O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Yer resurslari va davlat mulki obyektlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Yer uchastkalaridan, ayniqsa sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanish, respublikaning turistik tumanlarida davlat mulki obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2020-yil 1-noyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi bilan berilgan quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi:
a) yer solig‘i bo‘yicha quyidagilar tomonidan egallangan yer uchastkalari:
sog‘lomlashtirish hamda dam olish joylari, xususan dam olish uylari;
aholining ommaviy dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan bo‘lsa;
sanatoriy-kurort obyektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa;
b) mol-mulk solig‘i bo‘yicha sanatoriy-kurort xizmatlari ko‘rsatish uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulk obyektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga turistik zonalarda alohida sanatoriy-kurort obyektlari egallagan yerlar uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining kamaytirilgan stavkalarini qo‘llash yoki ushbu soliqlarni to‘lashdan ozod qilish vakolati berilsin.
Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish bo‘yicha qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-99-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda foydalanilmayotgan sog‘lomlashtirish va rekreatsion yer maydonlari uchun oshirilgan soliq stavkalarini qo‘llash mexanizmi bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-sentabrga qadar budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi miqdori 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, ularning tarkibiy bo‘linmalariga tegishli bo‘lgan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq idoraviy dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa obyektlarni (bolalar dam olish lagerlaridan tashqari) belgilangan tartibda xususiy sektorga sotish bo‘yicha taklif kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda respublikaning boshqa hududlarida joylashgan shunga o‘xshash obyektlarni xususiy sektorga sotish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2021-yil uchun Davlat budjeti loyihasini tayyorlashda respublikaning turistik zonalaridagi alohida yer uchastkalari, shu jumladan jismoniy shaxslar foydalanishida bo‘lgan 1 gektardan ortiq yer uchastkalari uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer solig‘ining 3 baravarigacha oshirilgan stavkasini belgilash imkoniyatini ko‘zda tutsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5978-son Farmoni 4-bandining “v” kichik bandidagi “foydalanilmayotgan” so‘zi “yuridik yoki jismoniy shaxs o‘z faoliyatini koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun kiritilgan cheklov choralari tufayli to‘xtatishga majbur bo‘lgan hollarda, foydalanilmayotgan” so‘zlari bilan almashtirilsin.
6. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-iyul,
PF-6027-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 06/20/6027/1071-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)