Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-164-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yurtimiz azaldan islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Axror Valiy, Muxammad Xorazmiy, Axmad Fargʻoniy, Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy va boshqa koʻplab allomalar nomi nafakat islom, ayni vaktda jaxon sivilizatsiyasi tarixida haqli ravishda oltin harflar bilan bitilgan.
Mustaqillik sharofati oʻlaroq diniy va milliy qadriyatlarimiz toʻlaligicha tiklandi, ulugʻ ajdodlarimizning xotiralariga munosib ehtirom koʻrsatildi, ular koldirgan diniy-ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy merosni oʻrganish uchun imkoniyatlar yaratildi.
Oʻzbekistonda diniy taʼlim tizimi oʻzining koʻp asrlik va boy anʼanalariga ega. Samarkand, Buxoro, Xiva, Toshkent madrasalari oʻrta asrlarning universitetlari vazifasini bajargan. Oʻrta asrlardayoq Buxoro oʻzining madrasalari va ulamolari bilan shuhrat qozongan va haqli ravishda “Islom olamining quvvati” unvoniga sazovor boʻlgan.
Musulmon renessansi, yaʼni ilmiy-maʼrifiy uygʻonish davriga asos solgan ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungi kunda ham maʼrifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy merosini oʻrganish, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, ular yaratgan ilmiy yoʻnalishlar va maktablar anʼanalarini davom ettirish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.
Ayni paytda, shiddat bilan oʻzgarib borayotgan zamon muqaddas islom dini ahkomlarini notoʻgʻri talqin qilish, ularni soxtalashtirish yoʻli bilan turli fitna va buzgʻunchiliklar sodir etilayotgani dinimizning sofligini saqlash, uning tinchlik va insonparvarlikdan iborat asl mohiyatini jamiyat aʼzolari va ayniksa yoshlarga yetkazishga qodir, yuqori darajada ilmiy va diniy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashni taqozo qilmoqda.
Respublikada faoliyat olib borayotgan oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarini yuqori malakali ilmiy kadrlar bilan taʼminlash, tayyorlanayotgan mutaxassislarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirish, qurʼonshunoslik, tafsir va fiqh, hadisshunoslik, kalom ilmi yoʻnalishlari boʻyicha magistrlarni, yetuk ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish maqsadida:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining Oʻzbekiston Islom akademiyasini (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilaisinki, Akademiya Oʻzbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi diniy va dunyoviy taʼlim beruvchi nodavlat taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Islom akademiyasining tuzilmasi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Akademiya rektori, zarur xollarda, muassis tomonidan belgilangan xodimlarning umumiy soni doirasida Akademiyaning tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega ekanligi qayd etilsin.
3. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari etib belgilanishi inobatga olinsin:
“Qurʼonshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisligi boʻyicha magistrlarni, shuningdek ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
islom dinining, Qurʼoni karim va xadis ilmining asl mohiyatini, fikh, hadisshunoslik maktabining ilmiy-maʼnaviy asoslarini har tomonlama teran oʻrganish va tadqiq qilish;
islom dinining asl mohiyatini, uning bashariyatni ezgulikka eltuvchi din ekanligini ilmiy asoslangan holda teran oʻrganish hamda targʻib etish;
islom dini sohasidagi dolzarb mavzular boʻyicha xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etish;
mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan va xorijiy oliy diniy taʼlim muassasalari xamda boshqa tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilish;
kadrlar tayyorlash jarayoniga yetuk mutaxassislar va oʻqituvchilarni jalb kilish orqali ilm-fan va taʼlimning oʻzaro integratsiyasini chuqurlashtirish;
ilmiy tadqiqotlar natijalari boʻyicha diniy-maʼrifiy, maʼnaviy-axloqiy yoʻnalishlardagi ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish;
islom olamida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalarga oid ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazish;
ilmiy-tadqiqotlarning yoʻnalishlari va mavzularini belgilash, xalqaro tadbirlarda ishtirok etish, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil qilish, ilmiy merosni oʻrganish ishlarida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish.
4. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining taklifiga muvofiq quyidagilar:
Akademiya magistraturasiga (keyingi oʻrinlarda magistratura deb ataladi) oliy taʼlim muassasalarining kamida bakalavr darajasi diplomiga ega boʻlgan, Akademiyada tayyorlanadigan mutaxassisliklar ixtisosligiga mos keladigan yoʻnalishlarni bitirgan Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari qabul qilinishi;
2018/2019 oʻquv yilida va keyingi yillarda magistraturaga qabul qilish Respublika oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha belgilangan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshirilishi;
magistraturada oʻqish muddati ikki yil hisoblanib, u kunduzgi taʼlim shaklida olib borilishi;
Akademiyada yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablari asosida amalga oshirilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
magistraturaga 2018/2019 oʻkuv yili uchun qabul kvotasi jami 16 ta oʻrin etib hamda keyingi yillar uchun qabul kvotasini shakllantirish ushbu sohadagi talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda Akademiya muassisi tomonidan belgilanishi nazarda tutilsin.
5. Belgilansinki, magistratura bitiruvchilariga beriladigan davlat namunasidagi diplom Oʻzbekiston Respublikasida oliy diniy taʼlim sohasidagi tegishli mutaxassisliklar boʻyicha magistrlik darajasini beruvchi oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat deb eʼtirof etiladi.
6. Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga:
Akademiyaning ustavi, magistratura taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat taʼlim standartlari, oʻquv jarayonini sifatli tashkil etish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda jahondagi ilgʻor ijobiy tajribani atroflicha oʻrganish, tahlil etish va amaliyotga joriy qilish;
Akademiya magistraturasi mutaxasisliklarida oʻqishni davom ettirishi mumkin boʻlgan mos bakalavr yoʻnalishlari roʻyxatini belgilab berish;
Akademiyaning ilmiy-pedagog kadrlari tarkibini asosan mamlakatimizdagi oliy taʼlim va ilmiy-tadkiqot muassasalarida hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat koʻrsatayotgan, shu jumladan, xorijiy taʼlim (ilmiy) muassasalarida malakasini oshirib kelgan, yuqori saviyali professor-oʻkituvchilar va ilmiy xodimlar, shuningdek, sohaning salohiyatli yetuk mutaxassislari ― amaliyotchilardan shakllantirish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2018/2019 oʻquv yili boshlangunga qadar Akademiyani Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim muassasalari uchun majburiy boʻlgan zarur oʻquv-metodik hujjatlar bilan bepul taʼmiilasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi Akademiyada oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boskichida islom dinining, Qurʼoni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, tafsir va fiqh, hadisshunoslik maktabining ilmiy-maʼnaviy asoslari boʻyicha tadqiqot ishlarini olib boruvchi yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga koʻmaklashsin.
9. Akademiya faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtirilishi inobatga olinsin:
muassis tomonidan ajratiladigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bir oy muddatda Akademiyaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishida amaliy yordam koʻrsatsin.
11. Akademiya Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi binosida tekin foydalanish huquqi asosida joylashishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslaxatchilari X. Sultonov va R. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-dekabr,
PQ-3433-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-dekabrdagi PK-3433-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston islom akademiyasining
TUZILMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.12.2017-y., 07/20/3433/0879-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)