar tizimi uzluksiz faoliyat yuritishi boʻyicha texnik, dasturiy va ekspluatatsion xizmatlarini taʼminlaydi.
44. Tezkor toʻlovlar tizimiga ulanish uchun banklar Markaziy bankning banklararo toʻlov tizimiga ulangan boʻlishi va ABMga murojaat qilishi kerak. Tezkor toʻlovlar tizimi xizmatlaridan foydalanishda banklar axborot xavfsizligi talablariga rioya qilishlari shart. Banklar Tezkor toʻlovlar tizimi orqali amalga oshiriladigan har bir elektron toʻlov hujjatlarini elektron raqamli imzo kalitlari bilan himoyalanganligini taʼminlaydi.
45. Tezkor toʻlovlar tizimi orqali banklararo hisob-kitoblar uzluksiz (dam olish kunlarisiz) tunu kun 24/7 rejimida onlayn tarzda amalga oshiriladi. Bunda tijorat banklarining Markaziy bankdagi vakillik hisobvaragʻi qoldigʻidan kelib chiqqan holda limit belgilanadi va hisob-kitoblar mazkur limit qoldigʻi doirasida amalga oshiriladi. Banklar toʻlovlar uzluksizligini taʼminlash maqsadida vakillik hisobvaraqlari likvidliligini taʼminlashlari shart.
46. Tezkor toʻlovlar tizimida belgilangan tartibda kliring sessiyalari amalga oshiriladi. Kliring sessiyasi boshlanishidan oldin banklarning Markaziy bankdagi vakillik hisobvaragʻi yetarli ijobiy qoldiqqa ega boʻlishi kerak.
47. Toʻlovlarni amalga oshirish maqsadida qayta ishlash uchun Tezkor toʻlovlar tizimiga uzatilgan toʻlov topshiriqnomalari bank mijozlari tomonidan masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlari orqali 24/7 rejimida xizmat koʻrsatuvchi bankka taqdim qilingan boʻlishi va toʻlovchining hisobvaragʻida yetarli mablagʻ boʻlishi lozim.
48. Har bir kliring sessiyasi oxirida banklarning sof pozitsiyalari aniqlanadi. Sof pozitsiya bankning boshqa banklarga toʻlashi va boshqa banklardan olishi kerak boʻlgan pul mablagʻlari farqini aniqlash orqali hisoblanadi. Aniqlangan sof pozitsiyalar haqidagi maʼlumotlar Markaziy bankning Hisob-kitoblar markaziga uzatiladi va pul mablagʻlarini banklarning vakillik hisobvaraqlaridan oʻchirish yoki kiritib qoʻyish orqali yakuniy hisob-kitob amalga oshiriladi.
49. Toʻlovni amalga oshirish uchun uzatilgan toʻlov topshiriqnomasi muvaffaqiyatli qayta ishlanganligi toʻgʻrisida Tezkor toʻlovlar tizimidan tasdiq olinguniga qadar toʻlovchining hisobvaragʻida toʻlov topshiriqnomasidagi summaga teng boʻlgan summa zaxiralanadi va tasdiq kelgach hisobdan chiqariladi. Tezkor toʻlovlar tizimidan tasdiq kelganidan soʻng mablagʻ oluvchilar hisobvaraqlariga kirim qilingan mablagʻlarni sarflash imkoniyatiga ega boʻladilar, bunga qadar mablagʻlarni oluvchi foydasiga oʻtkazilgan mablagʻlar uning hisobvaragʻida zaxiralanadi.”.
19. 7-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
20. 8-ilovada:
“Hujjatlarning nomi” va “Operatsiyalar turi” degan soʻzlar tegishli ravishda “Toʻlov hujjatlari nomi” va “Toʻlov hujjatlari kodi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
6-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
| “ | | |
|
6. |
Masofadan xizmat koʻrsatish tizimi orqali oʻtkazilgan toʻlov topshiriqnomasi |
21 |
| | |
”. |
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 10/20/1545-3/1351-son)