Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NOTARIAT FAOLIYATI BILAN ShUGʻULLANISh HUQUQINI BERUVChI LITSENZIYALAR BERISh VA LITSENZIYA BERGANLIK UChUN DAVLAT BOJI TOʻLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 3-dekabrdagi 280-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisidagi (“Adliya organlari va muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-255-sonli Qonuni)” qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar berish tartibotini tartibga solish va ularni berganlik uchun davlat boji undirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar birinchi marta notariat faoliyati bilan shugʻullanish xohishini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining adliya boshqarmalari tomonidan, ushbu organlar huzurida tuzilgan malaka komissiyasining qarori asosiga koʻra malaka imtihoni topshirilgan kundan boshlab bir oy mobaynida beriladi.
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan kunda notarius deb hisoblangan shaxslarga notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya malaka imtihoni topshirmasdan beriladi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar berganlik uchun eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida davlat boji toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda notariat faoliyatini tartibga soluvchi normativ materiallarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri S. Mirsafoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 10-mart,
126-son