Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va paxta hosili yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-fevraldagi PQ-2756-son qaroriga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida 374 ta paxtachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaligi tomonidan 11450 gektar yer maydoniga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasi 24560 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumanning 4 ta sektor rahbarlari tomonidan yetarli darajada nazorat oʻrnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi oqibatida davlatga paxta xomashyosini sotish boʻyicha shartnomaviy reja 89,2 foizga bajarilgan yoki 2224,0 tonna paxta xomashyosi kam topshirilib, 3,3 mlrd soʻm daromad olinmay qolgan.
Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabablari oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab darajasida yoʻlga qoʻyilmaganligi, natijasida:
birinchidan, ball boniteti past, suv bilan yaxshi taʼminlanmagan, meliorativ holati yomon, kam hosilli boʻlgan 295 gektar yer maydoniga chigit ekilganligi oqibatida 430,9 tonna paxta hosili yoʻqotilgan;
ikkinchidan, tumanning Yonboshqalʼa va Qumbosgan kabi choʻl hududlarida gʻoʻza maydonlarida agrotexnika tadbirlarini oʻz muddatlarida oʻtkazilishiga yetarlicha eʼtibor berilmaganligi, fermer xoʻjaliklari dalalarida ishchi kuchini kamligi, meʼyor boʻyicha texnika yetishmasligi, begona oʻtlardan tozalash va sugʻorish ishlari kechikishi oqibatida paxta hosili yoʻqotilgan;
uchinchidan, tumanda 15 ta yuqori unumli haydov va 22 ta chopiq traktorlari, 22 ta kultivatorlar yetishmasligi oqibatida 482 gektar yer maydonida shudgorlash, gʻoʻza qator oralariga ishlov berish, mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish ishlari sifatsiz va belgilangan muddatdan kechiktirib oʻtkazilishi oqibatida paxta hosilining yoʻqotilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Yuqoridagi kabi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklardan toʻgʻri xulosa chiqarish va 2018-yilda erdan samarali foydalanishga sektorlar rahbarlari, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida:
paxta hosilini yetishtirish va uni yigʻib-terib olishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, yil davomida xotirjamlikka berilib, gʻoʻza parvarishida agrotexnika tadbirlari belgilangan muddatda sifatli oʻtkazilmaganligi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tuman hokimi Gʻ. Xadjiyev egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin;
paxta hosilini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida debitor-kreditor qarzdorliklarning oʻsishiga yoʻl qoʻyganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari R. Shamuratov qattiq ogohlantirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasiga tegishli ravishda bir oy muddatda tuman prokurori, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻiga nisbatan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida mavjud boʻlgan debitor va kreditor qarzdorliklarni undirish boʻyicha 4 ta sektor rahbarlari oʻrnatilgan tartibda zarur choralarni koʻrsinlar.
4. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi texnikasi va mexanizmlari yetkazib berishning 2018-2019-yillarga moʻljallangan prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi barcha toifadagi fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlari oldidagi kreditor qarzdorliklarini undirishning reja-jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqarida qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruqtsiyali va kam xarajatli dala shiyponlar va issiqxonalar qurish, parranda, sogʻin sigir hamda asalari boqishni tashkil etishning prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta va gʻalla ekinlari ekiladigan yer maydonlari atroflaridagi dala chetlarining hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida fermer xoʻjaliklari tomonidan 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar atroflaridagi dala chetlariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot ishlab chiqarishning prognoz koʻrsatkichlari 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida 2018-yilda boshoqli don ekinlaridan boʻshaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz koʻrsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasiga mavjud kreditor qarzdorliklarni belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Yer resuruslari, geodeziya, kartografiya va davlat qadastri davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2018-yilning 10-martiga qadar Toʻrtkoʻl tumanida 2018-yil hosili uchun ekiladigan ekinlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda oqilona joylashtirilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2018-yilda fermer xoʻjaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish hamda agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan 2018-yilning mart oyida tumanlarda fermer xoʻjaliklari uchun koʻrgazmali seminarlar oʻtkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi mazkur qaror ijrosi boʻyicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida tumandagi 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlarini eshitib borsin hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayevga axborot bersin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat kilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R. Sariyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-mart,
160-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2020-y., 09/20/160/0817-son)