Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi ayrim tashkilotlarning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-apreldagi PQ-4699-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-apreldagi PQ-4699-son qaroriga muvofiq “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” va “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasalari (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) tashkil etilganligi va ularning asosiy vazifalari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Markazlarning asosiy vazifalaridan kelib chiqqan holda:
a) “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining funksiyalari etib quyidagilar belgilansin:
Keyingi tahrirga qarang.
elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirishda yagona texnologik yondashuvni taʼminlash, shu jumladan loyihaviy-texnik hujjatlarni kompleks ekspertizadan oʻtkazish;
axborot texnologiyalaridan foydalanishning samaradorligi va elektron davlat xizmatlarini joriy etishni tahlil qilish orqali davlat organlari va tashkilotlarida raqamli rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarga uslubiy-amaliy yordam koʻrsatish;
davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomining idoralararo yagona elektron tizimini, idoralararo axborot tizimlarini, manbalar va boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etish;
elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi loyihalarni samarali amalga oshirish uchun normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bosqichlarini muvofiqlashtirish, shuningdek davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida axborot texnologiyalarining joriy etilishini monitoring qilish va baholash;
elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha maqsadli indikatorlar va samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish;
elektron hukumat infratuzilmasini yanada rivojlantirishni taʼminlash, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, davlat xizmatlari va boshqa elektron hukumat axborot tizimlari xizmatlarini koʻrsatganlik uchun toʻlangan davlat boji va yigʻimlar miqdorini hisobga olishning yagona billing tizimini rivojlantirish;
Keyingi tahrirga qarang.
b) “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasining funksiyalari etib quyidagilar belgilansin:
Keyingi tahrirga qarang.
har tomonlama tahliliy va amaliy tadqiqotlar asosida raqamlashtirish jarayonlarining ishlab chiqarish va iqtisodiyot tarmoqlariga taʼsirini baholash hamda kelgusida mamlakat iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasini kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
davlat organlari va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatida raqamli iqtisodiyotni keng joriy etishda yuzaga keladigan muammolarni oʻrganish, tahlil qilish va ularning yechimlari boʻyicha har tomonlama asoslangan takliflar tayyorlash;
ekspertlar hamjamiyati bilan birgalikda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatiga raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohalaridagi yangi yoʻnalish va zamonaviy texnologiyalarni chuqur oʻrganish orqali keng joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanganlik darajasi boʻyicha yetakchi mamlakatlar tajribasini oʻrganish hamda ularni davlat organlari, tashkilotlar va iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etish yuzasidan takliflar tayyorlash;
“aqlli” va boshqa istiqbolli texnologiyalarni, shuningdek iqtisodiyotning turli sohalarida katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlash texnologiyalarini joriy qilishning konseptual va uslubiy asoslarini shakllantirish;
raqamli texnologiyalarni joriy etishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-texnik va tadqiqot faoliyatini amalga oshirishga asoslangan elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollarini ishlab chiqish;
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriga Markazlarning tuzilmalariga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Binolardan foydalanish va kapital qurilish direksiyasi” (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) va uning tizimidagi tashkilotlarning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlariga buyurtmachi vazifasini bajarish;
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlik va uning tarkibidagi tashkilotlarning bino va inshootlaridan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish;
Vazirlik va uning tarkibidagi tashkilotlarni transport xizmati bilan taʼminlash hamda ularning moddiy-texnik taʼminotini tashkil qilish.
5. Quyidagilar:
a) Markazlarning faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisob raqamiga tushgan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) Direksiyaning faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Vazirlik tizimidagi tashkilotlar mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyatidan olingan mablagʻlar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Belgilansinki, Markazlar va Direksiya xodimlarining mehnatini moddiy ragʻbatlantirish, Vazirlik bilan kelishilgan holda, Markazlar va Direksiya tomonidan tasdiqlanadigan tegishli nizomlarga muvofiq xarajatlar smetalari doirasida amalga oshiriladi.
Bunda, Markazlar va Direksiya xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizomlarda ularning lavozim maoshlariga 100 foiz qoʻshimcha oylik ustama qoʻllanilishi nazarda tutiladi.
7. Vazirlik:
bir oy muddatda Markazlarning va Direksiyaning ustavlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek ularning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Markazlarni va Direksiyani zarur mutaxassislikka ega tajribali kadrlar bilan toʻldirish, shuningdek ularning moddiy-texnika bazasini shakllantirish choralarini koʻrsin.
8. Vazirlik va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Toshkent shahar, Mirobod tumani, Nukus koʻchasi, 22, 22a va 24-uy manzillarida joylashgan binolarni (Liter 0001 va Liter 0003 toʻliq, Liter 0002 ning yertoʻla hamda 1-qavati) tegishlicha “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” va “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasalariga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-dekabrdagi 356-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 12-son, 87-modda) bilan tasdiqlangan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 5-bandining “b” kichik bandiga quyidagi mazmundagi yigirma oltinchi xatboshi qoʻshilsin:
“elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish maqsadida “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” va “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasalarining joriy taʼminoti, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularning xodimlari mehnatini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha ajratiladigan xarajatlar hamda “Binolardan foydalanish va kapital qurilish direksiyasi” davlat muassasasi faoliyatini moliyalashtirish”.
10. Vazirlik boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov hamda Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-iyun,
409-son
Vazir Mahkamasining 2020-yil 25-iyundagi 409-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining
TUZILMASI
Markaz xodimlarining umumiy cheklangan soni (yordamchi xodimlardan tashqari) — 120 nafar.
Yordamchi xodimlar soni qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazir Mahkamasining 2020-yil 25-iyundagi 409-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasining
TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Markaz xodimlarining umumiy cheklangan soni (yordamchi xodimlardan tashqari) — 30 nafar.
Yordamchi xodimlar soni qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.