Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilmalar yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilmalar yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari toʻlash manbalarini belgilash, shuningdek, respublikaning mineral-xom ashyo bazasini kengaytirish boʻyicha geologlarning mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 22-noyabrdagi 245-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 11-son, 66-modda) bilan tasdiqlangan Sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilmalar yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-may,
303-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-maydagi 303-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilmalar yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-banddagi “amalga oshirilgan boʻlsa” soʻzlaridan keyin “(qimmatbaho va rangli metallar va uran konlari bundan mustasno)” soʻzlari qoʻshilsin.
2. 7-bandning ikkinchi xatboshisidagi “geologik tarkibi” soʻzlari “geologik tuzilishining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 18-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“18. Pul mukofoti foydali qazilmalarning yangi konini ochishda va qidirishda yoki ilgari maʼlum boʻlgan konni (kon uchastkasini) tubdan qayta baholashda bevosita qatnashgan geologiya sohasidagi yuqori malakali geologlar, muhandis-texnik xodimlar, geofiziklar, geokimyogarlar, gidrogeologlar, topo-marksheydrlar va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari, shuningdek, qidirishning yuqori surʼatlarini va ishonchliligini oshirishga bevosita uslubiy va texnikaviy rahbarlikni amalga oshirgan yuqori tashkilot rahbarlari va mutaxassislariga toʻlanadi”.
4. 22-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “Oʻzbekneftgaz” MXKning” soʻzlari “Oʻzbekneftgaz” AJning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilgan holda qimmatbaho, rangli metallar va uranning yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (kon uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ mablagʻlari hisobidan toʻlanadi”.
5. Nizomga 1-ilovaning 18-pozitsiyasi “III guruh” ustuni “a” kichik bandi quyidagi taxrirda bayon qilinsin:
“a) fabrikada qayta ishlash uchun 15 — 30 tonna oltin zaxirali”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2020-y., 09/20/303/0625-son)