Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO SAVDO OBYEKTLARI RESPUBLIKA KOMPLEKSINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 21-fevraldagi Farmoniga, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 26-martdagi 147-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. XXYUK hududi tarkibida:
“OʻZEKSPOMARKAZ” savdo-koʻrgazma-markazi,
“OʻZAXBOROTTIJORATMARKAZ” axborot-tijorat markazi,
Keyingi tahrirga qarang.
“OʻZBIZNESMARKAZ” amaliy hamkorlik markazi boʻlgan Xalqaro savdo obyektlarining respublika kompleksi tashkil etilsin.
2. Xalqaro savdo obyektlarining respublika kompleksi tashkil etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi XXYUK tugatilsin.
XXYUK hududi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga foydalanish uchun berilsin va u hududda joylashgan hamda XXYUK hisobida boʻlgan mol-mulk, binolar, inshootlar va muhandislik tarmoqlarining huquqiy vorisi etib belgilansin.
XXYUK (oʻrtoq Lukovskiy) uch kun muddat ichida tugatish komissiyasini tuzsin, XXYUK hududida joylashgan va u yerdagi binolarni ijaraga olgan barcha tashkilotlarni, kreditorlar hamda debitorlarni XXYUKning tugatilishi va shartnomalarning bekor qilinishi toʻgʻrisida xabardor qilsin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov) uch kun muddat ichida XXYUK mol-mulkini qabul qilib olish boʻyicha komissiya tuzsin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov), XXYUK (oʻrtoq Lukovskiy) bir oy muddat ichida binolar va inshootlarni ularga xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan fondlar, limitlar va mablagʻlar bilan birga qabul qilish-topshirishni amalga oshirsinlar.
3. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov) bir oy muddat ichida XXYUKning ishlab turgan pavilyonlari negizida “OʻZEKSPOMARKAZ” savdo-koʻrgazma markazini, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining xoʻjalik hisobidagi “Oʻzaxborottex” tashqi iqtisodiy firmasi negizida “OʻZAXBOROTTIJORATMARKAZ” axborot-tijorat markazini tuzishga doir taʼsis hujjatlarini tayyorlasin va tasdiqlasin.
4. Belgilansinki, XXYUK negizida tuzilgan “OʻZEKSPOMARKAZ” savdo-koʻrgazma markazi:
1992-yilda — XXYUKga har yili ajratiladigan limitlar doirasida budjet mablagʻlari hisobiga;
1993-yil yanvardan boshlab manfaatdor vazirliklar, konsernlar va birlashmalarning hissabay qatnashuvlari hisobiga taʼminlanadi.
“OʻZEKSPOMARKAZ” quyidagilarni tashkil etishni taʼminlaydi:
respublika xalq xoʻjaligi tarmoqlaridagi yuqori samarali ilmiy-texnika ishlanmalari natijalarini koʻrsatishni va ularni ishlab chiqarishga joriy etishga koʻmaklashishni, ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlarini, texnikaning eng yaxshi namunalarini va ilgʻor tajribani targʻib qilishni;
eng muhim ilmiy-texnika, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar boʻyicha tarmoqlararo, biror mavzuga bagʻishlangan koʻrgazmalar va koʻriklar, yarmarkalar va kimoshdi savdolarini;
xalqaro va xorijiy koʻrgazmalarni, shu jumladan, tijorat asosida, shuningdek, chet elda respublika koʻrgazmalari va yarmarkalarini.
5. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “Oʻzaxborottex” firmasi negizida tashkil etiladigan “OʻZAXBOROTTIJORATMARKAZ” axborot-tijorat markazi axborotlar uzatishning eng yangi texnologiyalari asosida quyidagilarni taʼminlaydi:
tashqi iqtisodiy faoliyatning maxsus axborot-maʼlumotnoma fondlarini tashkil etishni;
jahon va respublika axborot manbalariga kirib borishni taʼminlash uchun Xalqaro savdo obyektlari Respublika kompleksida telekommunikatsiya tizimlarini tashkil etish, joriy qilish va ulardan foydalanishni;
respublikada tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida elektron vositasida axborot almashishning birxillashtirilgan tizimini joriy qilishni;
xalqaro savdo kompleksi obyektlarining texnika vositalarini xoʻjalik ichida almashish va ularga xizmat koʻrsatishni;
mahalliy va chet el valyutasi va tovar birjalarining operativ maʼlumotlarini muntazam ravishda berib turish, axborotnomalarni va tovarlar hamda koʻrsatiladigan xizmatlar uchun jahon narxlarining muomala maʼlumotnomalarini nashr etishni.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov) maxsus bino qurilishi tugallangungacha XXYUK hududida joylashtirish uchun zarur boʻlgan binolarni “OʻZAXBOROTTIJORATMARKAZ” axborot-tijorat markaziga vaqtincha foydalanish uchun bersin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Belgilansinki, “OʻZBIZNESMARKAZ” amaliy hamkorlik markazi uchun XXYUK hududida bino va inshootlar tizimi quriladi, ularga quyidagilar joylashtiriladi:
Toshkent xalqaro paxta birjasi;
savdo-vakillik ofislari;
xorijiy banklarning filiallari;
reklama va servis xizmatlari;
xalqaro simpoziumlarni oʻtkazish uchun konferens-zallar;
Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining va tashqi savdo birlashmalarining hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi firmalarining boʻlinmalari;
birinchi klass mehmonxonalar, restoranlar va kafelar, savdo rastalari.
7. XXYUK hududidagi yangi qurilishni mablagʻ bilan taʼminlash “Turekzimbank” va tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki kreditlari hisobiga, Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 29-avgustdagi 316-f-son farmoyishiga muvofiq, oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash shartlari boʻyicha amalga oshiriladi.
8. Xalqaro savdo kompleksi obyektlari qurilishi boʻyicha buyurtmachi etib Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, bosh loyihachi etib “TashNIIPIgenplan” belgilansin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan tuzilgan bitimga koʻra obyektlar qurilishi boʻyicha bosh pudratchi etib Turkiyaning “Yuksel Inshaat” qurilish firmasi, subpudratchi tashkilotlar etib “Toshkentboshqurilish” va Oʻzbekiston Respublikasi Montaj va maxsus qurilish ishlari vazirligi belgilandi.
9. Toshkent shahar hokimligi (oʻrtoq Fozilbekov):
ikki hafta muddat ichida ilgari ajratilgan, lekin boshqa idoralar tomonidan oʻzlashtirilmagan maydonlarni jalb qilishni hisobga olgan holda Xalqaro savdo obyektlarining Respublika kompleksini joylashtirish uchun yangi chegaralarni birkitib qoʻysin;
bir oy muddat ichida Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining Oʻzbekistonda akkreditatsiya qilingan savdo vakolatxonalarining turar joy kompleksi qurilishi uchun Yunusobod tumanidagi Kaymakov va Mirzaahmedov koʻchalari chegaralarida 4—5 gektar yer maydoni ajratsin.
10. “TashNIIPIgenplan” instituti (oʻrtoq Odilxoʻjayev) Turkiyaning “Yuksel Inshaat” firmasi bilan birgalikda xorijiy davlatlarning savdo vakolatxonalari turar joy kompleksi uchun qurilishini 1993-yilda nihoyasiga yetkazishni taʼminlaydigan uning loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlasin.
11. Toshkent viloyati hokimligi (oʻrtoq Saydaliyev) XXYUK hududidan gʻisht zavodini koʻchirish uchun Binokorlik materiallari sanoati vazirligiga ikki hafta muddat ichida yer maydoni ajratsin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov) Binokorlik materiallari sanoati vazirligiga XXYUK hududidan gʻisht zavodini koʻchirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning qoldiq balans boʻyicha qiymatini yiliga 30 mln donagacha gʻisht ishlab chiqaradigan gʻisht zavodi komplektini import boʻyicha yetkazib bergan holda toʻlasin.
12. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, buyurtmachi sifatida, Xalqaro savdo obyektlarining respublika kompleksi qurilishi boʻyicha direksiyasi quyidagilardan ozod qilinsin:
import qilinadigan uskunalar va materiallar uchun bojxona soliqlari va boj toʻlashdan;
Toshkent shahrining muhandislik kommunikatsiyalarini rivojlantirishda ulush qoʻshib qatnashishdan.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Xalqaro savdo obyektlarining respublika kompleksiga kiruvchi tashkilotlar foyda eʼlon qilingan kundan boshlab daromad, mol-mulk soliqlari toʻlashdan, valyuta ajratmalaridan uch yilga ozod qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Energetika va elektrlashtirish vazirligi (oʻrtoq Toshpoʻlatov), Aloqa vazirligi (oʻrtoq Rahimov) energiya va issiqlik taʼminoti, tashqi muhandislik kommunikatsiyalari qurishda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga amaliy yordam koʻrsatsinlar.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Qarorning qanday amalga oshirilayotgani 1993-yil yanvarda Vazirlar Mahkamasi majmuining majlisida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 16-sentabr,
433-son