Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASINING DON VA ShOLINI QAYTA IShLASh KORXONALARINI VAQTINChA TOʻXTATIB QOʻYISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida vujudga kelgan ekologik vaziyat va suv tanqisligini eʼtiborga olib hamda “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi don va sholini qabul qilish va qayta ishlash korxonalarining zararsiz ishlashini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan kelishilgan “Xoʻjayli-guruch”, “Qoraboyli-guruch”, “Qonlikoʻl guruch zavodi”, “Beruniy-don” va “Qoraoʻzak-don” aksiyadorlik jamiyatlarining asosiy fondlarini 2001-yil 1-oktabrdan 2002-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davrda vaqtincha toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi (Najmiddinov) korxonalarning vaqtinchalik toʻxtatib qoʻyilgan barcha asosiy fondlarining but saqlanishi va foydalanishga shay turishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Obidov) “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi (Najmiddinov) bilan birgalikda boʻshab qolayotgan xodimlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishga joylashtirilishi va ijtimoiy muhofaza qilinishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Nurmurodov) va Davlat soliq qoʻmitasi (Xoʻjayev) asosiy ishlab chiqarish fondlarini vaqtincha toʻxtatib qoʻyish davrida koʻrsatib oʻtilgan korxonalarga qonun hujjatlariga muvofiq soliq imtiyozlari bersin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 6-fevral,
49-son