Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Kredit byurolarini roʻyxatga olish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 10-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3042-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi va “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/23-son qarori (roʻyxat raqami 3042, 2018-yil 25-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2018-y., 30-son, 630-modda) bilan tasdiqlangan Kredit byurolarini roʻyxatga olish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-may,
12/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/4-son qaroriga
ILOVA
Kredit byurolarini roʻyxatga olish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Kredit byurosi oʻzining firma nomi yozilgan shtamplarga, blankalarga va oʻz emblemasiga ega boʻlishga haqli. ”.
2. 32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. Kredit byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
Kredit byurosiga litsenziya berganlik uchun davlat boji undirilmaydi.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2020-y., 10/20/3042-1/0731-son)