Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAShQI IShLAR VAZIRLIGIDA MADANIYAT, FAN VA TURIZM SOHASIDA XALQARO HAMKORLIK BOShQARMASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-iyundagi 375-sonli “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 10-maydagi 390-son qaroriga qoʻshimcha kiritish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyatini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 26-fevraldagi PQ-4620-son qarori)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish, respublikaning madaniyat, fan va turizm sohasidagi xalqaro aloqalarini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tarkibida Madaniyat, fan va turizm sohasida xalqaro hamkorlik boshqarmasi tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparati xodimlari soni 13 nafarga koʻpaytirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Boshqarma faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan madaniyat, fan va turizm sohasidagi xalqaro aloqalarini rivojlantirish va muvofiqlashtirishga yoʻnaltirsin;
ikki hafta muddatda Madaniyat, fan va turizm sohasida xalqaro hamkorlik boshqarmasi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda ajratilgan shtat birliklari xarajatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga zarur mablagʻlarni ajratsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 25-sentabr,
335-son