Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ayrim rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini koʻrib chiqish toʻgʻrisida
Joriy yilning 28-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev huzurida transport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi tahlillariga bagʻishlangan yigʻilishda sohada bir qator kamchiliklar, ayniqsa fuqaro aviatsiyasi, temir yoʻllar yoʻnalishlarida ishni tashkil etish hamon eskicha uslubda qolib ketayotganligi, avtomobil yoʻllarining holati talab darajasida emasligi va bu holat aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotganligi, respublikaning tranzit va yuk tashish salohiyatidan samarali foydalanilmayotganligi kayd etildi.
Soha rahbarlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, fuqaro aviatsiyasi, temir yoʻllar, avtomobil yoʻllari, tranzit va yuk tashish yoʻnalishlarida qabul qilingan dasturlar bajarilishini taʼminlashda yetarli darajada ishlar tashkil etilmaganligi sababli, shuningdek, mutasaddi rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning topshirigʻini soʻzsiz taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Ilxam Rustamovich Maxkamov Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod etilsin va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlansin;
Davron Tulkunovich Dexkanov Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining oʻrinbosari lavozimidan ozod etilsin va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlansin;
Abduraxman Abdulxayevich Abduvaliyev Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining oʻrinbosari — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi lavozimidan ozod etilsin va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining oʻrinbosari — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlansin;
Tolib Egamberdiyevich Uljayev Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligining direktori lavozimidan ozod etilsin va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligining direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlansin;
Doniyor Baxtiyorovich Axmedov Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining boshligʻi lavozimidan ozod etilsin va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining boshligʻi vazifasini bajaruvchi etib tayinlansin;
Faxriddin Muxiddinovich Salixov Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yoʻl qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining boshligʻi lavozimidan ozod etilsin va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yoʻl qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining boshligʻi vazifasini bajaruvchi etib tayinlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” va “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyadorlari umumiy yigʻilishining navbatdan tashqari majlisida:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Xusnutdin Nuruddinovich Xasilovning egallab turgan lavozimidan ozod etish va ushbu jamiyat boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlash;
“Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Ibragimovich Xakimovning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalalarini koʻrib chiqsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 29-yanvar,
43-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2020-y., 09/20/43/0093-son)