Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Yirik, kichik va mikrogidroelektrostansiyalarni loyihalash va qurish sohasida zamonaviy va ilmiy-texnika innovatsion yechimlarni joriy etish, shuningdek, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini istiqbolda yaqin va uzoq xorij mamlakatlar bozorlariga olib chiqish bilan birga investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish va ularning faoliyati samaradorligini oshiruvchi “Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkilotlarining mustahkam moddiy-texnika bazasini yaratish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi toʻgʻrisida” 2017-yil 2-maydagi PQ-2947-sonli qaroriga muvofiq umumiy qiymati 4.0 mlrd. AKSH dollari miqdoridagi kichik va oʻrta GESlar qurilishi va modernizatsiya qilinishi boʻyicha 74 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
2. “Oʻzbekgidroenergo” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Oʻzbekgidroenergo” AJ va uning ulushi mavjud boʻlgan korxonalar (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkilotlari) ekvivalentining umumiy miqdori 60 million AQSH dollari boʻlgan gidroenergetikani yanada rivojlantirish va yangi yuqori voltlik elektr uzatish liniyalarini qurish boʻyicha investitsiya loyihalarini sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun zamonaviy ixtisoslashtirilgan va texnologik uskunalar, asboblar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar, litsenziyali dasturiy mahsulotlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni xarid qilish orqali tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yangilash va mustahkamlash hamda investitsiya loyihalarini, shu jumladan tizimdagi korxonalar bazasida gidroagregatlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish loyihasini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-iyuldagi PQ-252-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.07.2024-y., 07/24/252/0523-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi “Turonbank” ATBga 60,0 mln. AKSH dollari ajratsin, mazkur mablagʻlar belgilangan tartibda sotilsin va kelib tushgan mablagʻlar “Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkilotlariga keyinchalik kredit liniyalarini ochish uchun bankning ustav kapitalini oshirishga yoʻnaltirilsin.
4. “Turonbank” ATBga “Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkilotlarining buyurtmasiga koʻra ular tomonidan ishlab chiqilgan biznes-reja asosida va “Oʻzbekgidroenergo” AJ kafilligida moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida foiz stavkasi “olti oylik LIBORga qoʻshimcha yillik 2 foiz” miqdorda, jumladan 3 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda 10 yil muddatgacha xorijiy valyutaga kredit liniyalarini ochish tavsiya etilsin.
5. Belgilansinki, kredit liniyalari hisobiga “Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga oid ishlab chiqilgan biznes-rejalar “Oʻzbekgidroenergo” AJnpng sohaviy ilmiy-texnika kengashida, ularni amalga oshirish doirasida tuziladigan import kontraktlari esa — belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy loyiha boshqaruv agentligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida majburiy ekspertizadan oʻtkazilishi lozim.
6. 2020-yilning 1-martigacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan. belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha “Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkilotlari tomonidan olib kelinadigan zamonaviy ixtisoslashtirilgan va texnologik uskunalar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar, litsenziyali dasturiy mahsulotlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
7. “Oʻzbekgidroenergiya” AJ tashkilotlariga gidroenergetikani yanada rivojlantirish va yangi yuqori voltlik elektr uzatish liniyalarini qurish boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida ishlab chiqaruvchi-zavodlar, ularning rasmiy vakillari, xalqaro eʼtirof etilgan yetkazib beruvchilar bilan birga tender savdolari oʻtkazmasdan zamonaviy ixtisoslashtirilgan va texnologik uskunalar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar, litsenziyali dasturiy mahsulotlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini xarid qilishga, keyinchalik belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy loyiha boshqaruv agentligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida tuzilgan shartnomalarni majburiy ekspertizadan oʻtkazish bilan birga eng yaxshi takliflarni saralab olish asosida loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
8. “Oʻzbekgidroenergiya” AJning oʻz mablagʻlari hisobiga gidroenergetika soha xodimlariga, avvalo yoshlarga kulay ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish va yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida Toshkent shahrida koʻp qavatli uylar qurish (150 ta xonadondan kam boʻlmagan) toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
9. Toshkent shahri hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir hafta muddatda “Oʻzbekgidroenergo” AJning asoslangan buyurtmanomasiga koʻra koʻp qavatli uylar qurilishi uchun yer maydoni ajratilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R. Xolmurodov va “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi A.A. Sanginov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-fevral,
PQ-3540-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2020-y., 07/20/3540/0930-son; 18.07.2024-y., 07/24/252/0523-son)