Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OITS bilan kasallanishning oldini olishni kuchaytirish choralari toʻgʻrisida
OITS bilan kasallanishning oldini olish ishlarini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida OITS (orttirilgan immunitet tanqislik sindromi) kasalligiga qarshi kurashning davlat tarmoqlararo dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Ijtimoiy taʼminot vazirligi odamning orttirilgan immunitet tanqislik virusi bilan zararlangan yoki OITS kasalligiga chalingan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish choralarini koʻrsinlar, bunda quyidagilarni nazarda tutsinlar:
odamning immunitet tanqislik virusi bilan zararlangan yoki OITS kasalligiga chalingan 16 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar uchun oylik ish haqining eng kam miqdori hajmida davlat nafaqasi tayinlash;
immunitet tanqislik virusi bilan zararlangan odam yoki OITS kasalligiga chalingan 16 yoshgacha boʻlgan bolaga qarash munosabati bilan ota-onaning mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda vaqtinchalik mehnatga yaroqsizlik boʻyicha nafaqani hisoblab chiqish uchun ulardan birida uzluksiz ish stajini saqlab qolish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi OITS kasalligiga chalingan bemorlarni davolash-profilaktika qilish va ularga xizmat koʻrsatish bilan band boʻlgan hamda immunitet tanqislik virusi bilan bevosita ishlovchi xodimlarning mehnat taʼtillarini 36 ish kuni qilib, kasbi tufayli virus bilan zararlangan hollarda salomatligiga yetkazilgan zarar uchun bir yoʻla toʻlanadigan pul tovoni miqdorlarini sogʻliqni saqlash tarmogʻida ishlovchi bir xodimning oʻrtacha oylik maoshining uch yillik hajmida belgilasinlar, bu xarajatlarni respublika budjeti mablagʻlari hisobidan ajratsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
immunitet tanqislik virusi bilan zararlangan yoki OITS kasalligiga chalingan bemorlarni davolash uchun dori-darmonlarni bepul berish tartibini, shuningdek, ularning respublika doirasida davolanish joylariga bepul borib kelishlari bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplash tartibini belgilasin;
aholini, birinchi navbatda, immunitet tanqislik virusi yuqish xavfi yuqori boʻlgan shaxslarni, shuningdek, virus bilan zararlanganlarni hozirgi zamon darajasida tekshiruvdan oʻtkazishni, profilaktik kuzatish va davolashni, ularga maslahatlar berilishini, kasallikning oldini olish vositalari bilan taʼminlashni, donorlik qoni va qon mahsulotlari quyish jarayonida ninalar, shpritslar va boshqa tibbiy asbob-anjomlarni sterilizatsiya qilishda oʻta xavfsizlikni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi kasalxonalarda, reabilitatsiya markazlarida va uy sharoitida davolanayotgan odamning immunitet tanqislik virusi bilan zararlangan yoki OITS kasalligiga chalingan bolalar va oʻsmirlar uchun oʻrta umumtaʼlim maktablari va hunar-texnika taʼlimining maxsus oʻquv dasturlari boʻyicha oʻtishni tashkil etsin.
6. Oʻzbekiston Davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi, respublika roʻznomalari va jurnallari tahririyatlari ommaviy axborot vositalarida OITS kasalligining oldini olish, odamning immunitet tanqislik virusi yuqqan yoki OITS kasalligiga chalingan bemorlarga nisbatan mehr-shafqatli munosabatda boʻlish hislatini tarbiyalash masalalarini keng yoritsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
fohishabozlik, giyohvandlik va daydilikka qarshi kurashni kuchaytirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda xorijiy fuqarolarning respublikada amalda boʻlgan xulq-atvor qoidalariga soʻzsiz rioya qilishlari boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy masalalar, fan va taʼlim boʻlimiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 26-iyun,
298-son