Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Yuridik shaxslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 10-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3172-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-son “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, yuridik shaxslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritish mezonlarini qayta koʻrib chiqilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 8-iyuldagi 2019-45-son qarori (roʻyxat raqami 3172, 2019-yil 12-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2019-y., 28-son, 514-modda) bilan tasdiqlangan Yuridik shaxslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-dekabr,
2019-66-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 30-dekabrdagi 2019-66-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yuridik shaxslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 2-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
2. 4-bandda:
“a” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va aksiz toʻlanadigan xizmat koʻrsatuvchi korxonalar;”;
“b” kichik banddan “hamda ularning filiallari” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
“d” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) mahsulot (tovar, ish va xizmat) larni sotishdan olingan sof tushumi oʻtgan kalendar yil yakuni boʻyicha 100,0 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan yoki ketma-ket keladigan oʻn ikki oylik davr yakuni boʻyicha ushbu miqdordan oshgan yuridik shaxslar;”;
quyidagi mazmundagi “e” va “j” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“e) uglevodorod hom ashyosi va mineral resurslarni qazib oluvchi, qayta ishlovchi, yetkazib beruvchi va sotuvchi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi yuridik shaxslar, bundan avtomobillarga yoqilgʻi quyish shahobchalari mustasno;
j) Oʻzbekiston Respublikasining havo boʻshligʻidan yoʻlovchilarni tashish maqsadlarida foydalanuvchi, xalqaro havo aloqalarini amalga oshiruvchi va ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar.”.
3. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Yirik soliq toʻlovchilar toifasini belgilashda, mazkur Nizomning 4-bandi “d” kichik bandida koʻrsatib oʻtilgan yuridik shaxslar oʻtgan kalendar yil yakuni yoki ketma-ket keladigan oʻn ikki oylik davr boʻyicha soliq organlariga taqdim etgan soliq va moliyaviy hisobotlaridagi koʻrsatkichlariga asosan aniqlanadi.”.
4. Mazkur oʻzgartirishlar va qoʻshimcha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Kelishilgan:
Moliya vaziri D. KUChKAROV
2019-yil 30-dekabr
Iqtisodiyot va sanoat vaziri B. XODJAYEV
2019-yil 30-dekabr
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2019-yil 30-dekabr
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2020-y., 10/20/3172-1/0045-son)