Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 16-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1648-6]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 23-yanvardagi 1/8-sonli ““Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1648-7, 27.02.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2006-yil 21-oktabrdagi 25/6-son qarori (roʻyxat raqami 1648, 2006-yil 27-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52-son, 523-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-fevral,
3/15-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 3/15-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning uchinchi xatboshisidagi “eng kam ish haqining ikki ming baravari miqdoridan” degan soʻzlar “600 mln soʻmdan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 14-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Lizing obyekti hisoblangan mol-mulk boʻyicha tuziladigan bitimlar qonunga muvofiq notarial tasdiqlanishi talab qilinadigan hollarda lizing shartnomasi notarial tasdiqlanishi lozim, bundan birlamchi bozordan koʻchmas mulk va transport vositalari olish chogʻidagi lizing toʻgʻrisidagi shartnomalar mustasno.”.
3. 16-bandning birinchi xatboshisidagi “144-moddasi uchinchi qismida” degan soʻzlar “306-moddasi oltinchi qismida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2020-y., 10/20/1648-6/0323-son)