Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
KOMMUNAL XIZMATLAR TARIFLARINING ASOSSIZ RAVISHDA OʻSIB KETISHIGA YOʻL QOʻYMASLIK HAMDA ULAR UCHUN OʻZ VAQTIDA VA TOʻLIQ HISOB-KITOB QILINISHI UCHUN ISTEʼMOLCHILARNING MASʼULIYATINI OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Kommunal xizmatlar uchun isteʼmolchilarning oʻz vaqtida va toʻliq hisob-kitob qilish mexanizmini takomillashtirish va masʼuliyatini oshirish, tariflarning asossiz ravishda oʻsib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek kommunal tarmoqlardan foydalanish, ularni texnik jihatdan zamonaviylashtirish va qayta jihozlash, kommunal xizmat koʻrsatish korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PF-140-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2022-y., 06/22/140/0450-son)
2. Belgilab qoʻyilsinki:
barcha yuridik shaxslar — kommunal xizmatlar isteʼmolchilari isteʼmol qilingan kommunal xizmatlar uchun kalendar oy tamom boʻlgandan keyin 30 kun mobaynida toʻliq hisob-kitob qilishlari shart;
shartnomada belgilangan muddatlardan oʻtib ketgan har bir kun uchun yuridik shaxslardan muddati oʻtkazib yuborilgan summaning 0,4 foizi, aholidan esa 0,1 foizi miqdorida, ammo 50 foizdan oshmaydigan mikdorda, penya qoʻshib undiriladi. Olingan penya summalari kommunal xizmat koʻrsatish korxonalarini zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash uchun toʻliq va maqsadli foydalaniladi;
kommunal xizmatlar uchun oʻz vaqtida haq toʻlamagan isteʼmolchilar oʻrnatilgan tartibda ushbu manbalardan uzib qoʻyiladi;
gaz va suv tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib olgan, elektr energiyasi, tabiiy gaz, sovuq va issiq suv, issiqlik energiyasini hisobga olish asboblariga qasddan shikast yetkazgan, shuningdek hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashishga yoʻl qoʻygan qoida buzuvchilar qonunchilikka muvofiq to jinoiy javobgarlikkacha tortiladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, 2005-yil 1-iyuldan boshlab uy-joylar ichidagi suv oʻtkazgichlari, kanalizatsiya, issiqlik, elektr tarmoqlari va qurilmalarga texnik xizmat koʻrsatish xarajatlari koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan uy-joy mulkdorlarining mablagʻlari hisobidan qoplanadi va, tegishli ravishda, sovuq suv, issiqlik va elektr energiyasi yetkazib beruvchi korxonalarning xarajatlariga kiritilmaydi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PF-140-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2022-y., 06/22/140/0450-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 1-noyabrdagi 511-son qaroriga muvofiq 2005-yil 1-yanvardan boshlab olingan kommunal xizmatlar uchun aholi tomonidan haq toʻlash isteʼmolchilarning ixtiyoriga koʻra barcha tijorat banki boʻlimlari va toʻlovlarni qabul qilish kassalari orqali cheklovlarsiz amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari va kommunal xizmatlar koʻrsatish korxonalariga ular tomonidan koʻrsatilgan kommunal xizmatlar, shu jumladan uy-joylarning majburiy dastlabki toʻlovni amalga oshirish uchun aholidan naqd pul mablagʻlarini kassalarni chetlab mustaqil yigʻish taqiqlansin.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.H. Toʻxtayev Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzkommunxizmat” Agentligi, “Oʻzbekenergo” DAK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa manfaatdor idoralar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni puxta koʻrib chiqsin va ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda uy-joy mulkdorlari va undan foydalanuvchilarning kommunal xizmatlar haqini, uy-joylardan foydalanish va saqlash xarajatlarini oʻz vaqtida toʻlash uchun javobgarligi masalalariga alohida eʼtibor qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Uy-joy mulkdorlari va undan foydalanuvchilar tuzilgan shartnomalarga muvofiq, kommunal xizmat, uy-joylarni saqlash xarajatlarini toʻlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi va boshqa qonun hujjatlari talablarini qoʻpol ravishda buzgan hollarda shahar va tumanlarning hokimliklari kommunal xizmat koʻrsatuvchilar yoki koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining taqdimnomasiga muvofiq, toʻlanmagan qarzlarni aybdor shaxslardan belgilangan tartibda undirib olish toʻgʻrisida fuqarolik sudlariga daʼvo arizalari kiritsinlar.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” Davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda boʻsh turgan egasiz uy-joylarni aniqlash, hisobga olish va davlat mulkiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlarning hokimliklari boʻsh yotgan uy-joylarni uch oy muddatda xatlab qoʻysinlar.
Boʻsh yotgan egasiz uy-joylar aniqlanganida ularni belgilangan tartibda davlat mulkiga oʻtkazish uchun sudga murojaat etish maqsadida ularni hisobga olib qoʻyish taʼminlansin;
olti oydan ortiq kommunal xizmatlar va uy-joydan foydalanish xarajatlari uchun haqi toʻlanmagan boʻsh yotgan uy-joylar aniqlangan taqdirda qonunchilikka muvofiq uy-joy mulkdorlarining muayyan javobgarligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun fuqarolik sudlariga daʼvo arizalari kiritilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda sud organlari ushbu qaror ijrosi boʻyicha qabul qilgan qarorlarni sud ijrochilari tomonidan ijro etish tartibi toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
uy-joy kommunal sohasidagi normativ-huquqiy boshqarish avvalo qonun hujjatlari bilan amalga oshirilishini nazarda tutgan holda tegishli idoraviy normativ hujjatlarni tanqidiy qayta koʻrib chiqsin va ularni keskin kamaytirish hamda tartibga keltirish choralarini koʻrsin;
amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 11-fevral,
PQ-5-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 5-6-son, 31-modda; 45-son, 337-modda; 2007-y., 11-son, 95-modda; 2013-y., 36-son, 477-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2022-y., 06/22/140/0450-son; 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)