Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan hukm
2020-yil avgust oyining 26 kuni, jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Sirgʻali tuman sudi, oʻz binosida, ochiq sud majlisida, raislik qiluvchi — sudya Sh. Yuldashev, sudya yordamchisi M. Rahimovaning kotibligida, taraflardan: davlat ayblovchisi — Toshkent shahar Sirgʻali tuman prokurorining katta yordamchisi B. Akromov, sudlanuvchi K. Ramazonov va uning himoyachisi — advokat A. Xabibullayevning ishtirokida Ramazonov Kudratulla Abduraxmonovichga nisbatan 1-363/20-(1-1011-2005/333)-sonli jinoyat ishini koʻrib chiqdi.
Ish hujjatlariga koʻra:
Ramazonov Kudratulla Abduraxmonovich (Ramazonov Kudratulla Abduraxmonovich), 08.09.1974-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, millati oʻzbek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, maʼlumoti oʻrta, ishsiz, oilali, bir nafar farzandi bor, muqaddam jinoyat ishlari boʻyicha Zangiota tuman sudining 13.10.2006-yilgi hukmiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 276-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan, jazo oʻtalgan,
Toshkent shahri, Sirgʻali tumani, Navroʻz koʻchasi, 66-uyda yashovchi, ish boʻyicha garov ehtiyot chorasi qoʻllanilgan, ayblov xulosasi nusxasini oʻz vaqtida olgan,
Oʻzbekiston Respublikasi JKning 270-moddasi 1-qismi, 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblangan.
Sud, sudlanuvchining koʻrsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini oʻrganib chiqib va ishda mavjud boʻlgan dalillarga baho berib, quyidagilarni aniqladi:
2020-yil 15-may kuni soat taxminan 14:00 da Sirgʻali tumani IIO FMB xodimlar tomonidan “Qora Dori 2020” tadbiri davomida K. Ramazonov istiqomat qilib kelayotgan Sirgʻali tumani, Navroʻz koʻchasi, 66-uy xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda uyning tomorqa maydoniga 37 tup koʻknori va 1 tup nasha oʻsimligini ekib, parvarishlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu oʻsimliklar xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, u 2020-yil bahor oylarida Zangiota tumani, Erkin dahasida joylashgan dala maydonidan “marixuana” giyohvandlik moddasini terib olib, keyinchalik isteʼmol qilish maqsadida yashash manzilida saqlab kelgan.
2020-yil 15-may kuni soat taxminan 11:00 da “Qora Dori 2020” tadbiri doirasida K. Ramazonov istiqomat qilib kelayotgan Sirgʻali tumani, Navroʻz koʻchasi, 66-uy xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda uy mehmonxonasining isitish pechi yonida 3 dona qogʻoz (karton) quti ichida oʻtkir hidli, yashil rangli modda borligi aniqlanib, ushbu modda xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Toshkent shahar IIBB EKMning 16.05.2020-yildagi 2/300-sonli xulosasiga koʻra, K. Ramazonovning xonadonidan olingan 37 tup quritilmagan holdagi oʻsimliklarda narkotik alkaloidlar-morfin, kodein, tebain mavjud boʻlib, bu oʻsimliklar “koʻknori oʻsimligi” ekanligi, quritilmagan holdagi oʻsimlik moddalar tarkibida faol giyohvand modda deb ataluvchi narkotikli oʻsimliklar borligi; bir dona oʻsimlik tarkibida faol giyohvand modda tetragidrakannabinol mavjud boʻlib, bu oʻsimlik “nasha oʻsimligi” deb ataluvchi (rus tilida “konoplya”), oʻzida narkotik modda saqlovchi oʻsimliklarga kirib, “marixuana” va “gashish” narkotik vositalari olishda xomashyo boʻlishi mumkinligi; 3 dona qogʻoz karton qutilari ichidagi quruq holdagi oʻsimlik moddalar tarkibida faol giyohvand modda, tetragidrokannabinol mavjud boʻlib, bu moddalar “marixuana” deb atalishi va “marixuana”ning quruq holdagi umumiy ogʻirligi 557,28 grammga tengligi koʻrsatilgan.
Sirgʻali tuman IIO FMB 5-sonli IIB TB tergovchisining 2020-yil 22-maydagi qarori bilan jinoyat ishining F. Ramazonovaga nisbatan qismi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilgan.
Sud majlisida sudlanuvchi K. Ramazonov aybiga toʻliq iqror boʻlib, oʻz koʻrsatuvlarida 2019-yil oktyabr oylarida Erkin dahasida joylashgan dala maydonida dehqonchilik qilib yurgan vaqtida dala maydonida koʻknori oʻsimligi oʻsib chiqqanligini koʻrib, uning urugʻini terib olganligini va uyiga olib kelib, tomorqa maydoniga sepib qoʻyganligini, ushbu urugʻdan 2020-yil bahor oylarida koʻknori oʻsib chiqqanligini, oyogʻining ichki suyagi sinib, bitishida ogʻriq berib, oyogʻining ogʻrigʻini qoldirish maqsadida oʻzining isteʼmoli uchun koʻknori oʻsimligini ekkanligini, 2020-yil bahor oylarida Erkin dahasida joylashgan ekin dala maydonida yurgan vaqtida dala maydonida nasha oʻsimligi oʻsib turganligini koʻrganligini, nasha oʻsimligining barglarini oʻzining isteʼmoli uchun terib olib, quyoshga qoʻyib quritganligini, nasha oʻsimligi quriganidan soʻng karton qutilarga solib, oʻzi yashab kelayotgan uyiga olib kelib, yashirib qoʻyganligini va ushbu moddani chekish orqali isteʼmol qilib yurganligini, 2020-yil 15-may kuni soat taxminan 14:00 da daladan uyga kelgan vaqtida uyining oldida ichki ishlar xodimlari va ikki nafar xolislar turishgan boʻlganligini, ular uning ishtirokida uyiga kirishib, uyini koʻzdan kechirishganligini, uyining tomorqasida oʻsib turgan 37 tup koʻknori va 1 tup nasha oʻsimligini aniqlashganligini, ularga ushbu moddalar nasha ekanligini aytganligini, ular undan ushbu giyohvandlik moddalari toʻgʻrisida soʻrashganida, ularga ushbu koʻknori oʻsimligi va nasha moddasini oʻzining isteʼmoli uchun yetishtirganligini maʼlum qilganligini, shundan soʻng IIB xodimlari ushbu moddalarni bayonnoma asosida rasmiylashtirib olishganligini, giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda isteʼmol qilganini tan olishini, bu holatdan qattiq pushaymondaligini, kelgusida bunday holat takrorlanmasligini vaʼda qilib, uning sogʻligʻini va oilaviy sharoitini inobatga olib, suddan yengilroq jazo tayinlashni soʻrab, koʻrsatuv berdi.
Yuqoridagilardan tashqari, sudlanuvchi K. Ramazonovning aybi dastlabki tergov va sudda bergan koʻrsatuvlari, hodisa joyini koʻzdan kechirish bayonnomasi va foto-jadval, shaxsiy tintuv va daliliy ashyoni olish bayonnomalari, Toshkent shahar IIB EKMning 16.05.2020-yilgi № 2/300-sonli xulosasi va foto-jadval, sud narkologik ekspertizasining 18.05.2020-yilgi № 411-sonli dalolatnomasi, yuzlashtirish va soʻroq bayonnomalari hamda jinoyat ish boʻyicha toʻplangan boshqa dalillar bilan toʻliq tasdigʻini topdi.
Sud, dastlabki tergov organi tomonidan K. Ramazonovning:
taqiqlangan ekinlarni, yaʼni koʻknor va kannabis oʻsimligini qonunga xilof ravishda yetishtirishda ifodalangan harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi JKning 270-moddasi 1-qismi bilan;
qonunga xilof ravishda giyohvandlik moddalarini koʻp miqdorda saqlashda ifodalangan harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi JKning 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan toʻgʻri kvalifikatsiya qilingan deb hisoblaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 1-sonli qarorining 3-4-bandlarida “Jinoyat kodeksining 8, 54-moddalari mazmuniga koʻra, jazo adolatli boʻlishi — har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarga muvofiq boʻlishi kerak...”, deb koʻrsatilgan.
Sud, sudlanuvchi K. Ramazonovga jazo turi va miqdorini belgilashda uning harakatlarida JKning 56-moddasida nazarda tutilgan jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar mavjud emas deb topib, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini, uning moddiy va oilaviy sharoitini JKning 55-moddasida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida eʼtirof etib, jinoyat qilish sharoiti va sabablarini inobatga olib, unga aybli deb topilayotgan moddalar sanksiyasi doirasida ozodlikni cheklash jazosini tayinlashni lozim topadi.
Sud, jinoyat ishi boʻyicha ashyoviy dalil deb eʼtirof etilib, saqlash uchun № 0017704-sonli kvitansiya asosida Oʻzbekiston Respublikasi DXX MT va XTBga topshirilgan 37 tup koʻknori oʻsimligi, 1 tup nasha oʻsimligi va 557,0 grammga teng “marixuana” giyohvandlik moddasini tegishli tartibda yoʻq qilishni lozim topadi.
Sud, shuningdek, jinoyat ishi boʻyicha ashyoviy dalil deb eʼtirof etilgan 1 dona DVD-diskni jinoyat ishi hujjatlarida qoldirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 421, 454 — 460, 463, 465 — 468, 471 — 473-moddalariga amal qilib, sud hukm qildi:
Ramazonov Kudratulla Abduraxmonovich (Ramazonov Kudratulla Abduraxmonovich) Oʻzbekiston Respublikasi JKning 270-moddasi 1-qismi va 276-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilsin.
K. Ramazonovga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 270-moddasi 1-qismi bilan 1 (bir) yil ozodlikni cheklash jazo tayinlansin.
K. Ramazonovga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 3 (uch) yil ozodlikni cheklash jazo tayinlansin.
K. Ramazonovga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan oʻtash uchun uzil-kesil 3 (uch) yil 6 (olti) oy ozodlikni cheklash jazo tayinlansin.
Ozodlikni cheklash jazosini Toshkent shahri, Sirgʻali tumani, Navroʻz koʻchasi, 66-uyda soat 22:00 dan 06:00 ga qadar oʻtash belgilansin.
K. Ramazonovga hukm qonuniy kuchga kirgandan soʻng:
yashash va ish joyini hukmning ijrosini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz oʻzgartirmaslik;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqmaslik;
giyohvandlik vositalarini yetishtirmaslik va ularga egalik qilmaslik taqiqlari yuklatilsin.
Ozodlikni cheklash muddati mahkum jazoni ijro etish inspeksiyasida hisobga qoʻyilgan kundan boshlab hisoblansin.
K. Ramazonovga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 481-moddasi 5 va 6-qismlari talablari tushuntirilsin.
Hukm ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar Sirgʻali tuman IIO FMB zimmasiga yuklatilsin.
K. Ramazonovga nisbatan qoʻllanilgan garov ehtiyot chorasi hukm qonuniy kuchga kirgach, bekor qilinsin va garov tariqasida topshirilgan 20.000.000 soʻm garovga qoʻyuvchi Abduraxmonov Xikmatjon Kudratilla oʻgʻliga qaytarilsin.
Jinoyat ishi boʻyicha ashyoviy dalil deb eʼtirof etilib, saqlash uchun № 0017704-sonli kvitansiya asosida Oʻzbekiston Respublikasi DXX MT va XTBga topshirilgan 37 tup koʻknori oʻsimligi, 1 tup nasha oʻsimligi va 557,0 grammga teng “marixuana” giyohvandlik moddasi tegishli tartibda yoʻq qilinsin.
Jinoyat ishi boʻyicha ashyoviy dalil deb eʼtirof etilgan 1 dona DVD-disk jinoyat ishi hujjatlarida qoldirilsin.
Hukmdan norozi taraflar hukm eʼlon qilingan kundan, sudlanuvchi hukm nusxasini olgan kundan boshlab, oʻn sutka ichida jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining apellatsiya instansiyasiga, hukm qonuniy kuchga kirgandan soʻng jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining kassatsiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkin.
Raislik qiluvchi: Sh. Yuldashev