Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fitosanitar xavfni tahlil qilish, fitosanitariya choralarini qoʻllash va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 29-iyuldagi PQ-4406-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fitosanitar xavfni tahlil qilish, fitosanitariya choralarini qoʻllash va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi boshligʻi I.K. Ergashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 19-fevral,
99-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-fevraldagi 99-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Fitosanitar xavfni tahlil qilish, fitosanitariya choralarini qoʻllash va bekor qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom fitosanitar xavfni tahlil qilish, fitosanitariya choralarini qoʻllash va bekor qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalanadi:
rasmiy kurash — karantindagi zararli organizmlarni yoʻq qilish yoki tarqalgan hududini cheklab qoʻyish, shuningdek, tartibga solinadigan, karantin ostida boʻlmagan zararli organizmlarni boshqarish maqsadida majburiy fitosanitariya tartib-qoidalarini qoʻllashni taʼminlash boʻyicha faol choralar;
fitosanitar tahlil natijasi — zararli organizmning xavflilik darajasini aniqlash va unga qarshi qoʻllaniladigan zarur fitosanitariya choralari intensivligini belgilash maqsadida oʻtkaziladigan biologik yoki boshqa ilmiy va iqtisodiy maʼlumotlarni baholash natijasi;
fitosanitariya chorasi — karantindagi zararli organizmlarning kirib kelishi yoki tarqalishining oldini olishga, shuningdek, tartibga solinadigan, karantin ostida boʻlmagan zararli organizmlarning iqtisodiyotga taʼsir koʻrsatishini cheklashga qaratilgan (koʻzdan kechirish, tahlil, nazorat, taqiq qoʻyish va boshqalar) qonun hujjatlari, reglament yoki rasmiy tartib;
Keyingi tahrirga qarang.
fitosanitar xavf — zararli organizmning kirib kelishi va tarqalish ehtimoli hamda u bilan bogʻliq iqtisodiy oqibatlar darajasi;
fitosanitar xavfni baholash — zararli organizmlarning karantindagi zararli organizm deb belgilovchi mezonlarga muvofiqligini aniqlash, uning kirib kelishi, moslashishi va tarqalish ehtimolini baholash, shuningdek, potensial iqtisodiy va ekologik oqibatlarni aniqlash jarayoni;
fitosanitar xavfni boshqarishni baholash — fitosanitar xavfni tahlil qilishning baholash bosqichida aniqlangan xavfga taʼsir qilish yoʻllarini belgilash, ularni qoʻllash samaradorligini baholash va eng maqbulini tanlashdan iborat.
2-bob. Fitosanitar xavfni tahlil qilish
3. Fitosanitar xavfni tahlil qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi hamda organizm zararli ekanligini, tartibga solinishi kerakligini va unga qarshi fitosanitariya choralari qanday darajada taʼsirchan ekanligini aniqlash maqsadida biologik yoki boshqa ilmiy va iqtisodiy maʼlumotlarni baholash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida karantin ahamiyatiga ega boʻlgan zararli organizmlar roʻyxatini shakllantirish va qayta koʻrib chiqish jarayonidan iborat.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Fitosanitar xavfni tahlil qilish metodikasi Inspeksiya tomonidan tasdiqlanadi va fitosanitar xavf tahlili tizimiga doir xalqaro talablariga muvofiq unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Fitosanitar xavfni tahlil qilish metodikasida fitosanitar xavfni tahlil qilishning tegishli bosqichida choralar va ularni amalga oshirish tartibi belgilanadi.
6. Fitosanitar xavfni tahlil qilish uch bosqichda amalga oshiriladi:
xavfni tahlil qilish jarayonini boshlash (dastlabki bosqich);
fitosanitar xavfni baholash;
fitosanitar xavfni boshqarishni baholash.
7. Inspeksiya tomonidan fitosanitar xavfni tahlil qilish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
Keyingi tahrirga qarang.
zararli organizm kirib kelishida potensial xavf mavjud boʻlishi va tarqalish yoʻllari aniqlanganda;
fitosanitariya choralarini qoʻllashni talab qiladigan zararli organizm aniqlanganda.
8. Inspeksiya fitosanitar xavfni baholashda tegishli vazirliklar va idoralar, oʻsimliklar himoyasi va karantini sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar, shuningdek, xorijiy ekspertlar va maslahatchilarni belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Fitosanitar xavfni baholash natijasiga koʻra, Inspeksiya tomonidan Fitosanitar xavfni boshqarishni baholash zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Fitosanitar xavfni tahlil qilishning dastlabki bosqichlari
10. Fitosanitar xavfni tahlil qilishning dastlabki bosqichi zararli organizmni aniqlash va uning muayyan fitosanitar xavfli zonalarda (hududlarda) tarqalish yoʻllarini aniqlashdan iborat.
11. Zararli organizm kirib kelishi xavfi mavjud boʻlgan yangi tarqalish yoʻllari aniqlanganda, Oʻzbekiston Respublikasiga ilgari olib kirilmagan karantin ostidagi mahsulot olib kirilishida, ilmiy-tadqiqot va seleksiya maqsadida oʻsimliklarning yangi turlarini import qilishda, qadoqlash orqali, pochta joʻnatmalari, chiqindi, yuk, qoʻl yuki va boshqa yoʻllar bilan tabiiy tarqalganda, fitosanitar xavf tahlili oʻtkaziladi.
Bunda zararli organizmning tarqalish yoʻllari aniqlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot har qanday rasmiy manbalardan, maʼlumotlar bazalaridan, ilmiy va boshqa adabiyotlardan olinishi mumkin.
12. Fitosanitar xavf tahlili maʼlum bir hududda (mintaqada) zararlanish oʻchogʻi aniqlanganda, import qilinadigan mahsulotlarda, ilmiy-tadqiqotlar natijasida va boshqa holatlarda zararli organizmlar aniqlanganda, fitosanitar xavf tahlili oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Zararli organizm aniqlanishi bilan bogʻliq fitosanitar xavf tahlili maʼlum bir hududda (mintaqa) zararlanish oʻchoqlari aniqlanganda, zararli organizm import qilinayotgan mahsulotlarda yoki ilmiy-tadqiqot natijasida va boshqa hollarda aniqlanganda oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, Fanlar akademiyasining oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan oʻrganish yoki monitoring natijasida aniqlangan zararli organizmlar haqida Inspeksiyaga har chorakda yoki zararli organizmlar aniqlangan vaqtda maʼlumot beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hollarda yoki zararli organizm aniqlangan vaqtdan eʼtiboran toʻqson kun ichida Inspeksiya fitosanitar xavfni tahlil qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qoʻshimcha maʼlumot toʻplash, ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish zarurati tugʻilganda, fitosanitar xavfni tahlilini tayyorlash ikki yilgacha boʻlgan muddatga Inspeksiya tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Fitosanitar xavfni boshqarishni baholash
15. Fitosanitar xavfni boshqarishni baholash quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
“fitosanitariya choralarining iqtisodiy samaradorligi va amalga oshirish imkoniyati” prinsipi — fitosanitariya choralari qoʻllanilishining ustunligi zararli organizm kirib kelmasligidan va fitosanitar xavf oʻtkazilayotgan hududning iqtisodiy oqibatlar taʼsiri ostida qolmasligidan iborat. Xavfsizlikni taʼminlashga erishish uchun minimal choralarning har biri boʻyicha samaradorlik darajasi tahlil qilinadi;
fitosanitariya choralarining “minimal taʼsir” prinsipi — qoʻllaniladigan choralar kerakligidan ortiqcha savdoni chegaramasligi, xavf ostida qolgan hududni samarali himoya qilish uchun zarur boʻlgan minimal hududga choralar qoʻllanilishidan iborat;
“ekvivalentlik” prinsipi — bir xil natijaga ega fitosanitariya choralari muqobil sifatida koʻrilishi lozim, agar qoʻllanilgan choralardan birida ijobiy natijalarga erishilsa, qoʻshimcha choralar qoʻllash talab etilmasligidan iborat;
“kamsitishga yoʻl qoʻymaslik” prinsipi — oʻrganilayotgan zararli organizm fitosanitar xavf oʻtkazilgan hududga moslashgan boʻlsa, import jarayonida qoʻllaniladigan choralarning fitosanitar xavf tahlili oʻtkazilgan hududda qoʻllanilayotgan choralardan yuqori darajada boʻlmasligi kerak. Xuddi shu tarzda, bir xil fitosanitar maqomga ega boʻlgan eksport qiluvchi davlatlarga turli xil fitosanitariya choralari qoʻllanilmasligi lozim.
16. Fitosanitar xavfni boshqarishni baholash bosqichida Inspeksiya tomonidan “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, oʻsimliklar karantini qoidalari va boshqa qonun hujjatlari asosida quyidagi fitosanitariya choralari koʻrilishi mumkin:
Keyingi tahrirga qarang.
yuklarga nisbatan ularni olib kirishda va olib kirgandan soʻng koʻzdan kechirishda qoʻllaniladigan tekshiruv oʻtkazish shakli, yukni zarasizlantirish, tovarga, undan foydalanish yoki uning taqsimlanishiga doir cheklovlar joriy etish, shuningdek, muayyan mahsulotni olib kirish muddatlarini belgilash yoʻli orqali;
karantin ostidagi mahsulotga nisbatan uni olib kirish, tranzit olib oʻtish, olib chiqish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish, sotish va yoʻq qilishga doir fitosanitariya talablarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasiga karantin ostidagi mahsulotni olib kirishga taqiq oʻrnatish va uni bekor qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi yoki uning alohida hududlarida karantin nazoratini oʻrnatish.
17. Biror bir maqbul choralar boʻlmaganligini isbotlash, xavfni boshqarishning bir yoki bir nechta usullarini tanlash fitosanitar xavfni boshqarishni baholash bosqichining natijasi hisoblanadi.
18. Fitosanitariya choralari qoʻllanilgandan soʻng Inspeksiya tomonidan doimiy monitoring va fitosanitariya choralarini qayta koʻrib chiqish amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Fitosanitar xavfni tahlil qilish natijalari maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran fitosanitariya choralari ommaviy axborot vositalarida, Inspeksiyaning rasmiy veb-saytida va “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga joylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Tranzit yuklarga nisbatan fitosanitar xavfni tahlil qilish
20. Tranzit yuklarga nisbatan fitosanitar xavfni tahlil qilish soddalashtirilgan tartibda, import qiluvchi va eksport qiluvchi bir tomonning yoki ikkala tomonlarning vakolatli organlari tomonidan olingan va/yoki ishlab chiqilgan axborot bilan almashish orqali amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Tranzit yuklarda potensial fitosanitar xavfni aniqlash maqsadida Inspeksiya quyidagi mavjud maʼlumotlarni toʻplaydi va tahlil qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
bojxona xizmati organlari tomonidan yukga nisbatan qoʻllaniladigan tartib-taomillar;
tranzit tarzida olib oʻtilayotgan karantin ostidagi mahsulot turi, shuningdek, uning kelib chiqish mamlakati;
tranzit mahsulotlarni fitosanitar sertifikatlarini mavjudligi;
tranzit yuklarini tashish vositalari va usullari;
tranzit yuklarga aloqador boʻlgan boshqariladigan zararli organizmlar;
mahalliy oʻsimliklar orqali zararli organizmlarning tarqalishi;
tranzit yoʻnalishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
zararli organizmlarning yukga bogʻliq boʻlmagan holda kirib kelish ehtimoli;
tranzit tarzida olib oʻtilayotgan yuklarga nisbatan tegishli fitosanitariya choralari koʻrilganligi;
qadoqlash turlari;
yuklarni tashish shartlari.
22. Potensial fitosanitar xavf aniqlangan taqdirda, fitosanitariya choralarini texnik asoslantirish va zarurligini belgilash maqsadida Inspeksiya tranzit tarzida olib oʻtilayotgan muayyan karantin ostidagi mahsulotga yoki zararli organizmga nisbatan xavf tahlilini amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Xavfni baholash natijalariga koʻra, fitosanitar xavfni boshqarishda Inspeksiya tranzit yuklarni fitosanitariya choralari qoʻllanilishi talab etiladigan yoki talab etilmaydigan toifalarga ajratadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga karantin ostidagi mahsulotni olib kirish yoki tranzit tarzida olib oʻtishga taqiq oʻrnatish va uni bekor qilish
24. Bir yoki bir nechta davlatlar, ularning alohida hududlarida yoki mazkur hududlarda joylashgan tashkilotlarda ishlab chiqilgan karantin ostidagi mahsulotni olib kirishga taqiq oʻrnatiladi.
25. Karantin ostidagi mahsulotni olib kirishda quyidagi hollarda taqiq oʻrnatilishi mumkin:
Keyingi tahrirga qarang.
mahsulotlarni fitosanitar sertifikati mavjud boʻlmaganligi;
fitosanitar xavfni tahlil qilish natijalariga asosan;
bir yoki bir nechta davlatlarning hududlarida oʻsimliklar karantini obyektlari oʻchogʻlari mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlganda;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulotlardan iborat yuklarda oʻsimliklar karantini davlat nazorati amalga oshirilishi vaqtida muntazam ravishda oʻsimliklar karantini obyektlari aniqlanganda.
Inspeksiya tomonidan karantin ostidagi mahsulotni olib kirishga oʻrnatilgan taqiq ekspor qiluvchi davlatning oʻsimliklar himoyasi va karantini boʻyicha milliy tashkiloti yoki boshqa vakolatli organi tomonidan berilgan rasmiy materiallar asosida olib borilgan fitosanitar xavf tahlili jarayonidan soʻng mazkur bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshiga muvofiq Inspeksiya tomonidan bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Tranzit yuklarga nisbatan fitosanitariya choralarini qoʻllash imkoni boʻlmagan taqdirda, karantin ostidagi mahsulotlar tranzit tarzida olib oʻtilishiga taqiq oʻrnatiladi.
27. Karantin ostidagi mahsulotni olib kirish yoki tranzit tarzida olib oʻtishga taqiq oʻrnatish toʻgʻrisidagi qarorda uning sabablari, amal qilish muddati va kuchga kirish sanasi koʻrsatiladi.
28. Karantin ostidagi mahsulotni olib kirish yoki tranzit tarzida olib oʻtishga taqiq Inspeksiya tomonidan maʼlum bir muddatga yoki taqiq sabablari bartaraf etilgunga qadar oʻrnatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Karantin ostidagi mahsulotni olib kirish yoki tranzit tarzida olib oʻtishga taqiq oʻrnatish yoki uni yechish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari, karantin ostidagi mahsulotlar va ularning tarqalish hududlari Roʻyxati Inspeksiyaning rasmiy veb-saytida va “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga joylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Yakunlovchi qoida
30. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2020-y., 09/20/99/0192-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 26.07.2024-y., 09/24/453/0558-son)