Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinchi qismining 2-bandini sharhlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais oʻrinbosari B. Mirboboyev, sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov va F. Xusanovadan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasi birinchi qismining 3-bandiga va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga amal qilgan holda “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinchi qismining 2-bandini sharhlash haqidagi ishni ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Masala Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konstitutsiyaviy sudga murojaati munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga muvofiq sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov va F. Xusanovaning tashabbusi bilan kiritildi.
Konstitutsiyaviy sud maʼruzachi sudya U. Bozorovning nutqini, Tashqi ishlar vazirligi konsullik boshqarmasining birinchi kotibi M. Ismailov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Vafoyev, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori R. Qodirov, Oʻzbekiston Respublikasi advokatlar palatasining raisi R. Axmedov, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kafedrasining boshligʻi, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahatlashuv kengash aʼzosi H. Odilqoriyev, Adliya vazirligi bosh boshqarma boshligʻi N. Joʻrayev, Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari U. Tashxodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitasining raisi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahatlashuv kengash aʼzosi A. Saidovning fikrlarini eshitib, ish boʻyicha mavjud materiallarni oʻrganib chiqib quyidagilarni aniqladi:
“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinchi qismining 2-bandida agar chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi yoʻqotilishi belgilangan.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2011-yil 5-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy yashash joyidan roʻyxatdan chiqib, xorijga doimiy yashashga chiqish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma rasmiylashtirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari xorijda doimiy yashaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlib hisoblanadi.
Shundan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konstitutsiyaviy suddan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinchi qismining 2-bandini sharhlashni soʻrab, unda doimiy yashash joyidan roʻyxatdan chiqarishni, doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni tegishli ravishda rasmiylashtirmasdan va besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmasdan chet elda doimiy yashayotgan shaxslarga nisbatan mazkur normaning qoʻllanilishi mumkinligi masalasini hal qilib berishni soʻragan.
“Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinchi qismining 2-bandini sharhlashda Konstitutsiyaviy sud quyidagilarga asoslandi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik oʻrnatiladi. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega boʻlganlikdan qatʼi nazar, hamma uchun tengdir. Fuqarolikka ega boʻlish va uni yoʻqotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi.
2. “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi, bu aloqa ularning oʻzaro huquqlari va burchlarida ifodalanadi. Oʻzbekiston Respublikasida har bir kishi fuqaro boʻlish huquqiga egadir. Hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni oʻzgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz idoralari va mansabdor shaxslari orqali Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oldida masʼuldir, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi esa davlat oldida masʼuldir. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida oʻz fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qiladi.
3. “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 1-moddasining normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 15-moddasiga toʻliq mos keladi. Ushbu moddaga muvofiq har bir kishi fuqaro boʻlish huquqiga egadir. Hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni oʻzgartirish huquqidan asossiz mahrum qilinishi mumkin emas.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2011-yil 5-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq xorijda doimiy yashaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari — Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy yashash joyidan roʻyxatdan chiqib, xorijga doimiy yashashga chiqish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma rasmiylashtirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari; xorijda vaqtincha boʻladigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari — Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, xorijga chiqib, vaqtincha u yerda boʻladigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari; doimiy konsullik roʻyxati — doimiy yashash uchun xorijga chiqish ruxsatnomasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasasi konsullik okrugi hududida doimiy yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qayddan oʻtkazish; vaqtincha konsullik roʻyxati — Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, xorijda vaqtincha boʻladigan, xorijga vaqtincha chiqish ruxsatnomasini belgilangan tartibda rasmiylashtirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijdagi Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan qayddan oʻtkazish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 1992-yil 20-noyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning IV boʻlimi 2-bandiga muvofiq agar xorijda doimiy yashayotgan shaxs uzrli sabablarsiz besh yil davomida konsullik hisobiga turmasa, konsullik muassasasi materiallarni Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi ish materiallarini oʻz xulosasi bilan birga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik ishlari boʻyicha komissiyaga yuboradi. Komissiya taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir qarorga kelinishi uchun taklif kiritadi.
6. “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilgan, u amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilgan taqdirda amalga oshiriladi. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining koʻrsatilgan normalarini hamda ish boʻyicha boshqa materiallarni tahlil qilish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi hamma uchun tengdir hamda shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi, bu aloqa ularning oʻzaro huquqlari va burchlarida ifodalanadi va ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizomda tushunchalarga mazkur Nizom normalarini qoʻllash maqsadida taʼrif berilgan deb hisoblaydi.
Bayon qilinganlarga asoslanib va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 1, 25, 26, 27-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qildi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinichi qismining 2-bandiga quyidagicha sharh berilsin:
“chet elda doimiy yashovchi shaxs” deganda oʻrnatilgan tartibda doimiy yashash joyidan roʻyxatdan chiqqan va doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni rasmiylashtirgan chet elda yashayotgan shaxslarni ham, doimiy yashash joyidan roʻyxatdan chiqarishni, doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni tegishli ravishda rasmiylashtirmasdan chet elda yashayotgan shaxslarni ham tushunish lozim. Dyemak, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinchi qismi 2-bandining normasi doimiy yashash joyidan roʻyxatdan chiqarishni, doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni tegishli ravishda rasmiylashtirmasdan va besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmasdan chet elda doimiy yashayotgan shaxslarga nisbatan ham qoʻllanilishi mumkin.
2. Ushbu qaror “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Axborotnomasi”da eʼlon qilinsin.
Toshkent sh.,
2014-yil 22-aprel