Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 13-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3016-3]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2022-yil 8-iyuldagi 33-sonli ““Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3016-5, 25.07.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-dekabrdagi PQ-4544-son “Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2018-yil 15-maydagi 185-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3016, 2018-yil 26-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2018-y., 22-son, 458-modda) bilan tasdiqlangan Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-fevral,
7-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2020-yil 24-fevraldagi 7-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandda:
oʻn oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“zaxira ijrochisi — xarid qilish tartib-taomillari yakuniga koʻra xarid komissiyasining qaroriga muvofiq gʻolib deb topilgan ishtirokchining taklifidan soʻng taklifi eng maqbul deb topilgan ishtirokchi;”;
yigirma birinchi va yigirma ikkinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat xaridlarining elektron tizimi (bundan buyon matnda elektron tizim deb yuritiladi) — elektron davlat xaridlari jarayonida davlat xaridlari subyektlarining oʻzaro hamkorligini taʼminlaydigan tashkiliy, axborot va texnik vositalarning dasturiy majmui;
elektron davlat xaridlari — davlat xaridlari subyektlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda davlat xaridlarini amalga oshirish shakllari.”.
2. 2-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion (bundan buyon matnda auksion deb yuritiladi);”.
“7. Xarid qilish tartib-taomillarini elektron doʻkon yoki auksion orqali amalga oshirishda korporativ buyurtmachi va ishtirokchi tomonidan kiritilgan zakalat shartnoma majburiyati bajariladigan vaqtga qadar yoki shartnoma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilingunga qadar xatlab qoʻyiladi, bundan mazkur Nizomning 8-bandida belgilangan hollar mustasno.
8. Elektron doʻkon va auksion ishtirokchilarining zakalati boshqa ishtirokchilar tomonidan pastroq narxdagi taklif berilgunga qadar xatlanadi.”.
4. Quyidagi mazmundagi 81-band bilan toʻldirilsin:
“81. Budjet buyurtmachisi tomonidan elektron tanlov yoki elektron tender oʻtkazishda ishtirokchilarning zakalati operator tomonidan gʻolib aniqlangunga qadar xatlab qoʻyiladi. Elektron tanlov yoki elektron tender gʻolibining zakalati shartnoma tuzilguniga qadar xatlanadi.
Korporativ buyurtmachi tomonidan elektron tanlov yoki elektron tender oʻtkazishda ishtirokchilar tomonidan zakalat kiritish zarurati va miqdori korporativ buyurtmachi tomonidan belgilanadi hamda kiritilgan zakalat operator tomonidan elektron tanlov yoki elektron tender gʻolibi bilan shartnoma tuzilguniga qadar xatlanadi. Bunda zakalat miqdori tovar (ish, xizmat) qiymatining 3 foizidan oshmasligi kerak.”.
5. 9-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
6. 14-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi, 33-bandning beshinchi xatboshisidagi, 45-bandning beshinchi va oltinchi xatboshilaridagi, 46-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi, 53-banddagi hamda 126-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilaridagi “eng kam ish haqining” degan soʻzlar “bazaviy hisoblash miqdorining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. Quyidagi mazmundagi 191-band bilan toʻldirilsin:
“191. Davlat buyurtmachilari elektron doʻkonning qoʻshimcha sahifasidan foydalangan holda, davlat xaridlarini hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat koʻrsatuvchilar) oʻrtasida amalga oshirishi mumkin.
Bunda, elektron doʻkonning qoʻshimcha sahifasidan foydalanish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
buyurtmachi elektron doʻkonda “milliy doʻkon” yacheykasini tanlaydi;
elektron tizim buyurtmachi joylashgan hudud boʻyicha mahalliy ishlab chiqaruvchilarning (ish bajaruvchilarning, xizmat koʻrsatuvchilarning) takliflari joylashtirilgan qoʻshimcha sahifani ochadi.
“Milliy doʻkon” yacheykasining “qidiruv” tugmasidan foydalanilganda elektron tizim buyurtmachi joylashgan hududdagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat koʻrsatuvchilar) tomonidan yetkazib beriladigan tovarni (ishni, xizmatni) qidiradi.
Elektron doʻkonning qoʻshimcha sahifasida xarid qilish tartib-taomili yakuniga koʻra tovar (ish, xizmat) mavjud emasligi sababli shartnoma tuzilmagan boʻlsa, davlat buyurtmachisi elektron doʻkonning asosiy sahifasidan foydalanmasdan mustaqil ravishda tanlangan yetkazib beruvchi bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzishga haqli emas.”.
8. Quyidagi mazmundagi 201-band bilan toʻldirilsin:
“201. “Milliy doʻkon” orqali xaridlarni amalga oshirishda elektron tizim narxlar soʻrovi mexanizmini faqat buyurtmachi joylashgan hududdagi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat koʻrsatuvchilar) orasida yuborilishini taʼminlaydi.”.
9. 3-bobning 1-paragrafi nomidan “va tartibi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
10. 47-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“47. Tovarning (ishning, xizmatning) qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan oshgan hollarda tanlov boʻyicha texnik topshiriq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) bilan kelishib olinishi lozim.”.
11. 86-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “boshqa majburiy toʻlovlarni” degan soʻzlar “yigʻimlarni” degan soʻz bilan almashtirilsin.
12. Quyidagi mazmundagi 31-bob bilan toʻldirilsin:
“31-bob. Elektron tanlov oʻtkazish tartib-taomillari
1-§. Elektron tanlov vositasida xaridlarni oʻtkazish shartlari va tanlov oʻtkazishda xarid komissiyasi faoliyatini tartibga solish
1251. Elektron tanlov vositasidagi xaridlarni oʻtkazish shartlari mazkur Nizomning 3-bobi 1-paragrafiga muvofiq belgilanadi.
1252. Buyurtmachi elektron tanlovni oʻtkazish uchun toq sonli aʼzolardan (kamida besh kishidan) iborat xarid komissiyasini tuzadi.
1253. Xarid komissiyasi aʼzolarining tarkibi va soni olinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xususiyatlarini hisobga olgan holda oʻzgarishi mumkin.
1254. Elektron tanlov xoʻjalik faoliyati doirasida oʻtkazilganda xarid komissiyasi buyurtmachining vakillari orasidan, zarur boʻlgan taqdirda ovoz berish huquqi bilan ekspertlar jalb etilgan holda shakllantiriladi.
1255. Elektron tanlov loyiha faoliyati doirasida oʻtkazilganda xarid komissiyasi vazifalarini belgilangan tartibda tashkil etiladigan loyihani amalga oshiruvchi guruh bajaradi, u xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
1256. Qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan ortiq miqdordagi elektron tanlov oʻtkazilganda xarid komissiyasi tarkibiga buyurtmachining vakillaridan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” respublika loyihalashtirish instituti vakillari kiritiladi.
1257. Xarid komissiyasi buyurtmachining tegishli qarori bilan tuziladi va tarqatib yuboriladi.
1258. Elektron tanlov oʻtkazish boʻyicha xarid komissiyasining tezkor faoliyatini uning ovoz berish huquqiga ega boʻlmagan masʼul kotibi tashkillashtiradi.
Xarid komissiyasining masʼul kotibi:
ishtirokchilarning takliflarini tanlov hujjatlarining rasmiylashtirish talablariga mos kelishi boʻyicha tekshirishni amalga oshiradi va tekshirish natijalarini xarid komissiyasiga koʻrib chiqish uchun taqdim qiladi;
tanlov hujjatlarida belgilangan mezonlar boʻyicha ishtirokchilarning takliflarini baholash natijalarini elektron tizimga kiritadi.
1259. Buyurtmachi xarid komissiyasining har bir aʼzosiga va masʼul kotibiga oʻz vazifalarini amalga oshirish uchun elektron tizimda shaxsiy kabinet ochadi.
12510. Xarid komissiyasining vakolatiga kiritilgan masalalarni koʻrib chiqish uchun xarid komissiyasining aʼzolari va masʼul kotibining elektron tizim tomonidan yopiq chat orqali muloqot qilish imkoniyati taʼminlanadi.
12511. Elektron tizimdagi shaxsiy kabinetga birinchi marotaba kirilayotganda xarid komissiyaning har bir aʼzosi, shu jumladan uning raisi ishtirokchilar bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalari mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni kiritishi shart. Operator xarid komissiyasi aʼzolari tomonidan kiritilgan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash boʻyicha javobgar boʻladi.
12512. Xarid komissiyasi aʼzolarida ishtirokchilar bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjud boʻlgan taqdirda, xarid komissiyasining bunday aʼzosi bu masala koʻtarilgan majlisda oʻzini oʻzi rad etishi va mazkur masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerak, bu haqda bayonnomada qayd etiladi.
Ishtirokchilarning xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqishda xarid komissiyasi aʼzosining ushbu ishtirokchi bilan affillanganligi mavjud boʻlganda tizim ushbu xarid komissiyasi aʼzosining ovozini mazkur masala boʻyicha ovoz berish natijalaridan chiqarib tashlaydi.
12513. Xarid komissiyasi raisining affillanganlik xususiyatiga ega aloqalari mavjud boʻlsa, elektron tanlovni oʻtkazish jarayoni buyurtmachi tomonidan yangi xarid komissiyasi raisi tayinlanguniga qadar toʻxtatiladi.
12514. Xarid komissiyasining har bir aʼzosi oʻzining shaxsiy kabineti orqali ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki unda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin. Xarid komissiyasi aʼzosi qarshi ovoz berganda elektron bayonnomada sharh qoldirishi shart. Belgilangan muddatlarda xarid komissiyasi aʼzosi shaxsiy kabineti orqali ovoz berishdan boʻyin tovlagan taqdirda, u ovoz berishdan bosh tortgan deb tan olinadi. Xarid komissiya raisi ovoz berishda bosh tortishga haqli emas.
2-§. Elektron tanlov oʻtkazishda tanlov hujjatlarini ishlab chiqish va elektron tanlov oʻtkazilishi haqida eʼlon berish
12515. Buyurtmachi tomonidan elektron tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng buyurtmachining mutaxassislari yoki elektron tanlovni tashkillashtirish va oʻtkazish uchun masʼul shaxs tomonidan tanlov hujjatlarining, shartnoma va elektron tanlov oʻtkazish haqidagi eʼlonning matni ishlab chiqiladi.
12516. Elektron tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi axborot boʻlishi kerak:
tovarning (ishning, xizmatning) batafsil tavsifi va narxi;
elektron tanlov oʻtkazadigan operatorning nomi va uning veb-saytiga havola;
elektron tanlov ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar;
buyurtmachining ishtirokchilar bilan aloqada boʻlish uchun bogʻlovchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir nechta mansabdor shaxsining yoki boshqa xodimlarining F.I.O., lavozimi va manzili;
tanlov takliflarini berish muddati tugaydigan vaqt va sana;
tanlov takliflarini rasmiylashtirishga doir talablar.
Elektron tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa axborot ham boʻlishi mumkin.
12517. Tanlov hujjatlarida quyidagilar boʻlishi kerak:
elektron tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan axborot;
shartnoma bahosini va ijrochilar bilan hisob-kitoblarni shakllantirish uchun foydalaniladigan valyuta hamda toʻlov tartibi haqidagi axborot;
elektron tanlovda ishtirok etish uchun tanlov taklifi qaysi tilda tayyorlanishi kerakligi boʻyicha talab;
elektron tanlov ishtirokchilariga tanlov hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, taqdim etish muddati boshlanadigan va tugaydigan sana;
agar tovarning (ishning, xizmatning) muqobil variantlariga yoʻl qoʻyilsa, lotni almashtirish boʻyicha muqobil takliflarni baholash tartibining tavsifi;
texnik topshiriq;
Qonunga muvofiq ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari va koʻrib chiqish tartibi.
12518. Tanlov taklifining texnik va narx qismi boʻyicha buyurtmachining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) boʻlgan ehtiyojlarini qondirish uchun taklifning har bir qismini baholash ahamiyatiga qarab nisbiy qiymati belgilanadi.
Tanlov hujjatlarida ballarning boshlangʻich qiymatlari belgilanishi mumkin va ulardan oʻtmagan ishtirokchi elektron tanlovdan chetlatiladi.
Tanlov taklifining texnik qismi uchun miqdoriy koʻrsatkichlardan (malakali mutaxassislar soni, yetkazib berish muddati, ish tajribasi va boshqalar) yoki ekspert bahosidan kelib chiqqan holda baholash mezonlari belgilanadi.
Ball usulidan foydalanganda tanlov taklifining texnik qismining har bir baholash mezoni boʻyicha nisbiy qiymat belgilanishi mumkin. Eng past narx usulidan foydalanganda ishtirokchining tanlov taklifi tanlov hujjatlarida belgilangan talablarga mos kelishi yoki mos kelmasligini aniqlovchi mezonlar belgilanishi mumkin.
Tanlov hujjatlarida belgilangan mezonlar oʻta muhim qiymatga ega boʻlishi mumkin. Bunda tanlov taklifining belgilangan mezonlarga mos kelmasligi ishtirokchini elektron tanlovning har qanday bosqichida chetlatilishiga olib keladi.
Shartnoma summasi (narhi) tanlov taklifi narx qismining yagona mezoni hisoblanadi.
12519. Tanlov hujjatlariga ularning ajralmas qismi boʻlgan shartnoma loyihasi ilova qilinadi.
12520. Buyurtmachi tanlov hujjatlarini kelishish uchun elektron shaklda xarid komissiyasiga kiritadi.
12521. Xarid komissiyasi tanlov hujjatlarini yuzma-yuz majlisda yoki masofadan turib Qonun talablariga muvofiqligini koʻrib chiqadi va quyidagilarni belgilaydi:
tanlov takliflari qabul qilinadigan muddatlar;
tanlov takliflarini baholash usullari va mezonlari;
tanlov takliflari qismlarining va zarur hollarda texnik qismining har bir baholash mezonlarining nisbiy qiymati;
tanlov taklifini taʼminlash hajmi va shakli.
12522. Elektron tanlovni oʻtkazish haqida qaror tanlov hujjatlari xarid komissiyasi tomonidan kelishilganidan soʻng qabul qilinadi.
12523. Tanlov hujjatlarida kamchiliklar aniqlangan taqdirda, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganidan soʻng, xarid komissiyasi tomonidan tanlov hujjatlari qayta kelishilishi kerak.
12524. Buyurtmachi xarid komissiyasi bilan kelishilgan tanlov hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.
12525. Tasdiqlangan tanlov hujjatlari, shartnoma loyihasi, shuningdek elektron tanlov oʻtkazish haqidagi eʼlon elektron tanlov ishtirokchilarining takliflarini qabul qilish muddati tugashidan kamida oʻn kun avval buyurtmachi tomonidan portalga joylashtiriladi.
12526. Elektron tanlov oʻtkazish haqidagi eʼlon qoʻshimcha ravishda buyurtmachining rasmiy veb-saytida yoki oʻzining yuqori turuvchi organi rasmiy veb-saytida, shuningdek ommaviy axborot vositalariga joylashtirilishi mumkin.
12527. Zarur hollarda buyurtmachi tanlov hujjatlariga oʻzgartirish kiritish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
12528. Tanlov hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qaror elektron tanlovda ishtirok etish uchun tanlov takliflarini berish muddati tugaydigan sanadan kamida uch kun oldin qabul qilinishi mumkin.
Bunda ushbu elektron tanlovda tanlov takliflarini berish tugaydigan muddat tanlov hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilgan sanadan eʼtiboran kamida oʻn kunga uzaytirilishi kerak. Shu bilan bir vaqtda, agar eʼlonda koʻrsatilgan axborot oʻzgartirilgan boʻlsa, elektron tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonga oʻzgartirishlar kiritiladi.
Tanlov hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish davomida tovarni (ishni, xizmatni) yoki uning xususiyatlarini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12529. Tanlov hujjatlarida buyurtmachi har bir tovar (ish, xizmat) alohida lot sifatida koʻrib chiqilishini eʼlon qilishi mumkin. Bunday holda buyurtmachi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun tanlovning har xil loti boʻyicha bir nechta ishtirokchi bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bunda har bir lot uchun faqat bitta gʻolib aniqlanishi mumkin.
3-§. Tanlov taklifini berish
12530. Elektron tanlov oʻtkazilganda ishtirokchilar tanlov takliflarini elektron konvert koʻrinishida oʻzlarining shaxsiy kabinetlari orqali elektron tanlovni oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan muddatdan kechiktirmay taqdim etadilar.
12531. Ishtirokchining tanlov taklifining ajralmas qismi boʻlgan elektron hujjatlar operator tomonidan belgilangan formatlarda taqdim etiladi. Har bir joylashtirilgan elektron hujjat ishtirokchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
12532. Tanlov taklifi bilan birgalikda ishtirokchilar eskizlar, rasmlar, chizmalar, fotosuratlar va boshqa hujjatlarni fayl sifatida joylashtirishlari mumkin.
Bunda ishtirokchilarning tanlov takliflari elektron tizimdagi shablonlarga muvofiq hujjatlarni biriktirish orqali taqdim etiladi. Ishtirokchi tomonidan koʻrsatilgan maʼlumotlar biriktirilgan hujjatlardagi maʼlumotlarga mos kelishi kerak.
12533. Tanlov takliflarini ochish muddati yetib kelgunga qadar ular elektron tanlov ishtirokchilari, shu jumladan xarid komissiyasi masʼul kotibi va aʼzolari tomonidan koʻrilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu takliflarni taqdim etgan ishtirokchi mustasno. Mazkur talabning bajarilishiga operator javobgar hisoblanadi.
12534. Elektron tanlov ishtirokchisi bitta lotga faqat bitta tanlov taklifini berishga haqli.
12535. Elektron tanlov ishtirokchisi taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning haqiqiyligi va toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.
12536. Elektron tanlov ishtirokchisi taqdim etilgan tanlov takliflarini berish muddati tugaguniga qadar berilgan tanlov taklifini chaqirib olishga yoki unga oʻzgartirishlar kiritishga haqli.
12537. Elektron tanlov ishtirokchisi tanlov hujjatlaridagi talablarni tushuntirish talabi bilan buyurtmachiga ochiq elektron chat orqali tanlov takliflarini berish muddati tugaydigan sanadan kamida ikki kun oldin soʻrov yuborishga haqli.
12538. Buyurtmachi soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki kun ichida ushbu soʻrovga ochiq elektron chat orqali tushuntirish yuborishi shart.
12539. Buyurtmachi xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan tanlov takliflarining taʼminlanishi zarurligi tarzida talab belgilagan taqdirda, tanlov takliflari yuborilguniga qadar ishtirokchi taʼminotning maqbulligini tasdiqlash toʻgʻrisida ochiq elektron chat orqali soʻrov yuborishga haqli. Buyurtmachi bunday soʻrovga darhol javob beradi.
12540. Elektron tanlovda quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlgan ishtirokchilar qatnasha oladi:
shartnomani bajarish uchun zarur texnikaviy, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslarining hamda boshqa resurslarning mavjudligi;
shartnoma tuzish uchun qonuniy huquqqa egalik;
soliqlar va yigʻimlar boʻyicha qarzdorlikning mavjud emasligi;
oʻziga nisbatan joriy etilgan bankrotlik tartib-taomillarining mavjud emasligi;
insofsiz ijrochilarning yagona reyestrida qayd etilmaganligi.
4-§. Elektron tanlov natijalarini sarhisob qilish
12541. Uch yoki undan ortiq elektron tanlov ishtirokchilari — mahalliy ishlab chiqaruvchilar boʻlgan taqdirda davlat xaridlari buyurtmachining tanloviga koʻra mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida amalga oshirilishi mumkin.
12542. Elektron tanlovda bitta ishtirokchi ishtirok etgan yoki bironta ishtirokchi ishtirok etmagan taqdirda tanlov oʻtkazilmagan deb topiladi. Bunday holatda buyurtmachi tanlovni ayni oʻsha shartlarda hamda tovarga (ishga, xizmatga) doir ayni oʻsha mezonlarga va talablarga muvofiq takroran amalga oshirishi shart.
12543. Elektron tanlov xarid komissiyasi tomonidan belgilangan muddatda oʻtkazilganda elektron tizim avtomatik ravishda ishtirokchilar tomonidan joylashtirilgan va ularning tanlov takliflarini tashkil etuvchi elektron hujjatlarni koʻrish imkoniyatini beradi.
Ishtirokchi tomonidan biriktirilgan fayllar uning tanlov taklifida koʻrsatilgan maʼlumotlariga mos boʻlishi hamda elektron tizimdagi elektron maydonlar toʻldirilishi kerak.
Elektron tizim ishtirokchi taklif etgan narxni boshlangʻich narxga muvofiqligini va elektron maydonlarning toʻldirilganligini hamda biriktirilgan fayllarning mavjudligini tekshiradi. Ishtirokchi tomonidan taklif etilgan narx boshlangʻich narxdan yuqori boʻlsa, shuningdek toʻldirilmagan maydonlar mavjud boʻlsa yoki biriktirilgan fayllar toʻliq boʻlmasa, elektron tizim rad etish sababini koʻrsatgan holda ishtirokchining taklifini rad etadi. Biriktirilgan fayllardagi maʼlumotlarning ishtirokchining tanlov taklifida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish xarid komissiyasining masʼul kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
12544. Agar tanlov taklifi Qonunning va tanlov hujjatlarining talablariga muvofiq boʻlsa, u tegishli tarzda rasmiylashtirilgan deb topiladi. Tanlov taklifi tegishli tarzda rasmiylashtirilganligi yoki rasmiylashtirilmaganligi boʻyicha xarid komissiyasi masʼul kotibining qarori uning asoslangan sabablari bilan xarid komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
12545. Tanlov takliflarini baholash vaqtida xarid komissiyasining masʼul kotibi elektron tanlov ishtirokchilaridan ularning tanlov takliflari yuzasidan tushuntirishlar soʻrashga haqli. Mazkur jarayon elektron shaklda oʻtkaziladi.
12546. Tanlov taklifi tanlov hujjatlari bilan belgilangan muddat mobaynida kuchda qoladi.
12547. Tanlov taklifining texnik qismini miqdoriy koʻrsatkichlarga asosan baholash, shuningdek taklifning narx qismini baholash elektron tizim tomonidan avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Miqdor koʻrsatkichlariga ega boʻlmagan taklifning texnik qismining mezonlari (ekspert mezonlari) boʻyicha ishtirokchilarning takliflarini baholash va taqqoslash xarid komissiyasi tomonidan ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Tanlov hujjatlari shablonlarini toʻldirishda miqdoriy (oʻlchov birligini belgilagan holda) va ekspert mezonlarni xarid komissiyasi tasdiqlaydi.
12548. Tanlov hujjatlarida belgilangan shartlardan kelib chiqib elektron tizim avtomatik ravishda:
tanlov taklifining texnik va narx qismlarini baholashni hisobga olgan holda eng yuqori ball toʻplagan ishtirokchini (ball usulidan foydalanganda);
tanlov takliflarining texnik qismini baholash natijalariga koʻra elektron tanlovda ishtirok etishni davom ettirishga ruxsat berilgan ishtirokchilar orasidan eng past narxni taklif etgan ishtirokchini (eng past narx usulidan foydalanganda) gʻolib sifatida aniqlaydi.
Ikki yoki undan ortiq ishtirokchilar bir xil ball toʻplagan boʻlsa (ball usulidan foydalanganda) yoki bir xil narx taklif qilgan boʻlsa (eng past narx usulidan foydalanganda), tanlov taklifini barchadan oldin joylashtirgan ishtirokchi gʻolib deb topiladi.
Zaxira ijrochisini aniqlash mazkur bandda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
12549. Tanlov takliflarini koʻrib chiqish natijalariga koʻra xarid komissiyasining masʼul kotibi elektron tizimda xarid komissiyasi yigʻilishining elektron bayonnomasini tuzadi hamda tasdiqlash uchun xarid komissiyasi aʼzolariga yuboradi.
Xarid komissiyasi aʼzolari elektron bayonnomani elektron raqamli imzolaridan foydalangan holda tasdiqlaydi.
12550. Xarid komissiyasining qarorlari uning aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
12551. Tanlov takliflarini koʻrib chiqish hamda baholash natijalari elektron bayonnomada qayd etiladi va elektron tanlov oʻtkazish boʻyicha xarid komissiyasi aʼzolari tomonidan elektron raqamli imzolaridan foydalangan holda imzolanadi. Elektron bayonnomadan koʻchirma portalda avtomatik ravishda eʼlon qilinadi.
Bunda, bayonnomada quyidagi axborot boʻlishi kerak:
tanlov takliflari koʻrib chiqiladigan hamda baholanadigan sana va vaqt;
xarid komissiyasi aʼzolarining va elektron tanlov ishtirokchilari vakolatli vakillarining tarkibi;
tanlov takliflari koʻrib chiqilgan elektron tanlov ishtirokchilari;
tanlov takliflari ularni rad etishning aniq sabablari koʻrsatilgan holda rad etilgan elektron tanlov ishtirokchilari;
elektron tanlov gʻolibi toʻgʻrisida qabul qilingan qaror haqida maʼlumot;
elektron tanlov gʻolibining nomi (yuridik shaxslar uchun), F.I.O. (jismoniy shaxslar uchun), turgan joyi (pochta manzili).
12552. Elektron tanlovning istalgan ishtirokchisi elektron bayonnoma eʼlon qilinganidan soʻng buyurtmachiga elektron tanlov natijalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli.
12553. Buyurtmachi bunday soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida elektron tanlov ishtirokchisiga tegishli tushuntirishlarni taqdim etishi majbur.
12554. Elektron tanlov oʻtkazish natijalariga koʻra shartnoma mazkur Nizomning 3-bobi 7-paragrafiga muvofiq tartibda elektron shaklda tuziladi, tomonlarning elektron raqamli imzolari bilan tasdiqlanadi hamda shartnomalar reyestriga kiritiladi.”.
13. 184-banddagi “ishtirokchi va rezervdagi ishtirokchi” degan soʻzlar “ijrochi va zaxira ijrochisi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
14. Quyidagi mazmundagi 41-bob bilan toʻldirilsin:
“41-bob. Elektron tender oʻtkazish tartib-taomillari
1-§. Elektron tender orqali davlat xaridlarini amalga oshirish shartlari va xarid komissiyasi faoliyatini tartibga solish
2041. Elektron tender orqali davlat xaridlarini amalga oshirish shartlari mazkur Nizomning 4-bobi 1-paragrafiga muvofiq belgilanadi.
2042. Elektron tender oʻtkazish uchun buyurtmachi huzurida toq sonli (yetti kishidan kam boʻlmagan) aʼzolardan iborat xarid komissiyasi tuziladi.
2043. Xarid komissiyasi aʼzolarining tarkibi va soni xarid qilish tartib-taomilining turiga bogʻliq boʻladi hamda olinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) xususiyatlari inobatga olingan holda oʻzgartirilishi mumkin.
2044. Elektron tender xoʻjalik faoliyati doirasida oʻtkazilganda xarid komissiyasi buyurtmachining vakillari orasidan, zarur boʻlgan taqdirda ovoz berish huquqiga ega ekspertlar jalb etilgan holda shakllantiriladi.
2045. Elektron tender loyiha faoliyati doirasida oʻtkazilganda xarid komissiyasi vazifalarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladigan loyihani amalga oshiruvchi guruh bajaradi, u elektron tender natijalari toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
2046. Xarid komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” respublika loyihalashtirish instituti vakillari kiritilishi shart.
2047. Xarid komissiyasi buyurtmachining tegishli qarorlari bilan shakllantiriladi va tarqatib yuboriladi.
2048. Elektron tender oʻtkazish boʻyicha xarid komissiyasining tezkor faoliyatini uning ovoz berish huquqiga ega boʻlmagan masʼul kotibi tashkillashtiradi.
Xarid komissiyasining masʼul kotibi:
ishtirokchilarning takliflarini tender hujjatlarining rasmiylashtirish talablariga mos kelishi boʻyicha tekshirishni amalga oshiradi va tekshirish natijalarini xarid komissiyasiga koʻrib chiqish uchun taqdim qiladi;
tasdiqlangan mezonlar boʻyicha ishtirokchilarning takliflarini baholash natijalarini elektron tizimda joylashtiradi.
2049. Buyurtmachi xarid komissiyasining har bir aʼzosiga va masʼul kotibiga oʻz vazifalarini amalga oshirish uchun elektron tizimda shaxsiy kabinet ochadi.
20410. Xarid komissiyasining vakolatiga kiritilgan masalalarni koʻrib chiqish uchun xarid komissiyasining aʼzolari va masʼul kotibining elektron tizim tomonidan yopiq chat orqali muloqot qilish imkoniyati taʼminlanadi.
20411. Elektron tizimdagi shaxsiy kabinetga birinchi marotaba kirilayotganda xarid komissiyaning har bir aʼzosi, shu jumladan uning raisi ishtirokchilar bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni kiritishi shart. Operator xarid komissiyasi aʼzolari tomonidan kiritilgan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash boʻyicha javobgar boʻladi.
20412. Xarid komissiyasi aʼzolarida ishtirokchilar bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjud boʻlgan taqdirda, xarid komissiyasining bunday aʼzosi bu masala koʻtarilgan majlisda oʻzini oʻzi rad etishi va mazkur masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerak, bu haqda bayonnomada qayd etiladi.
Ishtirokchilarning xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqishda xarid komissiyasi aʼzolarining ushbu ishtirokchilar bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjud boʻlganda tizim ushbu xarid komissiyasi aʼzosining ovozini mazkur masala boʻyicha ovoz berish natijalaridan chiqarib tashlaydi.
20413. Xarid komissiyasi raisining affillanganlik xususiyatiga ega aloqalari mavjud boʻlsa, elektron tenderni oʻtkazish jarayoni buyurtmachi tomonidan yangi xarid komissiyasi raisi tayinlanguniga qadar toʻxtatiladi.
20414. Xarid komissiyasining har bir aʼzosi oʻzining shaxsiy kabineti orqali ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki unda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin. Xarid komissiyasi aʼzosi qarshi ovoz berganda elektron bayonnomada sharh qoldirishi shart. Belgilangan muddatlarda xarid komissiya aʼzosi shaxsiy kabineti orqali ovoz berishdan bosh tortgan taqdirda, uning ovozi betaraf sifatida qabul qilinadi. Xarid komissiya raisi ovoz berishda betaraf qolishga haqli emas.
2-§. Elektron tender oʻtkazishda tender hujjatlarini ishlab chiqish va tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonni joylashtirish
20415. Buyurtmachi tomonidan elektron tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng buyurtmachining mutaxassislari yoki elektron tenderni tashkillashtirish va oʻtkazish uchun masʼul shaxs tomonidan tender hujjatlarining, shartnoma va elektron tender oʻtkazish haqidagi eʼlonning matni ishlab chiqiladi.
20416. Elektron tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi axborot boʻlishi kerak:
tovarning (ishning, xizmatning) batafsil tavsifi va narxi;
elektron tender oʻtkazadigan operatorning nomi va uning veb-saytiga havola;
elektron tender ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar;
buyurtmachining ishtirokchilar bilan aloqada boʻlish uchun bogʻlovchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir nechta mansabdor shaxsining yoki boshqa xodimlarining F.I.O., lavozimi va manzili;
tender takliflarini berish muddati tugaydigan sana va vaqt;
tender takliflarini rasmiylashtirishga doir talablar.
Elektron tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa axborot ham boʻlishi mumkin.
20417. Tender hujjatlarida quyidagilar boʻlishi kerak:
elektron tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan axborot;
shartnoma bahosini va ijrochilar bilan hisob-kitoblarni shakllantirish uchun foydalaniladigan valyuta hamda toʻlov tartibi haqidagi axborot;
elektron tenderda ishtirok etish uchun tender taklif qaysi tilda tayyorlanishi kerakligi boʻyicha talab;
elektron tender ishtirokchisi tender taklifining texnik va narxga oid qismi, ularni baholash tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
elektron tender ishtirokchilariga tender hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, taqdim etish muddati boshlanadigan va tugaydigan sana;
texnik topshiriq;
Qonunga muvofiq ishtirokchilarning tender takliflarini baholash usullari, mezonlari va koʻrib chiqish tartibi.
Tender hujjatlarida elektron tender ishtirokchilari malakasiga oid talablar nazarda tutilishi mumkin.
20418. Tender taklifining texnik va narx qismi boʻyicha buyurtmachining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) boʻlgan extiyojlarini qondirish uchun taklifning har bir qismini baholash ahamiyatiga qarab nisbiy qiymati belgilanadi.
Tender hujjatlarida ballarning boshlangʻich qiymatlari belgilanishi mumkin va ulardan oʻtmagan ishtirokchi elektron tenderdan chetlatiladi.
Tender taklifining texnik qismi uchun miqdoriy koʻrsatkichlardan (malakali mutaxassislar soni, yetkazib berish muddati, ish tajribasi va boshqalar) yoki ekspert bahosidan kelib chiqqan holda baholash mezonlari belgilanadi.
Ball usulidan foydalanganda tender taklifining texnik qismining har bir baholash mezoni boʻyicha nisbiy qiymat belgilanishi mumkin. Eng past narx usulidan foydalanganda ishtirokchining taklifi tender hujjatlarida belgilangan talablarga mos kelishi yoki mos kelmasligini aniqlovchi mezonlar belgilanishi mumkin.
Tender hujjatlarida belgilangan mezonlar oʻta muhim qiymatga ega boʻlishi mumkin. Bunda tender taklifining belgilangan mezonlarga mos kelmasligi ishtirokchini elektron tenderning har qanday bosqichida chetlatilishiga olib keladi.
Shartnoma summasi (narxi) tender taklifi narx qismining yagona mezoni hisoblanadi.
20419. Tender hujjatlariga ularning ajralmas qismi boʻlgan shartnoma loyihasi ilova qilinadi.
20420. Buyurtmachi tender hujjatlarini kelishish uchun elektron shaklda xarid komissiyasiga kiritadi.
20421. Xarid komissiyasi oʻzining yuzma-yuz majlisida yoki masofadan turib tender hujjatlari loyihasini Qonun talablariga muvofiqligi boʻyicha koʻrib chiqadi va quyidagilarni belgilaydi:
tender takliflari qabul qilinadigan muddatlar;
tender takliflarini baholash usullari va mezonlari;
tender taklifi qismlarining va zarur hollarda texnik qismining har bir baholash mezoni boʻyicha nisbiy qiymati;
tender taklifini taʼminlash hajmi va shakli.
20422. Tender hujjatlari loyihasi unda belgilangan talablar bilan birga muhokamaga qoʻyiladi.
20423. Xarid komissiyasi tomonidan tender hujjatlari loyihasi maʼqullangan holda elektron tender oʻtkazish haqida qaror qabul qilinadi.
20424. Tender hujjatlari maʼqullanmagan hollarda ular qayta ishlash uchun qaytarib yuborilishi yoki xarid komissiyasi majlisida qayta ishlanishi mumkin.
20425. Ishlab chiqilgan tender hujjatlari loyihasi buyurtmachi tomonidan tender hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish uchun Markazga yuboriladi.
20426. Maʼqullangan tender hujjatlarini buyurtmachi elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.
20427. Tasdiqlangan tender hujjatlari, shartnoma loyihasi, shuningdek elektron tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon elektron tender ishtirokchilaridan tender takliflarini qabul qilish muddati tugaydigan sanadan kamida oʻttiz kun oldin va koʻpi bilan qirq besh kun oldin portalga buyurtmachi tomonidan joylashtiriladi.
20428. Elektron tender oʻtkazishni amalga oshirish haqidagi eʼlon qoʻshimcha ravishda buyurtmachining rasmiy veb-saytida yoki oʻzining yuqori turuvchi organi rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga joylashtirilishi mumkin.
20429. Tender hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi qaror elektron tenderda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida uch kun oldin qabul qilinishi mumkin.
Bunda ushbu elektron tenderda tender hujjatiga oʻzgartirish takliflar berish muddati tugayotganda kiritilgan taqdirda elektron tender, tender hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilgan sanadan eʼtiboran oʻn kundan kam boʻlmagan muddatga uzaytirilishi lozim. Shu bilan bir vaqtda, agar eʼlonda koʻrsatilgan axborot oʻzgartirilgan boʻlsa, elektron tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonga oʻzgartirishlar kiritiladi.
20430. Tender hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish jarayonida tovarni (ishni, xizmatni) oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
20431. Zarur boʻlgan hollarda buyurtmachi tomonidan tender takliflarini berish muddati uzaytirilishi yoki elektron tender ishtirokchilariga tender takliflari qabul qilinishi muddati xarid komissiyasi qarori bilan maʼlum vaqtga uzaytirish taklifi bilan murojaat qilishi mumkin.
20432. Tender hujjatlarida buyurtmachi har bir tovar (ish, xizmat) alohida lot sifatida koʻrib chiqilishini eʼlon qilishi mumkin. Bu holatda buyurtmachi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun tenderning bir nechta ishtirokchisi bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bunda har bir lot uchun faqat bitta gʻolib aniqlanishi mumkin.
3-§. Elektron tenderda ishtirok etish uchun taklif berish
20433. Elektron tender oʻtkazilganda ishtirokchilar tender takliflarini elektron konvert koʻrinishida oʻzlarining shaxsiy kabinetlari orqali elektron tenderni oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan muddatdan kechiktirmay taqdim etadilar.
20434. Ishtirokchining tender taklifini tashkil etuvchi elektron hujjatlar operator tomonidan belgilangan formatlarda taqdim etiladi. Xar bir joylashtirilgan elektron hujjat ishtirokchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
20435. Tender taklifi bilan birgalikda ishtirokchilar eskizlar, rasmlar, chizmalar, fotosuratlar va boshqa hujjatlarni fayl sifatida joylashtirishlari mumkin.
Bunda ishtirokchilarning tender takliflari elektron tizimda shablonlarga muvofiq hujjatlarni biriktirish orqali taqdim etiladi. Ishtirokchi tomonidan koʻrsatilgan maʼlumotlar biriktirilgan hujjatlardagi maʼlumotlarga mos kelishi kerak.
20436. Tender takliflarini ochish muddati yetib kelgunga qadar ular elektron tender ishtirokchilari, shu jumladan xarid komissiyasi masʼul kotibi va aʼzolari tomonidan koʻrilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu takliflarni taqdim etgan ishtirokchi mustasno. Mazkur talabning bajarilishiga operator javobgar hisoblanadi.
20437. Elektron tender ishtirokchisi bitta lotga faqat bitta tender taklifini berishga haqli.
20438. Elektron tender ishtirokchisi taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning haqiqiyligi va toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.
20439. Elektron tender ishtirokchisi tender takliflarini berish muddati tugaguniga qadar berilgan tender taklifini qaytarib olishga yoki unga oʻzgartirishlar kiritishga haqli.
20440. Joylashtirilgan eʼlonda koʻrsatilgan muddat va vaqtda elektron tizim tender takliflarini qabul qilishni toʻxtatadi.
20441. Tender takliflari tender hujjatlarida koʻrsatilgan muddatda oʻz kuchida qoladi.
20442. Elektron tender ishtirokchisi tender hujjatlaridagi talablarni tushuntirish talabi bilan buyurtmachiga ochiq elektron chat orqali tender takliflarini berish muddati tugaydigan sanadan kamida ikki kun oldin soʻrov yuborishga haqli.
20443. Buyurtmachi soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki kun ichida ushbu soʻrovga ochiq elektron chat orqali tushuntirish yuborishi shart.
20444. Buyurtmachi elektron tender oʻtkazish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan tender takliflarining taʼminlanishi zarurligi tarzida talab belgilagan taqdirda, tender takliflari yuborilguniga qadar ishtirokchi taʼminotning maqbulligini tasdiqlash toʻgʻrisida ochiq elektron chat orqali soʻrov yuborishga haqli. Buyurtmachi bunday soʻrovga darhol javob beradi.
20445. Elektron tenderda quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlgan ishtirokchilar qatnasha oladi:
shartnomani bajarish uchun zarur texnikaviy, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslarining hamda boshqa resurslarning mavjudligi;
shartnoma tuzish uchun qonuniy huquqqa egalik;
soliqlar va yigʻimlar boʻyicha qarzdorlikning mavjud emasligi;
oʻziga nisbatan joriy etilgan bankrotlik tartib-taomillarining mavjud emasligi;
insofsiz ijrochilarning yagona reyestrida qayd etilmaganligi.
4-§. Elektron tender natijalarini sarhisob qilish
20446. Uch yoki undan ortiq elektron tender ishtirokchilari — mahalliy ishlab chiqaruvchilar boʻlgan taqdirda davlat xaridlari buyurtmachining tanloviga koʻra mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida amalga oshirilishi mumkin.
20447. Elektron tenderda bitta ishtirokchi ishtirok etgan yoki bironta ishtirokchi ishtirok etmagan taqdirda tanlov oʻtkazilmagan deb topiladi. Bunday holatda buyurtmachi tenderni ayni oʻsha shartlarda hamda tovarga (ishga, xizmatga) doir ayni oʻsha mezonlarga va talablarga muvofiq takroran amalga oshirishi shart.
20448. Elektron tender xarid komissiyasi tomonidan belgilangan muddatda oʻtkazilganda elektron tizim avtomatik ravishda ishtirokchilar tomonidan joylashtirilgan va ularning tender takliflarini tashkil etuvchi elektron hujjatlarni koʻrish imkoniyatini beradi.
Ishtirokchi tomonidan biriktirilgan fayllar uning tender taklifida koʻrsatilgan maʼlumotlariga mos boʻlishi hamda elektron tizimdagi elektron maydonlar toʻldirilishi kerak.
Elektron tizim ishtirokchi taklif etgan narxni boshlangʻich narxga muvofiqligini va elektron maydonlarning toʻldirilganligini hamda biriktirilgan fayllarning mavjudligini tekshiradi. Ishtirokchi tomonidan taklif etilgan narx boshlangʻich narxdan yuqori boʻlsa, shuningdek, toʻldirilmagan maydonlar mavjud boʻlsa yoki biriktirilgan fayllar toʻliq boʻlmasa, elektron tizim rad etish sababini koʻrsatgan holda ishtirokchining tender taklifini rad etadi. Biriktirilgan fayllardagi maʼlumotlarning ishtirokchining tender taklifida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish xarid komissiyasining masʼul kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
20449. Tender takliflarini baholash quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
tender taklifining tender hujjatlarida koʻrsatilgan talablarga mos ravishda rasmiylashtirilganligini tekshirish;
ishtirokchining malaka talablarga (tender hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlsa) muvofiqligini baholash;
tender taklifining texnik qismini baholash;
tender taklifining narx qismini baholash.
Bunda elektron tizim tender taklifining malaka, texnik va narx qismlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni tender taklifining oldingi qismi baholanishi yakunlangandan soʻng ketma-ketlik bilan oshkor qilinishini taʼminlaydi.
20450. Agar tender taklifi Qonunning va tender hujjatlarining talablariga muvofiq kelsa, u tegishli tarzda rasmiylashtirilgan deb topiladi. Tender taklifi tender hujjatlarining talablariga muvofiqligi yoki nomuvofiqligi boʻyicha xarid komissiyasi masʼul kotibining qarori uning asoslangan sabablari bilan xarid komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
20451. Ishtirokchining tender taklifi talablarga mos kelmaganligi toʻgʻrisidagi qaror, ushbu qaror qabul qilingan kunda ishtirokchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
20452. Elektron tender gʻolibini aniqlash uchun rad etilmagan tender takliflarini baholash tender hujjatlarida belgilangan mezonlar va usul asosida amalga oshiriladi. Buyurtmachi ishtirokchilarning tender takliflarini baholash usulini (eng past narx usulini yoki ball usulini) va mezonlarini ishlab chiqadi va xarid komissiyasiga kelishish uchun kiritadi.
20453. Tender takliflarini baholash vaqtida xarid komissiyasining masʼul kotibi elektron tender ishtirokchilaridan ularning tender takliflari yuzasidan tushuntirishlar soʻrashga haqli. Mazkur jarayon elektron shaklda oʻtkaziladi.
20454. Tender taklifining texnik qismini miqdoriy koʻrsatkichlarga asosan baholash, shuningdek taklifning narx qismini baholash elektron tizim tomonidan avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Miqdor koʻrsatkichlariga ega boʻlmagan taklifning texnik qismining mezonlari (ekspert mezonlari) boʻyicha ishtirokchilarning takliflarini baholash va taqqoslash xarid komissiyasi tomonidan ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Tender hujjatlari shablonlarini toʻldirishda miqdoriy (oʻlchov birligini belgilagan holda) va ekspert mezonlarni xarid komissiyasi tasdiqlaydi.
20455. Miqdor koʻrsatkichlariga asoslangan mezonlarni baholashda:
tender hujjatlarida koʻrsatkichlarning eng kam va eng koʻp qiymatlari belgilanishi mumkin;
miqdor koʻrsatkichlari eng kam va eng koʻp hisobga olinadigan qiymatlari oraligʻida boʻlgan ishtirokchilar uchun ball koeffitsiyenti uning miqdor koʻrsatkichining eng kam va eng koʻp hisobga olinadigan qiymatlarining farqiga boʻlgan nisbatini aniqlash orqali hisoblanadi;
agar maʼlum bir mezon boʻyicha ishtirokchining miqdor koʻrsatkichi tender hujjatlarida belgilangan shartlarga muvofiq eng kam hisobga olinadigan qiymatidan kam boʻlsa, ishtirokchiga eng kam ball qoʻyiladi;
agar maʼlum bir mezon boʻyicha ishtirokchining miqdor koʻrsatkichi eng koʻp hisobga olinadigan qiymatidan yuqori boʻlsa, uning koʻrsatkichi eng koʻp hisobga olinadigan qiymatidan qay darajada yuqoriligidan qatʼi nazar unga ushbu mezon boʻyicha eng yuqori ball beriladi;
miqdoriy yoki ekspert mezonini baholash elektron tizim tomonidan ballni ushbu mezonning hisobga olinadigan qiymatiga koʻpaytirish orqali avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
20456. Xarid qilinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) oʻziga xos xossalari va xususiyatlaridan kelib chiqib, xarid komissiyasi ishtirokchilarga shartnomani bajarish uchun zarur professional va texnik malaka maʼlumotlariga, kasbiy va texnik kompetensiyaga, moliyaviy resurslarga, jihozlarga va boshqa moddiy imkoniyatlarga, boshqaruv malakaga, ishonchliligiga, tajribaga va obroʻga, shuningdek inson resurslariga ega ekanligiga ishonch hosil qilish uchun qoʻshimcha mezon va talablarni belgilash huquqiga ega.
Bunda ishtirokchilarni kamsitishga olib kelishi mumkin boʻlgan mezonlarni, talablarni va tartib-taomillarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
20457. Tender hujjatlarida elektron tender ishtirokchisining malaka talablariga mos kelishini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron tizimga biriktirilishi nazarda tutilishi mumkin. Buyurtmachi tender hujjatlarida nazarda tutilmagan mezonlar boʻyicha ishtirokchining malakasini baholashga yoki tender hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etilishini talab qilishga haqli emas.
20458. Tender hujjatlarida belgilangan shartlardan kelib chiqib elektron tizim avtomatik ravishda:
tender taklifining texnik va narx qisimlarini baholashni hisobga olgan holda eng yuqori bal toʻplagan ishtirokchini (bal usulidan foydalanganda). Ikki yoki undan ortiq ishtirokchilar bir xil ball toʻplagan boʻlsa, tender taklifini barchadan oldin joylashtirgan ishtirokchi gʻolib deb topiladi;
tender takliflarining texnik qismini baholash natijalariga koʻra elektron tenderda ishtirok etishni davom ettirishga ruxsat berilgan ishtirokchilar orasidan eng past narxni taklif etgan ishtirokchini (eng past narx usulidan foydalanganda) gʻolib sifatida aniqlaydi.
Zaxira ijrochisini aniqlash mazkur bandda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
20459. Xarid komissiyasining qarorlari uning aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
20460. Tender takliflarini koʻrib chiqish natijalariga koʻra xarid komissiyasining masʼul kotibi elektron tizimdagi mavjud shablonlar asosida xarid komissiya yigʻilishining elektron bayonnomalarini shakllantiradi hamda tasdiqlash uchun xarid komissiyasi aʼzolariga yoʻllaydi.
Xarid komissiyasi aʼzolari yigʻilishining elektron bayonnomalarini elektron raqamli imzolaridan foydalangan holda tasdiqlaydi. Elektron bayonnomadan koʻchirma portalda avtomatik ravishda eʼlon qilinadi.
20461. Tender takliflarini koʻrib chiqish va baholash bayonnomasida quyidagi axborot boʻlishi kerak:
tender takliflari koʻrib chiqiladigan hamda baholanadigan sana va vaqt toʻgʻrisida;
hozir boʻlgan xarid komissiyasi aʼzolarining va elektron tender ishtirokchilari vakolatli vakillarining tarkibi haqida;
tender takliflari koʻrib chiqilgan elektron tender ishtirokchilari toʻgʻrisida;
tender takliflari ularni rad etishning aniq sabablari koʻrsatilgan holda rad etilgan elektron tender ishtirokchilari haqida;
elektron tender gʻolibi toʻgʻrisida qabul qilingan qaror haqida;
elektron tender gʻolibining nomi (yuridik shaxs uchun), familiyasi, ismi, otasining ismi (jismoniy shaxs uchun), turgan joyi (pochta manzili).
20462. Elektron tenderning istalgan ishtirokchisi tender takliflarini koʻrib chiqish va baholash bayonnomasi eʼlon qilinganidan soʻng buyurtmachiga elektron tender natijalari boʻyicha tushuntirishlarni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli.
20463. Buyurtmachi bunday soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida elektron tender ishtirokchisiga tegishli tushuntirishlarni taqdim etishi shart.
20464. Elektron tender oʻtkazish natijalariga koʻra shartnoma tuzish mazkur Nizomning 4-bobi 7-paragrafiga muvofiq tartibga solinadi. Bunda shartnoma elektron hujjat shaklida tuziladi, tomonlarning elektron raqamli imzolari bilan tasdiqlanadi va operator tomonidan shartnomalar reyestriga kiritiladi.”.
15. 231 — 233-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“231. Shartnomalar reyestri elektron doʻkon, auksion, tanlov, tender, elektron tanlov, elektron tender natijalari va toʻgʻridan toʻgʻri tuzilgan shartnomalar, shu jumladan, yagona yetkazib beruvchidan amalga oshirilgan xaridlar yakunlari boʻyicha shakllantiriladi.
232. Elektron doʻkon va auksion, shuningdek, elektron tanlov va elektron tender orqali tuzilgan shartnomalar portalda roʻyxatga olinganidan soʻng avtomatik rejimda shartnomalar reyestriga kiritiladi.
233. Buyurtmachi tomonidan tanlov, tender, yagona yetkazib beruvchidan xarid amalga oshirilishi, shuningdek boshqa toʻgʻridan toʻgʻri xaridlar natijasida tuzilgan shartnomalar haqidagi maʼlumotlar elektron tizimga kiritilgandan soʻng elektron tizim tomonidan avtomatik rejimda axborot shakllantiriladi va shartnomalar reyestriga kiritiladi.”.
16. 2351-banddagi “kunlik” degan soʻz “onlayn” degan soʻz bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2020-y., 10/20/3016-3/0460-son)