Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining
qarori
Ijtimoiy xodimlarning maqomi, vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 10-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3240]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-fevraldagi PQ-4185-son “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi qaror qiladi:
1. Ijtimoiy xodimlarning maqomi, vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. XUSANOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-may,
14-2020 q/q-son
Xalq taʼlimi vaziri Sh. SHERMATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-may,
6-mh-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-may,
33-q/q-son
Moliya vaziri T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-may,
16-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-may,
71-son
Maktabgacha taʼlim vaziri A. SHIN
Toshkent sh.,
2020-yil 15-may,
8-son
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligining 2020-yil 15-maydagi 14-2020 q/q, 6-mh, 33-q/q, 16, 71, 8-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ijtimoiy xodimlarning maqomi, vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma ijtimoiy xodimlarning maqomi, vazifalari, funksiyalari va ularga qoʻyiladigan malakaviy talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ijtimoiy xodim — ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni tashkillashtiradigan yoki bevosita ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi zarur kasbiy malakaga ega boʻlgan shaxs;
ijtimoiy xizmat — shaxsning turmushi sifatini oshirishga, unga jamiyat hayotida ishtirok etishning boshqa fuqarolar bilan teng boʻlgan imkoniyatlarini yaratishga va (yoki) oʻzining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xizmatlarga muhtoj shaxsga yordam koʻrsatish boʻyicha huquqiy, iqtisodiy, psixologik, taʼlimga oid, tibbiy, reabilitatsiya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar majmui;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topilgan shaxslar, shu jumladan oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, I va II guruh nogironlari, nogiron bolalar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar, ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Ijtimoiy xodimlarning mehnatiga haq toʻlash, lavozim maoshlariga qoʻshimchalar va ustamalar, shuningdek, mukofotlar va boshqa barcha turdagi toʻlovlar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilgan lokal hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Ijtimoiy xodimning quyidagi lavozimlari mavjud:
barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish boʻyicha mutaxassis;
barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalarga, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim assistenti.
4. Mazkur Yoʻriqnomaning 3-bandida koʻrsatilgan lavozimlarning lavozim yoʻriqnomalari qonun hujjatlariga hamda ushbu Yoʻriqnomaga muvofiq ishlab chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish boʻyicha mutaxassisning vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari
5. Barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish boʻyicha mutaxassis quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar jarayonini boshqarish hamda ijtimoiy vaziyatlar boʻyicha ishlarni yuritish;
turmush sharoitini kompleks baholash, ijtimoiy xizmatlar rejasini ishlab chiqish, koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtirish, monitoringini amalga oshirish va natijasini baholash;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ijtimoiy himoya qilish hamda ularga ijtimoiy yordam berishning optimal shakllarini aniqlash va qoʻllash;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini kompleks ijtimoiy himoya qilinishini tashkillashtirish;
oʻz ish faoliyatida aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishning ilmiy asosli yondashuvlarini qoʻllash;
nogironligi boʻlgan shaxslarga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi shaxsiy, ijtimoiy, va maʼnaviy xarakterga ega boʻlgan qiyinchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishda koʻmaklashish;
huquqiy, profilaktik, reabilitatsion va terapevtik xususiyatga ega psixoijtimoiy xizmatlar koʻrsatish orqali aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga ogʻir turmush sharoitidan chiqishga koʻmaklashish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga oʻzlarining hayotiy vaziyatini yaxshilashi uchun shaxsiy imkoniyatlaridan keng foydalanishiga yordam berish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ijtimoiy himoya qilishda barcha mavjud vositalardan samarali foydalanish.
6. Barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish boʻyicha mutaxassisning quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) ijtimoiy-huquqiy yoʻnaltirilgan funksiyalarni amalga oshirishda:
sogʻliqni saqlash, taʼlim, huquqiy va ijtimoiy himoya qilish masalalarida shaxslarning manfaatlarini himoya qilish boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik qilish, ular bilan belgilangan tartibda maʼlumotlar almashish;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat organlari va tashkilotlariga aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur boʻlgan hujjatlarni taqdim etish;
jismoniy, jinsiy zoʻravonlik va majburlash holatlari boʻyicha aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishda koʻmaklashish;
muammoli va nizoli oilalarni monitoring qilish, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy holatini oʻrganish va baholash;
oiladagi muammoli vaziyatlar yoki nizolarni bartaraf etishda ishtirok etish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qonunda belgilangan imtiyozlar, pensiya va nafaqalar, shuningdek boshqa turdagi ijtimoiy yordam turlari toʻgʻrisida xabardor qilish, shuningdek pensiya va nafaqalar tayinlash uchun zarur boʻlgan hujjatlarni yigʻish va rasmiylashtirishda koʻmaklashish;
ijtimoiy himoyaga oid masalalar boʻyicha metodik materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
guruh va individual tarzda psixoterapiya oʻtkazish hamda maslahat berish;
davlat va jamiyat uchun xavfli boʻlgan harakatlar, jumladan favqulodda vaziyatlar (tabiiy ofatlar, epidemiya, harbiy harakatlar) va ularning oqibatlarini oldini olishda davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
ijtimoiy xizmatlar sohasida vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarga maslahat yordami berish hamda ularni ijtimoiy-huquqiy, psixologik-pedagogik, tibbiy jihatdan kompleks qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun maishiy va ijtimoiy-reabilitatsion xizmatlar, shuningdek qulay infratuzilmalar yaratilishiga koʻmaklashish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga uy-joy sharoitlarini yaxshilash va ijtimoiy-maishiy muammolarini bartaraf etishda koʻmaklashish;
ishsiz shaxslarni ishga joylashtirish, kasbga oʻqitish yoki qayta oʻqitishga koʻmaklashish;
kommunikativ, hayotiy, ijtimoiy va oʻz-oʻzini ruhiy boshqarish koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha maslahatlar (treninglar) oʻtkazish;
b) tibbiy-ijtimoiy yoʻnaltirilgan funksiyalarni amalga oshirishda:
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga salomatlik, yashash sharoitlari, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar toʻgʻrisida maslahat berish va maʼlumot yetkazish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining tibbiy-ijtimoiy xizmatlarga boʻlgan huquqlari va muammolari xususiyatidan kelib chiqqan holda ushbu xizmat turlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida maʼlumot yetkazish;
salomatligi boʻyicha muammolari boʻlgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini parvarishlash va ularga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni tashkillashtirish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam berishni muvofiqlashtirish;
palliativ (ruhiy-ijtimoiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash orqali hayotiga tahdid soluvchi kasallik muammolari bilan toʻqnashgan bemorlar va ularning oilalarini hayot sifatini yaxshilash uchun) yordamni tashkillashtirish;
ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar (ruhiy kasalliklar, OIV/OITS, tuberkulyoz, onkologik, psixofaol moddalarga qaram va boshqa) bilan kasallangan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkillashtirish;
v) integrativ funksiyalarni amalga oshirishda:
individual, guruh va hududiy darajadagi somatik, ruhiy, reproduktiv salomatlikning ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarining profilaktik choralarini amalga oshirishda yordam berish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarida sogʻlom turmush tarziga boʻlgan munosabatini shakllantirish;
oilani rejalashtirish, nogironlikni oldini olish masalalarini yoritish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkillashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiyasini tashkillashtirish;
klinik tibbiyotning psixiatriya, narkologiya, onkologiya, geriatriya, jarrohlik, akusher-ginekologiya va boshqa sohalarida ijtimoiy xizmatlarni tashkillashtirish;
OIV/OITS tarqalishining oldini olish, ushbu kasallikka chalinganlar va ularning oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasini taʼminlash;
reabilitatsion, psixologik-pedagogik, ijtimoiy-huquqiy turdagi oʻz-oʻziga va oʻzaro koʻmaklashuvchi terapevtik jamoalarni shakllantirish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun tibbiy-ijtimoiy kompleks dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining ijtimoiy muammolarini bartaraf etishda muqobil kasbdagi mutaxassislarning oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining ijtimoiy muammolari sababini aniqlab, shaxs va oilalarni tegishli tashkilotlarga yoʻnaltirish hamda zarur ijtimoiy yordam va xizmatlar koʻrsatilishida hamkorlik qilish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar rejasini tuzish va ularning sifatini monitoring qilish;
nogironligi boʻlgan va psixojismoniy rivojlanishida muammolari boʻlgan farzandlari bor oilalar, qochoqlar va koʻchishga majbur boʻlgan oilalar, baynalmilal burchini oʻtagan shaxslar va tinch davrda harbiy harakatlar ishtirokchilarining oilalari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tarbiyalanayotgan oilalarga, shuningdek, yolgʻiz keksalar, mehnatga layoqatsizlar va nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy patronajni amalga oshirish;
davolash-sogʻlomlashtirish, taʼlim-tarbiya, ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalariga yoʻllanma berish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda koʻmaklashish;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, nogironligi boʻlgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa shaxslarni davlat ijtimoiy muassasalariga joylashtirishda koʻmaklashish;
nogironligi boʻlgan yoki harakatlanishida muammolari boʻlgan shaxslarga reabilitatsiya texnik vositalarini olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda koʻmaklashish;
ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishda koʻp bolali oilalar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, mehnatga layoqatsiz shaxslarga yordam beruvchi turli davlat, nodavlat, jamoat tashkilotlari va muassasalar faoliyatiga koʻmaklashish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga qisqa yoki uzoq muddatli ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, shifoxonaga joylashtirish, shuningdek vasiylik va homiylikni belgilash uchun hujjatlarni tayyorlashda va rasmiylashtirishda koʻmaklashish;
tibbiy-ijtimoiy patronajga muhtoj shaxslarni aniqlash, koʻrsatilayotgan xizmat turlarining sifati va dinamikasini tahlil qilish;
ijtimoiy xizmatlar dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
ijtimoiy masalalar boʻyicha seminarlar tashkillashtirish va ularni oʻtkazishda ishtirok etish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga ijtimoiy masalalar boʻyicha maslahat berish;
ish faoliyatiga oid zarur hujjatlarni yuritish.
7. Barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish boʻyicha mutaxassis lavozimiga quyidagi malakaviy talablar qoʻyiladi:
oliy toifa — ijtimoiy xizmat yoki muqobil (ijtimoiy, tibbiy, pedagogik, psixologik, yuridik) sohada oliy (bakalavriat, magistratura yoki oliy taʼlimdan keyingi taʼlim) maʼlumotga, ijtimoiy xizmat boʻyicha qayta tayyorgarlik toʻgʻrisidagi diplom va ijtimoiy sohada besh yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi;
birinchi toifa — ijtimoiy xizmat yoki muqobil (ijtimoiy, tibbiy, pedagogik, psixologik, yuridik) sohada oliy (bakalavriat, magistratura yoki oliy taʼlimdan keyingi taʼlim) maʼlumotga, ijtimoiy xizmat boʻyicha qayta tayyorgarlik toʻgʻrisidagi diplom va ijtimoiy sohada uch yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi;
ikkinchi toifa — ijtimoiy xizmat yoki muqobil (ijtimoiy, tibbiy, pedagogik, psixologik, yuridik) sohada oliy (bakalavriat) maʼlumot, ijtimoiy xizmat boʻyicha qayta tayyorgarlik toʻgʻrisidagi diplom va ijtimoiy sohada bir yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi;
toifasiz — ijtimoiy xizmat yoki muqobil (ijtimoiy, tibbiy, pedagogik, psixologik, yuridik) oliy (bakalavriat) maʼlumotga ega boʻlishi, mehnat staji talab etilmaydi.
3-bob. Barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi ijtimoiy xodimning vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari
8. Barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim ish beruvchi tashkilotda tashkil etilgan shtat birligiga asosan quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi organlar va tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlarni amalga oshirish;
ijtimoiy xizmatlarga boʻlgan talabdan kelib chiqqan holda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini kompleks ijtimoiy himoyasini taʼminlash;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlish xavfida boʻlgan bolalar, zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, psixojismoniy rivojlanishida nuqsoni va (yoki) nogironligi boʻlgan va boshqa himoyaga muhtoj bolalarni himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning shaxsiy, mulkiy va nomulkiy huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
davlat taʼlim-tarbiya, davolash-sogʻlomlashtirish, ijtimoiy himoya muassasalarini bitirayotgan bolalar, shuningdek uyushmagan yoshlarning mustaqil hayotga ijtimoiy moslashuvlari davomida yuzaga keluvchi muammolarini hal etish choralarini koʻrish.
9. Barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatiladigan shaxslarni aniqlash va hisobini yuritish;
Keyingi tahrirga qarang.
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga qisqa yoki uzoq muddatli ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, shifoxonaga joylashtirish, shuningdek vasiylik va homiylikni belgilashda koʻmaklashish;
voyaga yetmaganlarning, jumladan Bolalar uyi, “Mehribonlik” uyi, “Bolalar shaharchasi”, “SOS — bolalar mahallalari”, oilaviy bolalar uyi, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarining mulkiy huquqlarini (aliment, boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha pensiya yoki nafaqa va qonun bilan belgilangan boshqa imtiyozlar) himoya qilish hamda tegishli hujjatlarini rasmiylashtirishda koʻmaklashish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini olinishini taʼminlash, doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish va roʻyxatdan chiqarish masalalarini amalga oshirishda koʻmaklashish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarining manfaatlarini himoya qilish yuzasidan, shuningdek sudda aliment undirish, ota-onalarni ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki tiklash toʻgʻrisidagi daʼvo arizalari yuzasidan huquqshunosga asoslantirilgan material tayyorlashga koʻmaklashish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquqlari buzilganligi yoki ularga nisbatan yomon munosabatda boʻlganlik holatlari toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushgan hollarda, ularning hayotiy vaziyatini baholash, himoya va reabilitatsiya qilish choralarini tashkillashtirish va amalga oshirish;
ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari bilan ishlash vazifalari, shakllari va uslublarini, zamonaviy texnologiyalar, shu jumladan axborot texnologiyalari, raqamli taʼlim resurslaridan foydalangan holda shaxsiy va ijtimoiy muammolarni hal etish usullarini belgilash;
bolalar va yoshlarning qiziqishlari va ehtiyojlarini, qiyinchiliklari va muammolarini, ziddiyatli vaziyatlarini, ularning xulq-atvoridagi qiyinchiliklarni aniqlash, oʻz vaqtida bola, yoshlar va ularning oilasiga ruhiy-ijtimoiy koʻmak berish hamda qoʻllab quvvatlash;
ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari va xodimlarining ijtimoiy koʻnikmalari va tashabbuslarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni, ijtimoiy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish hamda ularni ishlab chiqishda ishtirok etish;
vasiylik va homiylik hamda bolalarni oilalarga tarbiyaga berishni (patronat) rasmiylashtirishda bolalar va oilalarga taalluqli hujjatlarni tayyorlashda ishtirok etish;
ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari hamda oilalarga tarbiyaga berilgan (patronat) bolalar va yoshlar uchun yozgi sogʻlomlashtirish va dam olishini taʼminlash choralarini tashkil etish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga davlat hamda homiylar tomonidan berilgan kiyim-bosh, poyabzal va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlanishini nazorat qilish;
ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarini kasbga yoʻnaltirishga oid ishlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
hisobotlar, statistik maʼlumotlar, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarining batafsil roʻyxatlarini shakllantirish, ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida maʼlumotlar bazasiga kiritish;
sogʻlomlashtirish, tarbiyalash va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda ishtirok etish, ota-onalar, shu jumladan tutingan ota-onalarga uslubiy va maslahat yordami berishni tashkil etish.
10. Barcha sohalarda ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim lavozimiga quyidagi malakaviy talablar qoʻyiladi:
oliy toifa — ijtimoiy xizmat yoki muqobil (ijtimoiy, tibbiy, pedagogik, psixologik, yuridik) sohada oliy (bakalavriat, magistratura yoki oliy taʼlimdan keyingi taʼlim) maʼlumot, ijtimoiy xizmat boʻyicha qayta tayyorgarlik toʻgʻrisidagi diplom va ijtimoiy sohada besh yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi;
birinchi toifa — ijtimoiy xizmat yoki muqobil (ijtimoiy, tibbiy, pedagogik, psixologik, yuridik) sohada oliy (bakalavriat, magistratura yoki oliy taʼlimdan keyingi taʼlim) maʼlumot, ijtimoiy xizmat boʻyicha qayta tayyorgarlik toʻgʻrisidagi diplom va ijtimoiy sohada uch yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi;
ikkinchi toifa — ijtimoiy xizmat yoki muqobil (ijtimoiy, tibbiy, pedagogik, psixologik, yuridik) sohada oliy (bakalavriat) maʼlumot, ijtimoiy xizmat boʻyicha qayta tayyorgarlik toʻgʻrisidagi diplom va ijtimoiy sohada bir yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi;
toifasiz — ijtimoiy xizmat yoki muqobil (ijtimoiy, tibbiy, pedagogik, psixologik, yuridik) oliy (bakalavriat) maʼlumotga ega boʻlishi, ish staji talab etilmaydi.
4-bob. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim assistentining vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari
11. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim assistenti (bundan buyon matnda assistent deb yuritiladi) quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarni aniqlash va hisobini yuritish;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga homiylik yordamlarini koʻrsatish maqsadida ularning ilgari ishlagan mehnat jamoalari, jamoat birlashmalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan aloqalarini olib borish;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalarni internat-uylariga joylashtirish uchun koʻmaklashish;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zarur oziq-ovqat, sanoat mahsulotlari va dori-darmonlarni uyga yetkazib berish;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning uy-joy ashyolari va kiyim-kechaklarni yuvish, kimyoviy tozalashga topshirish, taʼmirlash va ularni yetkazib berish;
zarur tibbiy yordam koʻrsatilishida koʻmaklashish, tibbiy koʻrsatmalarga koʻra protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga zarur tibbiy yordam koʻrsatish ishlarida, uy-joyni tozalashda, xonadon ichidagi santexnik jihozlarni taʼmirlashda koʻmaklashish;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning qarindosh va doʻstlar bilan yozishmalar olib borishlariga koʻmaklashish.
12. Assistent oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga kompleks ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatishni amalga oshirish;
oʻziga biriktirilgan hududdagi oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga maishiy masalalarni hal etishda yordam berish;
nogironligi boʻlgan shaxslarga reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatilishida, shuningdek protez-ortopediya buyumlarini va reabilitatsiya texnik vositalarini olishda koʻmaklashish.
13. Assistent lavozimiga quyidagi malakaviy talablar qoʻyiladi:
birinchi toifa — oʻrta maxsus, kasb-hunar, boshlangʻich professional, oʻrta professional, oʻrta maxsus professional maʼlumoti (ijtimoiy, pedagogik, tibbiy) yoki umumiy oʻrta taʼlim va kasbiy taʼlim oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjat va ikkinchi toifali assistent lavozimida bir yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi;
ikkinchi toifa — oʻrta maxsus, kasb-hunar, boshlangʻich professional, oʻrta professional, oʻrta maxsus professional maʼlumoti (ijtimoiy, pedagogik, tibbiy) yoki umumiy oʻrta taʼlim va kasbiy taʼlim oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjat, toifasiz assistent lavozimida bir yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlishi;
toifasiz — oʻrta maxsus, kasb-hunar, boshlangʻich professional, oʻrta professional, oʻrta maxsus professional maʼlumot yoki umumiy oʻrta taʼlim va kasbiy taʼlim olganligi toʻgʻrisidagi hujjatga ega boʻlishi, mehnat staji talab etilmaydi.
5-bob. Yakuniy qoida
14. Mazkur Yoʻriqnoma talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2020-y., 10/20/3240/0761; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)