Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida samaradorlik va natijadorlikning asosiy koʻrsatkichlari hamda ularning faoliyatini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 10-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3241]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-fevraldagi PQ-4193-son “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida samaradorlik va natijadorlikning asosiy koʻrsatkichlari hamda ularning faoliyatini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2020-yil 10-iyun,
129-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yil 10-iyundagi 129-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida samaradorlik va natijadorlikning asosiy koʻrsatkichlari hamda ularning faoliyatini baholash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-fevraldagi PQ-4193-son “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi qaroriga muvofiq davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida samaradorlik va natijadorlikning asosiy koʻrsatkichlari hamda ularning faoliyatini baholash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — qonun hujjatlariga muvofiq davlat xizmatlari koʻrsatish funksiyasi yuklatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
Keyingi tahrirga qarang.
masʼul xodim — vakolatli organda davlat xizmatlarini koʻrsatishga masʼul etib tayinlangan (biriktirilgan) xodim;
foydalanuvchi — davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
2. Vakolatli organlar tomonidan masʼul xodimlarning faoliyati yiliga kamida bir marotaba mazkur Nizomda belgilangan samaradorlik va natijadorlikning asosiy koʻrsatkichlari asosida baholab borilishi lozim.
3. Mazkur Nizom talablari quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
vakolatli organ xodimlari tomonidan davlat xizmati koʻrsatilishini baholash boshqa qonun hujjatlarida belgilangan boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari tomonidan davlat xizmati koʻrsatilishini baholashda;
tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlarining xodimlari tomonidan davlat xizmati koʻrsatilishini baholashda.
4. Baholash adolatlilik, xolislik va shaffoflik prinsiplariga asoslangan holda amalga oshiriladi.
2-bob. Samaradorlik va natijadorlikning asosiy koʻrsatkichlari hamda ularni hisoblash
5. Quyidagilar masʼul xodimning davlat xizmatlari koʻrsatish faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholashning asosiy koʻrsatkichlari hisoblanadi:
qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan oldin koʻrsatilgan davlat xizmatlari soni;
Keyingi tahrirga qarang.
vakolatli organ tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini takomillashtirish boʻyicha tashabbuskorlik;
qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan kechiktirilib koʻrsatilgan davlat xizmatlari soni (masʼul xodimga bogʻliq boʻlmagan holda belgilangan muddatdan kechiktirilib koʻrsatilgan davlat xizmatlari bundan mustasno);
Keyingi tahrirga qarang.
masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmati yuzasidan vakolatli organga foydalanuvchilardan kelib tushgan shikoyatlar soni;
masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmati yuzasidan vakolatli organga kiritilgan taqdimnoma hamda masʼul xodimga nisbatan qoʻllanilgan maʼmuriy javobgarlik choralari soni, qonun hujjatlariga muvofiq intizom ustavlar tatbiq etiladigan masʼul xodimlar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan oldin koʻrsatilgan davlat xizmatlari sonini hisoblashda hisobot davrida masʼul xodim tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan oldin koʻrsatilgan davlat xizmatlari inobatga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda, masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmati qonun hujjatlarida belgilangan muddat doirasida koʻrsatilgan va tugallangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Masʼul xodim tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan oldin koʻrsatilgan davlat xizmatlari soni ushbu masʼul xodim tomonidan hisobot davrida koʻrsatilgan jami davlat xizmatlari soniga nisbatan foizda hisoblanadi va quyidagi mezonlar asosida ball beriladi:
Keyingi tahrirga qarang.
50 foiz va undan koʻp boʻlganda — 80 ball;
31 foizidan 50 foizigacha boʻlganda — 50 ball;
11 foizidan 30 foizigacha boʻlganda — 20 ball;
1 foizdan 10 foizgacha boʻlganda — 5 ball.
8. Vakolatli organ tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini takomillashtirish boʻyicha tashabbuskorlik hisobot davrida masʼul xodim tomonidan ushbu vakolatli organning davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonini takomillashtirish boʻyicha berilgan takliflar va ushbu takliflar asosida ish jarayoni va qonun hujjatlariga kiritilgan tegishli oʻzgartirishlar inobatga olinadi.
Bunda, masʼul xodim tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonini takomillashtirish boʻyicha berilgan kamida 2 ta taklif yoki berilgan taklif asosida ish jarayoni va qonun hujjatlariga kiritilgan tegishli oʻzgartirishlar hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Masʼul xodimning vakolatli organ tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini takomillashtirish boʻyicha tashabbuskorligi uchun quyidagi mezonlar asosida ball beriladi:
berilgan takliflardan 2 ta va undan ortigʻi asosida ish jarayoni yoki qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlsa — 20 ball;
berilgan takliflardan 1 tasi asosida ish jarayoni yoki qonun hujjatlariga oʻzgartirish kiritilgan boʻlsa — 15 ball;
2 ta va undan ortiq takliflar berilgan, biroq berilgan takliflar asosida ish jarayoni yoki qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilmagan boʻlsa — 10 ball;
1 ta taklif berilgan, biroq berilgan taklif asosida ish jarayoni yoki qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilmagan boʻlsa — 5 ball.
Keyingi tahrirga qarang.
Masʼul xodim tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonini takomillashtirish boʻyicha taklif berilmagan boʻlsa unga ball berilmaydi.
10. Qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan kechiktirilib koʻrsatilgan davlat xizmatlarining sonini hisoblashda hisobot davrida masʼul xodim tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan kechiktirib koʻrsatilgan davlat xizmatlari inobatga olinadi.
Bunda, qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan kechiktirib koʻrsatilgan davlat xizmatlari soni masʼul xodim tomonidan jami koʻrsatilgan davlat xizmatlari soniga nisbatan foizda hisoblanadi, masʼul xodimga bogʻliq boʻlmagan holda belgilangan muddatdan kechiktirilib koʻrsatilgan davlat xizmatlari bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Masʼul xodim tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan kechiktirib koʻrsatilgan davlat xizmatlari soni ushbu masʼul xodim tomonidan hisobot davrida koʻrsatilgan jami davlat xizmatlari soniga nisbatan foizda hisoblanadi va uning umumiy balli yigʻindisidan quyidagi mezonlar asosida tegishli ballar ayirib tashlanadi:
Keyingi tahrirga qarang.
30 foiz va undan koʻp boʻlganda — 40 ball;
16 foizdan 30 foizgacha boʻlganda — 30 ball;
6 foizdan 15 foizgacha boʻlganda — 20 ball;
1 foizdan 5 foizgacha boʻlganda — 10 ball.
12. Masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmati yuzasidan vakolatli organga foydalanuvchilardan kelib tushgan shikoyatlar sonini hisoblashda hisobot davrida masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmatlari yuzasidan kelib tushgan shikoyatlar inobatga olinadi.
Bunda, vakolatli organga kelib tushgan va oʻz tasdigʻini topgani shikoyatlar hisoblanadi.
13. Masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmati boʻyicha kelib tushgan shikoyatlarning soni ushbu masʼul xodim tomonidan hisobot davrida koʻrsatilgan jami davlat xizmatlari soniga nisbatan foizda hisoblanadi va uning umumiy balli yigʻindisidan quyidagi mezonlar asosida tegishli ballar ayirib tashlanadi:
20 foizdan yuqori boʻlsa — 30 ball;
11 foizdan 20 foizgacha boʻlsa — 20 ball;
6 foizdan 10 foizgacha — 10 ball;
1 foizdan 5 foizgacha — 5 ball.
14. Masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmati yuzasidan vakolatli organga kiritilgan taqdimnoma hamda masʼul xodimga nisbatan qoʻllanilgan maʼmuriy javobgarlik sonini hisoblashda hisobot davrida masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmati boʻyicha kiritilgan taqdimnoma va (yoki) masʼul xodimga nisbatan qoʻllanilgan maʼmuriy javobgarlik chorasi inobatga olinadi.
Bunda, masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmati yuzasidan vakolatli organga kiritilgan taqdimnomaning faqat oʻz tasdigʻini topgani hisoblanadi.
15. Masʼul xodim tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmati yuzasidan vakolatli organga kiritilgan taqdimnoma va (yoki) masʼul xodimga nisbatan qoʻllanilgan maʼmuriy javobgarlik chorasining soni ushbu masʼul xodim tomonidan hisobot davrida koʻrsatilgan jami davlat xizmatlari soniga nisbatan foizda hisoblanadi va uning umumiy balli yigʻindisidan quyidagi mezonlar asosida tegishli ballar ayirib tashlanadi:
2 ta va undan ortiq maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanilgan boʻlsa — 30 ball;
1 ta maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanilgan boʻlsa — 20 ball;
2 ta va undan ortiq taqdimnoma kiritilgan boʻlsa — 10 ball;
1 ta taqdimnoma kiritilgan boʻlsa — 5 ball.
3-bob. Masʼul xodim tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida uning samaradorligi va natijadorligini baholashni tashkil etish
16. Masʼul xodim tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida uning samaradorligi va natijadorligini baholash (bundan buyon matnda baholash deb yuritiladi) vakolatli organ rahbarining buyrugʻi bilan 3 kishidan kam boʻlmagan toq sondan iborat tarkibda tashkil etiladigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
17. Komissiya tarkibi vakolatli organ rahbari va davlat xizmatlari koʻrsatish bilan shugʻullanmaydigan masʼul xodimlar orasidan shakllantiriladi.
18. Vakolatli organ rahbari komissiya raisi hisoblanadi.
Vakolatli organning davlat xizmatlari koʻrsatish bilan shugʻullanmaydigan xodimlari orasidan komissiya kotibi tayinlanadi.
19. Komissiya oʻz faoliyatini mazkur Nizom hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Komissiya raisi komissiya ishini oʻz vaqtida, toʻgʻri va haqqoniy tashkil qilish uchun masʼul hisoblanadi.
21. Baholash hisobot davridan keyingi oyning 15 sanasiga qadar amalga oshirilishi lozim.
22. Komissiya kotibi hisobot davridan keyingi oyning 10 sanasiga qadar masʼul xodimning davlat xizmatlari koʻrsatish faoliyati samaradorligi va natijadorligini hisoblashning asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha vakolatli organdagi masʼul xodimlardan tegishli maʼlumotlarni oladi, shuningdek ularning toʻliqligini hamda undagi maʼlumotlar toʻgʻri koʻrsatilganligini oʻrganadi.
23. Komissiya kotibi masʼul xodim tomonidan berilgan maʼlumotlar toʻliq boʻlmagan yoki undagi maʼlumotlar toʻgʻri koʻrsatilmaganligini aniqlagan hollarda tegishli masʼul xodimdan kamchiliklarni 1 kun muddatda bartaraf etishni talab qiladi.
24. Komissiya kotibi taqdim etilgan maʼlumotlar asosida komissiyaning navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqilishi uchun har bir masʼul xodim boʻyicha alohida komissiyaning barcha aʼzolari soniga mutanosib ravishda qisqacha maʼlumotnoma tayyorlaydi.
25. Komissiya raisi masʼul xodimlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida ularning samaradorligi va natijadorligini baholash maqsadida komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadigan kun va vaqtni belgilaydi.
26. Komissiya kotibi komissiya yigʻilishi oʻtkaziladigan kundan kamida 2 kun oldin komissiyaning barcha aʼzolarini komissiya yigʻilishi oʻtkaziladigan kun va vaqt haqida xabardor qilishi shart.
4-bob. Masʼul xodim tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida uning samaradorligi va natijadorligini baholash
27. Maxsus komissiya yigʻilishida komissiya raisi, kotibi va uning aʼzolaridan boshqa shaxslarning ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Komissiya kotibi yigʻilishda koʻrib chiqish uchun kun tartibiga qoʻyilgan masʼul xodimlarning maʼlumotlari asosida tayyorlangan qisqacha maʼlumotnomani komissiyaning barcha aʼzolariga bir nusxadan tarqatadi hamda har bir masʼul xodim boʻyicha maʼlumotlarni komissiya aʼzolariga alohida oʻqib eshittiradi.
29. Komissiya masʼul xodim boʻyicha taqdim etilgan maʼlumotlarni oʻrgangan holda ularning har biri boʻyicha alohida qaror qabul qiladi.
30. Komissiyasi qarori komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
31. Masʼul xodim tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida uning samaradorligi va natijadorligini baholash mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan har bir koʻrsatkich yuzasidan masʼul xodimning umumiy toʻplagan ballari boʻyicha quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
86 balldan 100 ballgacha boʻlganda — aʼlo;
71 balldan 85 ballgacha boʻlganda — yaxshi;
56 balldan 70 ballgacha boʻlganda — qoniqarli;
55 va undan kam ball boʻlganda — qoniqarsiz.
32. Komissiya yigʻilishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunda komissiya majlisi bayonnomasini rasmiylashtirish komissiya kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
33. Komissiya yigʻilishi bayonnomasi shu vaqtning oʻzida komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan imzolanadi hamda tasdiqlash uchun komissiya raisiga taqdim etiladi.
34. Komissiya kotibi komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan bayonnoma bilan barcha masʼul xodimlarni shu kunning oʻzida tanishtirishi shart.
5-bob. Yakuniy qoidalar
35. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qurilish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Transport vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Energetika vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Oʻzarxiv” agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Fanlar akademiyasi, AT “Xalq banki” bilan kelishilgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J. KUCHKAROV
2020-yil 15-may
Moliya vaziri T. ISHMETOV
2020-yil 18-may
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
2020-yil 18-may
Qishloq xoʻjaligi vaziri J. XODJAYEV
2020-yil 19-may
Suv xoʻjaligi vaziri Sh. XAMRAYEV
2020-yil 19-may
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. XUSANOV
2020-yil 19-may
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
2020-yil 20-may
Xalq taʼlimi vaziri Sh. SHERMATOV
2020-yil 20-may
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
2020-yil 20-may
Madaniyat vaziri O. NAZARBEKOV
2020-yil 20-may
Mudofaa vaziri B. KURBANOV
2020-yil 21-may
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2020-yil 21-may
Favqulodda vaziyatlar vaziri v.b. T. XUDAYBERGENOV
2020-yil 22-may
Tashqi ishlar vaziri A. KOMILOV
2020-yil 23-may
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. UMURZAKOV
2020-yil 23-may
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M. SALIYEV
2020-yil 23-may
Jismoniy tarbiya va sport vaziri D. NABIYEV
2020-yil 25-may
Qurilish vaziri B. ZAKIROV
2020-yil 25-may
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. SADIKOV
2020-yil 26-may
Transport vaziri E. GANIYEV
2020-yil 27-may
Maktabgacha taʼlim vaziri A. SHIN
2020-yil 28-may
Milliy gvardiya qoʻmondoni R. DJURAYEV
2020-yil 29-may
Davlat statistika qoʻmitasi raisi B. BEGALOV
2020-yil 29-may
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. MUSAYEV
2020-yil 30-may
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M. AZIMOV
2020-yil 30-may
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Sh. ABDURAZAKOV
2020-yil 1-iyun
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B. ISLAMOV
2020-yil 1-iyun
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A. ABDULLAYEV
2020-yil 1-iyun
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A. ABDUXAKIMOV
2020-yil 2-iyun
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N. BAKIROV
2020-yil 2-iyun
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi B. GULYAMOV
2020-yil 2-iyun
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B. NORQOBILOV
2020-yil 3-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori D. LI
2020-yil 3-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori v.b. D. SAIDJANOV
2020-yil 4-iyun
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi direktori D. SATTAROV
2020-yil 4-iyun
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori A. NAZIROV
2020-yil 5-iyun
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S. BEKENOV
2020-yil 5-iyun
“Oʻzarxiv” agentligi direktori U. YUSUPOV
2020-yil 5-iyun
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N. SHARIPOV
2020-yil 6-iyun
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori M. KARIMOV
2020-yil 6-iyun
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U. TASHKENBAYEV
2020-yil 6-iyun
Energetika vaziri A. SULTONOV
2020-yil 8-iyun
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi boshligʻi I. ERGASHEV
2020-yil 8-iyun
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi A. VAHOBOV
2020-yil 8-iyun
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A. YUSUPOV
2020-yil 9-iyun
Fanlar akademiyasi prezidenti B. YULDASHEV
2020-yil 9-iyun
AT “Xalq banki” boshqaruv raisi F. SALAMOV
2020-yil 9-iyun
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2020-y., 10/20/3241/0750-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)