Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida uslubiy koʻrsatmalarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 18-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2352-9]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 484-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoni)” hamda 2020-yil 24-avgustdagi 509-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 18-noyabrdagi PQ-4522-son hamda “Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 8-iyuldagi PQ-4740-son qarorlari)” qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2012-yil 9-apreldagi 83-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2352, 2012-yil 9-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 15-son, 173-modda) bilan tasdiqlangan Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida uslubiy koʻrsatmalarga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin hamda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Adliya vaziri R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2020-yil 18-sentabr,
203-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yil 18-sentabrdagi 203-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida uslubiy koʻrsatmalarga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 7-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Xoʻjalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlarni qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki maʼmuriy usullar orqali tartibga solish taqiqlanadi.
Qonunosti hujjatlarining loyihalariga jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlik belgilovchi huquqiy normalar kiritilishi taqiqlanadi.”;
ikkinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Quyidagi mazmundagi 581-band bilan toʻldirilsin:
“581. Yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda uni amalga oshirishga qaratilgan havolaki normalar yangi qonun bilan birga yoki qonunda belgilangan muddatda ishlab chiqiladi.”.
3. 89-bandda:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan — yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish, shuningdek, konchilik sohasidagi munosabatlarni boshqarishga oid loyihalar;”;
sakkizinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻqqizinchi — oʻn beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2020-y., 10/20/2352-9/1304-son)