Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining faoliyatini kuchaytirish va samaradorligini oshirish toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 3-bandiga muvofiq hamda Senat devoni faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Davlat budjeti, iqtisodiyot, pul-kredit siyosati ustidan parlament nazoratining taʼsirchanligini kuchaytirish maqsadida Senat devoni tarkibida Davlat budjeti, pul-kredit siyosati va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini tahlil qilish boshqarmasi tashkil qilinsin.
Boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Davlat budjeti, pul-kredit siyosati va iqtisodiyot masalalariga oid qonunlarni Senat qoʻmitalarida dastlabki tarzda koʻrib chiqishga koʻmaklashish;
navbatdagi yil uchun Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun va budjetnoma loyihasini hududiy manfaatlar nuqtai nazaridan moliyaviy ekspertizadan oʻtkazish va xulosa berish;
Senat qoʻmitalariga (komissiyalariga) Davlat budjeti shakllanishi va ijrosining, shu jumladan mahalliy budjetlar ijrosining borishini, shuningdek pul-kredit siyosati hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini nazorat qilishga koʻmaklashish;
Davlat budjeti va mahalliy budjetlar shakllanishi hamda ijrosi etilishi, shuningdek pul-kredit siyosati hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan Senat qoʻmitalari (komissiyalari) tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbirlarida bevosita ishtirok etish;
Senat, uning organlari va senatorlarni budjet, pul-kredit siyosati va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga doir materiallar bilan vaqti-vaqti bilan taʼminlab borish;
xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda qonun hujjatlarini takomillashtirishga, shu jumladan Senatning Davlat budjeti shakllanishi va ijro etilishini nazorat qilish, pul-kredit siyosati va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga doir faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
Belgilansinki, Boshqarma jami shtat birliklari soni 11 nafar, shu jumladan 10 nafar boshqaruv va 1 nafar texnik xodimdan iborat boʻladi.
2. Senat devonining Yigʻma axborot-tahlil boʻlimi negizida Senat devonining Nazorat-tahlil boshqarmasi tashkil qilinsin.
Boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Senat, uning organlari va senatorlar faoliyatini axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash;
Senatning nazorat faoliyatini, shuningdek hududiy manfaatlarni taʼminlash boʻyicha faoliyatini tahlil qilish hamda samaradorligini oshirishga qaratilgan tahlil va tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
Senat, uning Kengashi qarorlari va boshqa hujjatlarning ijro etilishi, Senat rahbariyati topshiriqlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Senat, uning Kengashi, qoʻmitalari (komissiyalari), Senat aʼzolari va Senat devoni tarkibiy boʻlinmalari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlarni hamda maʼlumotlarni umumlashtirish hamda tahlil qilish;
xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda Senat faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;
Senat, uning Kengashi va qoʻmitalari (komissiyalari), Senat devoni tarkibiy boʻlinmalarining tarjima hamda tahrir ishlarini amalga oshirish.
Belgilansinki, Boshqarma jami shtat birliklari soni 9 nafar, shu jumladan 8 nafar boshqaruv va 1 nafar texnik xodimdan iborat boʻladi.
3. Senat devonining Jamoatchilik bilan aloqalar va tahrir boʻlimi negizida Axborot xizmati tashkil qilinsin.
Axborot xizmatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Senatning axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;
rasmiy xabarlar, press-relizlar, bildirishnomalar va boshqa materiallar tayyorlash, ularni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish hamda Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtirish orqali mahalliy va xorijiy jamoatchilikni Senat faoliyatidan xabardor qilish, Senatning ijobiy imijini shakllantirish va mustahkamlash;
Senat faoliyatini tezkor va xolis yoritib borish maqsadida milliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan internet nashrlari bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish;
milliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarida Senat va senatorlar faoliyatiga doir eʼlon qilingan materiallarni oʻrganish hamda ularning monitoringini yuritish va axborot-tahliliy maʼlumotlar tayyorlash;
senatorlarning ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlarini, intervyu, brifing, davra suhbati va matbuot anjumanlarini tashkil qilish;
Senat Kengashi, qoʻmitalari (komissiyalari) va Senat aʼzolariga, shuningdek Senat devoni tarkibiy boʻlinmalariga publitsistik materiallar tayyorlashda uslubiy koʻmaklashish;
Senatning bosma organlari ishini muvofiqlashtirishda ishtirok etish.
Belgilansinki, Axborot xizmati jami shtat birliklari soni 4 nafar, shu jumladan 3 nafar boshqaruv va 1 nafar texnik xodimdan iborat boʻladi.
4. Senat devonining Tashkiliy-nazorat boʻlimi negizida Senat devonining Umumiy boʻlimi tashkil etilsin.
Boʻlimning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Senat, uning Kengashi majlislarini, shuningdek Senat rahbariyati tomonidan oʻtkaziladigan boshqa tadbirlarni tayyorlash va oʻtkazishga tashkiliy-texnik xizmat koʻrsatish;
Senat devoni xodimlarining mehnat va ijro intizomiga rioya etishlarini taʼminlash;
Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar va Senat devoni xodimlarining shaxsiy yigʻmajildlari hisobini yuritish;
Senatda ish yuritishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida ish yuritish yoʻriqnomasiga muvofiq tashkil qilish va taʼminlash;
Senat, uning Kengashi qarorlari va Senat Raisi farmoyishlarini rasmiylashtirish, tegishli blanklarda chop etish va joʻnatish;
Senatga, Senat devoniga kelib tushgan, shuningdek Senat, Senat devoni tarkibiy boʻlinmalari tomonidan tayyorlangan hujjatlarning saqlanishini taʼminlash.
Belgilansinki, Boʻlim jami shtat birliklari soni 9 nafar, shu jumladan 6 nafar boshqaruv va 3 nafar texnik xodimdan iborat boʻladi.
5. Senat rahbariyatini zarur axborot bilan taʼminlab borish maqsadida Senat qoʻmitalari, Senat devoni tarkibiy boʻlinmalari oʻz faoliyati toʻgʻrisida Nazorat-tahlil boshqarmasiga doimiy ravishda (haftalik, oylik, choraklik va yillik) maʼlumotlar taqdim etib borsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 22-apreldagi KQ-34-IV-sonli Qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Senat devoniga qoʻshimcha ravishda ajratilgan 11 ta shtat birligi (10 nafar boshqaruv va 1 nafar texnik) va Senat devoni tarkibida yangi tashkil qilingan boʻlinmalarning faoliyati belgilangan tartibda moliyalashtirilishini;
Senat aʼzolari va Senat devoni xodimlari uchun belgilangan limitlarga muvofiq 2 ta avtotransport vositasi ajratilishini taʼminlasin.
8. Ushbu Qarorga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni rahbari (A. Tamiqayev):
bir oy muddatda Senat devonining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlasin;
bir hafta muddatda Senatning shtatlar jadvaliga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin;
bir hafta muddatda Senat devoni tarkibida yangi tashkil qilingan boʻlinmalarning xodimlarini xizmat xonalari va moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 29-iyuldagi KQ-574-III-sonli Qarori 7-bandining ikkinchi xatboshisi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
10. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari Z. Nizamxodjayev zimmasiga yuklatilsin.
11. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2020-yil 9-mart,
KQ-19-IV-son