Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Banklar va ularning filiallari binolarida kassa tarmoqlarini tuzilishiga qoʻyiladigan texnik talablarga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2816-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi hamda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2016-yil 25-iyundagi 18/2-son qarori (roʻyxat raqami 2816, 2016-yil 26-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 30-son, 366-modda) bilan tasdiqlangan Banklar va ularning filiallari binolarida kassa tarmoqlarini tuzilishiga qoʻyiladigan texnik talablarga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-iyun,
15/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklar va ularning filiallari binolarida kassa tarmoqlarini tuzilishiga quyiladigan texnik talablarga kiritilayotgan
oʻzgartirishlar
1. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Bankda (filialda) tashkil etilgan kassa tarmogʻi tarkibida quyidagi xonalar va kassalar boʻlishi lozim:
pul ombori;
pul omborining old xonasi;
kechki kassa xonasi yoki kechki kassaning pul ombori;
inkassatsiya sumkalarini (qoplarini) qabul qilish xonasi;
naqd pul va boshqa qimmatliklarni qayta sanash kassasi;
kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasi;
kassa xodimlarining shaxsiy buyumlarini saqlash hamda kassa xodimlari foydalanishlari uchun boshqa maishiy-xoʻjalik xonalari;
bankning (filialning) naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya xizmati avtomashinalariga yuklash yoki tushirish uchun moʻljallangan inkassatsiya boksi (bundan buyon matnda inkassatsiya boksi deb yuritiladi).
Bank (filial) binosining hajmi va unda xonalarning joylashishi inobatga olingan holda kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasi mazkur Texnik talablarga muvofiq holda kassa tarmogʻidan alohida ham tashkil etilishi mumkin.”.
2. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Kassa tarmogʻi va uning xonalari bankda (filialda) saqlanadigan naqd pul va boshqa qimmatliklarning hajmi kelgusida ortishini inobatga olgan holda, shuningdek yonmaydigan qurilish materiallaridan foydalanilgan holda qurilishi lozim.
Kassa tarmogʻidagi xonalarni qaytadan qurish, oʻzgartirish va kengaytirish ishlari yongʻin xavfsizligi talablari asosida amalga oshiriladi. Bunda favqulodda vaziyatlarda insonlarni va moddiy boyliklarni bank (filial) binosidan xavfsiz evakuatsiya qilish uchun sharoit yaratilgan boʻlishi kerak.”.
3. 10 — 17-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Kassa tarmogʻida kassa mudirining xonasi kirim va chiqim yoki kirim- chiqim kassa operatsiyalari amalga oshirilishini kuzatish imkoniyatini beradigan tarzda joylashishi kerak.
11. Kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasiga ajratilgan maydon kassadagi naqd pul va boshqa qimmatliklarning but saqlanishini taʼminlash hamda kassa operatsiyalarini amalga oshirish uchun imkoniyat yaratib berishi lozim.
12. Kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasining old tomoni kassa zaliga qaragan boʻlishi kerak.
13. Mijozlarning kassa xonasiga erkin kirib borishining oldini olish maqsadida kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasining kassa zali tomoniga mustahkam toʻsiq oʻrnatilishi lozim.
14. Kirim, chiqim yoki kirim-chiqim kassa kassirlari tomonidan mijozlarga kassa xizmati koʻrsatilayotganida, mijoz tomonidan kassa xodimining faoliyatini kuzatib turish uchun imkoniyat yaratilgan boʻlishi lozim.
15. Kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasining kassa zali tomoni mijoz tomonidan naqd pul va boshqa qimmatliklarni qabul qilib olishi yoki topshirishi uchun sharoit yaratilgan holda jihozlanishi kerak.
16. Bankda (filialda) kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasi alohida, yonma-yon joylashgan holda tashkil etilganda, mazkur kassalar naqd pul va boshqa qimmatliklarning but saqlanishi hamda daxlsizligini taʼminlash, shuningdek kassa operatsiyalarini nazorat qilish imkoniyati yaratilgan holda jihozlangan boʻlishi kerak.
17. Kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasi ichki va tashqi tomonidan qulflanadigan eni kamida 90 sm boʻlgan eshikka hamda bank (filial) kassa tarmogʻining boshqa xonalari bilan bogʻlab turuvchi alohida yoʻlakka ega boʻlishi lozim.”.
4. 20-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Qayta sanash kassasi xonasining maydoni bitta xodimga kamida 4 m2 maydon toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda qurilishi lozim.”.
5. 22-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“22. Kassa tarmogʻidagi pul ombori old xonasining maydoni kamida 6 m2 boʻlgan pul omborining old xonasi boʻlishi lozim.”.
6. 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Pul omborining eshigi surgʻuchlanishi talab etilganda, pul omborining old xonasiga surgʻuchni qizdirganda chiqadigan hidni tortuvchi maxsus moslama oʻrnatiladi.”.
7. 27 va 28-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27. Pul omboriga faqat pul omborining old xonasidan kiriladi. Bitta pul ombori old xonasidan bir nechta pul omboriga kirish mumkin boʻlsa, ushbu pul omborining old xonasi barcha pul omborlari uchun old xona hisoblanadi.
28. Pul omborining maydoni kamida 10 m2, balandligi esa 2,5 m boʻlishi lozim.”.
8. 33-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Pul omborining shifti 20 sm qalinlikdagi yaxlit temir-beton qobiq va tashqi yopuvchi plitadan iborat boʻladi. Bunda, pul omborining shiftini tashkil etuvchi temir-beton qobiqqa, bank binosi (bino qavati) tomining ogʻirligi tushmasligi kerak.”.
9. 43-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“43. Yoʻnalish boʻyicha yigʻib kelingan yoki uzaytirilgan ish kuni rejimida ishlovchi bank (filial) binosi va binosidan tashqarida joylashgan kassalardan tashib kelingan inkassatsiya sumkalarini (qoplarini) qabul qilish uchun kassa tarmogʻida kechki kassa xonasi tashkil etiladi.”.
10. 44-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44. Bankda (filialda) kechki kassaning pul ombori mavjud boʻlmasa, kechki kassa xonasi kechki kassaning pul ombori vazifasini bajarishi mumkin. Bunda, kechki kassa xonasidagi naqd pul va boshqa qimmatliklar devorga yoki polga qotirilgan yonmaydigan seyflarda, seyf eshiklari qulflangan va muhrlangan holda saqlanishi shart.”.
11. 45-banddagi “Kechki kassa pul omborining old xonasi” degan soʻzlar “Bank (filial) kechki kassasining pul ombori” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
12. 46 — 48-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
13. 55-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“55. Kassa tarmogʻi xavfdan ogoh etuvchi, qoʻriqlash signalizatsiya vositalari va yongʻindan xabar beruvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.”.
14. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublika Qurilish vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vaziri B. ZAKIROV
2020-yil 22-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri v.b. T. XUDAYBERGENOV
2020-yil 24-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni R. DJURAYEV
2020-yil 15-iyun
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)