Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 15-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2667-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969-son “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2015-yil 20-martdagi 25-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2667, 2015-yil 17-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 15-son, 194-modda) bilan tasdiqlangan Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ShADMANOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-may,
117-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2020-yil 11-maydagi 117-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 9-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik maʼlumotnomasi oʻtkazib yuborilgan kunlarga berilmaydi. Mazkur Yoʻriqnomaning 14-bandi, 15-bandining birinchi xatboshisi, 25-bandi, 37-bandi hamda 46-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.”.
2. 37-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“37. Maktabgacha taʼlim tashkilotida yoki olti yoshga toʻlmagan bolaga oʻrnatilgan karantin davrida bolaga qarash uchun ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa aʼzosiga karantin belgilangan muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy va tuman (shahar) epidemiologik osoyishtalik markazlari tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.”.
3. 46 va 47-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“46. Bajarayotgan ishining xususiyatiga koʻra yuqumli, parazitar kasalliklarni tarqatish xavfini tugʻdiradigan shaxslar ishdan chetlashtirilganda yoki atrofdagilar uchun xavfli boʻlgan yuqumli va parazitar kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarga, parazitar kasalliklar bilan zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan tibbiyot muassasasida karantinga olingan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda boʻlgan toʻliq kunlariga tegishli davolash-profilaktika muassasasi tomonidan beriladi.
Yuqumli, parazitar kasalliklar bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuada karantinga olingan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda boʻlgan toʻliq kunlariga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy va tuman (shahar) epidemiologik osoyishtalik markazlari epidemiologi yoki sanitar vrachi tomonidan beriladi.
Uy sharoitida karantinga olingan shaxslarga hamda karantinga olingan shaxslarning 14 yoshgacha boʻlgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda boʻlgan toʻliq kunlariga ularning yashash joyidagi poliklinika tomonidan beriladi.
47. Karantin davrida mazkur Yoʻriknomaning 46-bandida nazarda tutilgan shaxslar tomonidan mehnatga layokatsizlik varaqasi ish beruvchiga elektron shaklda yuborilishi mumkin.”.
4. 54-banddagi “Sogʻliqni saqlash vazirligining” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining (bundan buyon matnda Sogʻliqni saqlash vazirligi deb yuritiladi)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri T. IShMETOV
2020-yil 11-may
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. XUSANOV
2020-yil 11-may
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/2667-2/0765-son)