Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ingichka tolali paxta yetishtirishni samarali tashkil qilish, yangi navlarni koʻpaytirish va ragʻbatlantirish mexanizmini joriy etish toʻgʻrisida
Hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda ingichka tolali gʻoʻzaning tola sifati yuqori boʻlgan, kasallik va zararkunandalarga chidamli, tezpishar, serhosil navlarini yaratish, ularning ekin maydonlarini kengaytirish, yangi va istiqbolli navlari urugʻlarini koʻpaytirish hamda yetishtirish agrotexnologiyalarini ishlab chiqishni ragʻbatlantirish mexanizmini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining:
2020-yil hosilidan boshlab Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida ingichka tolali gʻoʻza navlarini joylashtirish va yetishtirishni keng yoʻlga qoʻyish;
ingichka tolali gʻoʻzaning “istiqbolli nav” sifatida ekib kelinayotgan navlarini ularning ishlab chiqarishdagi koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga (keyingi oʻrinlarda davlat reyestri deb ataladi) kiritish;
Surxondaryo viloyatida 40 ming gektar maydonda ingichka tolali gʻoʻza navlarini ilmiy asoslangan holda joylashtirish;
Qashqadaryo viloyatida 6 500 gektar, Buxoro viloyatida 5 000 gektar, Navoiy viloyatida 1 000 gektar maydonga ingichka tolali gʻoʻza navlarini joylashtirish va keng ishlab chiqarish sinovini olib borish, ijobiy natijalar olingan taqdirda yetishtirilgan paxta hosilini qayta ishlash uchun zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan qayta ishlash korxonalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga har yilgi talabdan kelib chiqqan holda:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
dastlabki elita-urugʻchilik xoʻjaliklarida koʻpaytirilayotgan ingichka tolali gʻoʻzaning ertapishar, tola hosildorligi va sifati yuqori boʻlgan navlarining original urugʻlarini izchil koʻpaytirish hamda yangi va istiqbolli navlar orasidan eng yaxshilarini tanlab borish. Bunda ekish uchun tavsiya qilinayotgan ingichka tolali gʻoʻza navlarining nav tozaligiga alohida eʼtibor qaratish;
respublika hududlarining tuproq-iqlim sharoitiga mos, ertapishar, tola hosildorligi va sifati yuqori boʻlgan ingichka tolali gʻoʻza navlaridan yetarli miqdorda urugʻlik materiallarini tayyorlash;
urugʻliklarni yetishtirish sxemalarining texnologik talablariga muvofiq ingichka tolali gʻoʻza navlarining sifatli urugʻlik paxta xomashyosini va chigitlarini ishlab chiqarish vazifalari yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida “Ingichka tolali gʻoʻza navlari seleksiyasi va urugʻchiligi” laboratoriyasini tashkil etsin va uning faoliyatini yoʻlga qoʻysin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bir oy muddatda ingichka tolali gʻoʻza navlari genetikasi, seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalarini va ingichka tolali paxta xomashyosini tozalash uskunalarini takomillashtirish boʻyicha davlat ilmiy dasturlari grant tanlovlarini oʻtkazsin va tanlov gʻolibi boʻlgan ilmiy loyihalarning 2020-yildan boshlab moliyalashtirilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bir oy muddatda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlar bilan ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida ilmiy va amaliy hamkorlik qilish boʻyicha shartnoma tuzish mexanizmini ishlab chiqsin va joriy etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda respublikada yaratilgan gʻoʻza navlari originatorlari tizimidagi dastlabki elita urugʻchilik xoʻjaliklari hamda ingichka tolali gʻoʻzaning davlat reyestriga kiritilgan va istiqbolli navlari urugʻlarini koʻpaytirish bilan shugʻullanuvchi elita urugʻchilik xoʻjaliklarining faoliyati samaradorligini oshirish va ularning laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunlar bilan jihozlash chora-tadbirlarini koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Agrar va oziq – ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-yanvar,
47-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2020-y., 09/20/47/0096-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son; 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)