Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZAVTOYOʻL” DAVLAT KONSERNI TOMONIDAN ShAHARLARNI OBODONLAShTIRIShGA DOIR BAJARILAYOTGAN IShLARDAN 1996-YILDA SOLIQ OLISh BOʻYIChA IMTIYOZLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni tashkilotlarining kuch va mablagʻlarining Toshkent shahri, boshqa viloyat markazlari koʻchalarini qayta barpo etish va qurish, shuningdek maktablar, kasalxonalarni va ijtimoiy soha boshqa obyektlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni tashkilotlari foyda va qoʻshilgan qiymat soliqlari boʻyicha boqimandalar summasini, shu jumladan 1993 — 1995-yillarda Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga shaharlar koʻchalarini, shuningdek ijtimoiy maqsadlardagi obyektlarga boriladigan yoʻllarni qurish, tuzatish va obodonlashtirishga doir bajarilgan ishlar hajmlari boʻyicha vujudga kelgan penya va jarimalarni budjetga toʻlashdan ozod qilinsinlar.
2. Amaldagi qonunchilik bilan umumiy foydalanishdagi yoʻllarni qurish, saqlash, tuzatish va ulardan foydalanishga doir ishlar uchun foyda hamda qoʻshilgan qiymat soliqlarini toʻlashdan ozod qilish boʻyicha imtiyozlar 1996-yilda “Oʻzavtoyoʻl” Davlat konserni tashkilotlari tomonidan shaharlar koʻchalarini, shuningdek ijtimoiy maqsadlardagi obyektlarga boriladigan yoʻllarni qurish, tuzatish va obodonlashtirish borasida bajariladigan ishlarga istisno tartibida tatbiq etilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 30-sentabr,
341-son