Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Opera sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etish toʻgʻrisida
Opera sanʼatining koʻp asrlik ijro yoʻllarini puxta oʻzlashtirish, yosh avlod vakillariga oʻrgatish, ularga milliy va jahon klassik musiqasining noyob namunalaridan bahramand boʻlishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, opera sanʼati boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining:
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi 24-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi negizida opera sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat (keyingi oʻrinlarda — maktab-internat) tashkil etish;
maktab-internat uchun qoʻshimcha bino va inshootlar, shu jumladan, 100 oʻrinli yotoqxona va oshxona, 120 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binosi qurish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
maktab-internat Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi hisoblanadi;
2021/2022 oʻquv yilida maktab-internatning 5, 6 va 7-sinflariga, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab esa — 5-sinfiga 25 nafardan oʻquvchilar tanlov asosida qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga maktab-internatning moddiy-texnika bazasidan, pedagog kadrlarning salohiyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda keyingi yillarda oʻquvchilarni qabul qilish parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
a) 2021-yil 1-iyunga qadar:
maktab-internatni jihozlash uchun musiqa cholgʻulari va uskunalarining texnik parametrlarini ishlab chiqish;
maktab-internatning ustavini tasdiqlash va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash;
b) 2021-yil 1-sentabrga qadar maktab-internatning samarali faoliyat koʻrsatishini hamda uni tanlov asosida malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash;
maktab-internatni darsliklar, oʻquv-metodik qoʻllanmalar va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishgan holda:
bir oy muddatda maktab-internatga bino va inshootlar qurilishi uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari ajratilishini taʼminlasin;
2021-yil 1-avgustga qadar maktab-internat bino va inshootlarini foydalanishga topshirish choralarini koʻrsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi maktab-internatning bino va inshootlarini qurish hamda jihozlash ishlarining moliyalashtirish manbalarini belgilash maqsadida ikki oy muddatda tegishli qaror qabul qilsin. Bunda quyidagilarni nazarda tutsin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining qoʻshimcha manbalari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
6. Belgilab qoʻyilsinki, maktab-internatni joriy saqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti xarajatlar parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi, 2022-yildan boshlab esa xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-sentabr,
595-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2020-y., 09/20/595/1346-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)