Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qozogʻiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasalari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi hamda Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikni yanada jadallashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va qonuniy erkinliklarini himoya qilish boʻyicha dolzarb masalalarni soʻzsiz bajarishni taʼminlash hamda ularga oʻz vaqtida va sifatli konsullik-huquqiy yordamni koʻrsatish maqsadida, shuningdek, xorijiy muassasalar faoliyatini bosqichma-bosqich takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amaliy amalga oshirishdagi ishlar doirasida:
1. 2018-yilning 1-mayidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi elchixonasi shtat jadvaliga qoʻshimcha ravishda (1 nafar) savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi, (1 nafar) ikkinchi sekretar, shuningdek, (1 nafar) mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha attashe lavozimlari kiritilsin.
2. Almati va Aktau shaharlarida umumiy shtatlar soni tegishli ravishda 5 nafar va 4 nafar boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligi taʼsis etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi elchixonasi, Almati shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligi hamda Aktau shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligining shtat jadvali, shuningdek, konsullik muassasalarining taʼminoti xarajatlari smetasi 1 — 5-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi elchixonasi, Almati shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligi hamda Aktau shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligining 2018-yildagi taʼminoti xarajatlari smetasini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
shtat jadvallariga kiritiladigan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi elchixonasiga, shuningdek, taʼsis etilayotgan Almati shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligi hamda Aktau shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligiga, ularning taʼminoti uchun 2018-yilda mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi elchixonasiga qoʻshimcha bir dona avtomobilni, Almati shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligiga — toʻrt dona avtomobil, Aktau shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligiga — uch dona avtomobil taʼminoti uchun limit ajratsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi:
belgilangan tartibda diplomatik kanallar orqali Qozogʻiston Respublikasining vakolatli organlari bilan Almati shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligi va Aktau shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligini taʼsis etish hamda faoliyat yuritish masalalarini kelishib olsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi elchixonasini Almati shahridan Astana shahriga bosqichma-bosqich koʻchirish, shuningdek, yangidan taʼsis etilayotgan Almati shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligi va Aktau shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulligining faoliyatini tashkil etish boʻyicha zarur tashkiliy va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
mutasaddilik qilish yoʻnalishlari boʻyicha, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan fuqarolarga mehnat migratsiyasi va huquqiy yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha ishlarni kuchaytirish zaruriyatini hisobga olgan holda yuqorida koʻrsatilgan xorijiy muassasalarni TIV hamda respublikaning boshqa masʼul vazirlik va idoralarining malakali mutaxassislari bilan butlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi Kotibi V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vaziri A. Komilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-aprel,
PQ-3664-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi PQ-3664-sonli qaroriga
6-ILOVA
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijdagi Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2013-yil 24-dekabrdagi PQ-2095-sonli qarorining 2-ilovasidagi “Oylik maoshi miqdori (AQSh dollarida)” grafasi 40-pozitsiyasidagi “2750” raqami “4150” raqami bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy mamlakatlardagi Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari shtat jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2007-yil 29-dekabrdagi PQ-765-sonli qarorining 6-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2018-y., 07/20/3664/0865-son)