XalQ DEPUTATLARI Samarqand viloyati KENGAShining
QarorI
Viloyatda tashqi reklama obyektlariga tashqi reklamani joylashtirish uchun yigʻimlar miqdorini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 104-sonli qaroriga asosan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining VI-chaqiriq, 12-sessiyasi, qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi, Moliya bosh boshqarmasi, Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasining Samarqand viloyatida tashqi reklama obyektlariga tashqi reklamani joylashtirish uchun yigʻimlar miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Samarqand viloyatida tashqi reklama obyektlariga tashqi reklamani joylashtirish uchun yigʻimlar miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman va shahar hokimlari 2020-yil uchun tuzilgan shartnomalar boʻyicha mazkur qaror ilovasiga asosan tasdiqlangan yigʻimlar miqdoriga muvofiq qoʻshimcha kelishuvlar tuzilishini taʼminlasin.
Bunda, yigʻim toʻlovchining joylashgan joyidan qatʼiy nazar, tashqi reklama obyekti joylashgan hudud boʻyicha quyidagicha taqsimlansin:
45 foiz — tashqi reklama obyekti (konstruksiyasi) joylashgan (oʻrnatilgan) tuman (shahar) budjetiga;
45 foiz — Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasiga;
10 foiz — “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining viloyat boʻlimiga.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining ajratilgan mintaqalarida joylashgan yer uchastkalarida va inshootlarida tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) uchun oylik toʻlovlarning (yigʻimlarning) 60 foizi miqdorida viloyat moliya boshqarmasi huzuridagi hududiy maqsadli jamgʻarmaga, 40 foizi miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasini rivojlantirish va faoliyatini qoʻllab quvvatlash jamgʻarmasiga yoʻnaltirilishi inobatga olinsin.
4. Viloyat hokimligi matbuot kotibi axborot xizmati (M. Mirzayev) mazkur qarorni “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarida eʼlon qilinishini hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini taʼminlasin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (F. Nasrullayev) va viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari (J. Urakov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi E.Turdimov
Samarqand viloyati,
2020-yil 21-avgust,
79/12-son