Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA TAMAKI MAHSULOTLARIGA VA SPIRTLI ICHIMLIKLARGA AKSIZ MARKALARINI JORIY ETISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA
1996-yil 1-oktabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va uning hududiga chetdan keltiriladigan tamaki mahsulotlarini va spirtli ichimliklarni (pivodan tashqari) majburiy ravishda aksiz markalari bilan markalashning joriy etilishi hamda ularni aksiz markalarisiz sotishning taqiqlanishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va chetdan keltiriladigan tamaki mahsulotlariga hamda spirtli ichimliklarga aksiz markalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom, shuningdek aksiz soligʻi stavkalari miqdorlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
tamaki mahsulotlarini va spirtli ichimliklarni markalash boʻyicha masʼuliyat markalanadigan aksiz tovarlarini ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar zimmasiga yuklanadi;
tamaki mahsulotlarini va spirtli ichimliklarni aksiz markalarisiz ulgurji yoki chakana savdo tarmoqlari orqali sotish savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi va buning uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar koʻriladi;
jismoniy shaxslarga, notijorat maqsadlarida aksiz soligʻi toʻlamasdan, chetdan 2 litrgacha spirtli ichimliklar, 10 pachkagacha sigaretlar, 10 pachkagacha papiroslar keltirishga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Tamaki mahsulotlarini va spirtli ichimliklarni ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi (shu jumladan sotuvchi) uyushmalar, konsernlar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar:
1996-yil 1-oktabrgacha aksiz markalari bilan markalash uchun tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklar qoldiqlarini roʻyxatdan oʻtkazishni;
1996-yil 1-oktabrdan boshlab koʻrsatib oʻtilgan tovarlarni faqat standartlar talablariga muvofiq aksiz markalari yopishtirilgan holda sotishga doir tegishli tadbirlarni amalga oshirishni taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining shtatdagi xodimlari soni 244 nafarga, shu jumladan qoʻmitaning markaziy apparati xodimlari 6 nafarga hamda Bosh bojxona boshqarmasi xodimlari 12 nafarga, qolgan 226 nafari chegara yaqinidagi bojxona punktlarini va bojxona omborlarini mustahkamlash uchun, koʻpaytirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi respublika budjetida Davlat soliq qoʻmitasining qoʻshimcha xodimlarini taʼminlash uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi va ommaviy axborot vositalari tamaki mahsulotlarini hamda spirtli ichimliklarni markalash tizimini joriy etishning keng yoritilishini taʼminlasinlar.
6. Tashqi ishlar vazirligi xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida tamaki mahsulotlarini va spirtli ichimliklarni aksiz markalari bilan markalash tizimining joriy etilishi toʻgʻrisida xabardor qilinishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 14-avgust,
285-son
Oʻzbekiston Respublikasida chetdan keltiriladigan va respublikaning oʻzida ishlab chiqariladigan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarga aksiz markalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom 1996-yil 1-oktabrdan boshlab amalga kiritiladi hamda aksiz markalarini sotish, ular bilan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini belgilash, shuningdek bunday markalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllash tartibini belgilab beradi. Tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklar ishlab chiqarish, ularni import qilish va sotish, aksiz soligʻi yigʻimining toʻliqligi ustidan davlat nazoratini oʻrnatish, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan tovarlarni nolegal ishlab chiqarishning va respublika hududiga keltirishning oldini olish ushbu markalarni qoʻllashning maqsadi hisoblanadi.
2. 1996-yil 1-oktabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va uning hududiga chetdan keltiriladigan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni (pivodan tashqari) majburiy ravishda aksiz markalari bilan markalash joriy etiladi.
1996-yil 1-oktabrdan boshlab:
Oldingi tahrirga qarang.
spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarida Oʻzbekiston Respublikasining aksiz markalari boʻlmagan holda ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarish va uning hududiga keltirish, transportda tashish (xalqaro tranzitdan tashqari), saqlash (ishlab chiqaruvchi tomonidan mahsulot markalangunga qadar texnologik jarayonga muvofiq saqlashdan tashqari), sotish uchun komissiyaga va konsignatsiyaga qabul qilish;
(2-bandning 3-xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 13-iyundagi 296-sonli qarori tahririda)
spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ularda aksiz markalari boʻlmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Respublika tashqarisiga eksport qilinadigan;
xalqaro tranzit maqsadlari uchun moʻljallangan;
bojsiz savdo doʻkonlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga keltiriladigan;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsatnomasi boʻlgan taqdirda koʻrgazmalar oʻtkazish uchun keltiriladigan;
jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilangan aksizsiz keltirish normalari doirasida chetdan keltiriladigan (yuboriladigan) spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari aksiz markalari bilan markalanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Savdo yoki ulgurji tarmoqdagi aksiz markalari bilan markalanmagan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari mazkur Nizomning IV boʻlimiga muvofiq 1996-yil 1-oktabrdan keyin vaqtincha olib qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini aksiz markalari bilan markalash shisha idishni ochishda marka yirtilib ketadigan, pachka yoki boshqa isteʼmol idishi ochiladigan qilib (tovarga shikast yetkazmagan holda undan markani olib tashlash imkonini bermaydigan yelimdan foydalangan holda) amalga oshiriladi.
Markalash tartibi va usuli normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
6. Mazkur Nizomning 5-bandiga muvofiq kelmaydigan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini markalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi hududida eksport uchun tayyorlangan yoki xalqaro tranzit maqsadlari uchun chetdan keltirilgan aksiz markalari bilan belgilanmagan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini (shu jumladan tovar ayirboshlash asosida yoki xom ashyo bergan holda tayyor mahsulotdan foydalanish uchun keltirilgan) sotish taqiqlanadi.
8. Aksiz markalari majburiy tartibda markalanishi zarur boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va chetdan keltiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buyurtmanomalari boʻyicha aksiz markalari uchun haq toʻlangandan va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari va bojxona xizmatlarida roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin “Paxta-bank”ning mintaqaviy boʻlinmalari tomonidan beriladi.
Marka xarid qilishga moʻljallangan pul mablagʻlari xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan aksiz soligʻi hisobiga budjetga toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Aksiz markalari berish, shuningdek foydalanilmagan va shikastlangan markalarni qaytarish tartibi va muddatlari Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining yoʻriqnomasi bilan belgilanadi. Aksiz markalarida mahsulotni ishlab chiqaruvchi korxonalar va import qiluvchilarning kodlari qayd etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Soliq va bojxona organlari aksiz soligʻini hisoblab chiqish uchun marka xarid qiluvchilar tomonidan hisob-kitoblar va boshqa hujjatlar oʻz vaqtida taqdim etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar, hisobga olishni yuritadilar va aksiz soligʻi summasi tushumi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzadilar.
11. Sotib olingan aksiz markalari ularni xarid qilgan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan markalashni amalga oshirish uchun bevosita ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladi. Spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini import qiluvchilar tomonidan sotib olingan markalar koʻrsatib oʻtilgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar (yetkazib boruvchilar) tomonidan buyurtma bajarilishi jarayonida foydalanish uchun ularga beriladi).
Oldingi tahrirga qarang.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 13-iyundagi 296-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
13. Chakana va ulgurji savdo korxonalariga tovarlarni majburiy markalash amalga kiritilgan paytdan boshlab import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini aksiz markalarisiz sotib olish va sotish taqiqlanadi.
Aksizlanishi kerak boʻlgan tovarlar qoldiqlarining egalari aksiz markalari bilan majburiy markalash joriy etilgan kunda mahalliy hokimiyat organlari va soliq organlari xodimlari ishtirokida qayta roʻyxatdan oʻtkazish, qoldiqni chiqarib tashlash va ularni markalash choralarini koʻrishlari shart.
II. AKSIZ MARKALARI BERISH TARTIBI
14. Aksiz markalari aksiz soligʻi toʻlanganligi dalili hisoblanadi hamda xaridorlarga quyidagi tartibda beriladi:
a) tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni import qiluvchilar aksiz markalarini kontrakt qiymatining 25 foizi miqdorida aksiz soligʻi toʻlaganlaridan keyin sotib oladilar.
Import qiluvchilar aksiz soligʻining qolgan 75 foizini ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelishgacha yoki tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish paytida toʻlaydilar.
Import qiluvchilarga ilgari sotilgan aksiz markalari summasi aksiz soligʻi toʻlanadigan tovarlar qiymati va miqdoriga muvofiq tegishlicha toʻlangan aksiz soligʻi hisobiga oʻtkaziladi. Aksiz markalarining nominal qiymati aksiz soligʻi toʻlash hisobiga kiritiladi.
Import qiluvchilar aksiz soligʻi boʻyicha budjet bilan hisob-kitoblarni har bir sotib olingan aksiz markalari guruhi uchun amalga oshiradilar.
Import qiluvchining sotib olingan aksiz markalari guruhi uchun aksiz soligʻi boʻyicha budjet bilan hisob-kitobi muddati ular sotib olingan paytdan boshlab uch oydan oshmasligi kerak. Koʻrsatib oʻtilgan muddat buzilgan taqdirda import qiluvchilar aksiz markalarining navbatdagi guruhini sotib olish huquqidan mahrum etiladilar va ularga nisbatan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq jarima sanksiyalari, shu jumladan penya hisoblash tarzida, qoʻllanadi.
Import qiluvchilarga aksiz markalarini berish aksiz soligʻi toʻlashning uch oylik muddati tamom boʻlgan ilgari sotib olingan barcha aksiz markalari uchun aksiz soligʻi summasi, shuningdek barcha jarima sanksiyalari toʻliq toʻlangandan keyin qayta tiklanishi mumkin;
b) tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar dastlab budjetga aksiz markalarining nominal qiymatini toʻlaydilar, yaʼni aksiz markalari qiymati aksizlar boʻyicha avans toʻlov hisoblanadi. Aksiz soligʻi summasi boʻyicha budjet bilan hisob-kitoblarni Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan aksiz soligʻi boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq ushbu mahsulot sotilishi davomida amalga oshiradilar. Aksiz soligʻi boʻyicha budjet bilan hisob-kitob qilishda aksiz markalari uchun ilgari toʻlangan summaning budjetga toʻlangan summaning aksiz soligʻi summasiga tegishli qismi hisobga olinadi.
Aksiz markalari bilan markalash xarajatlari ishlab chiqaruvchilarning chiqimlariga yoki tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni ishlab chiqaruvchilarning chiqimlariga tegishli boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. AKSIZ MARKALARINI HISOBGA OLISH VA SAQLASH TARTIBI
15. Aksiz markalari qatʼiy hisobda turadigan blankalar hisoblanadi.
16. Aksiz markalari saqlanishi va ulardan belgilangan maqsadda foydalanish boʻyicha javobgarlik mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarga va import qiluvchilarga yuklanadi.
17. Aksiz markalari aksiz soligʻi toʻlovchilari tomonidan, transportda tashish xarajatlari kiritilmagan holda, nominal qiymati boʻyicha hisobga olinadi.
18. Soliq va bojxona organlari aksiz markalari hisobdan chiqarilishining toʻgʻriligi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishlari shart.
IV. XOʻJALIK YURITUVCHI SUBYEKTLARNING JAVOBGARLIGI
19. Belgilangan tartib buzilgan holda chetdan keltiriladigan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklar ushlanadi va vaqtincha olib qoʻyiladi.
Olib qoʻyilgan tovar markalanishi shart.
Ushbu tovarlar ularning egalariga qaytarilgan taqdirda ulardan belgilangan tartibda aksiz soligʻi undiriladi.
20. Aksiz markalari boʻlmagan tamaki mahsulotlar va spirtli ichimliklar savdo tarmogʻidan olib qoʻyiladi, bu haqda soliq organlari tegishli hujjat (bayonnoma yoki olib qoʻyish toʻgʻrisidagi dalolatnoma) tuzadilar.
Olib qoʻyilgan tovarlar dastlabki ekspertizadan, shu jumladan sifatga muvofiqlik ekspertizasidan oʻtkazilgandan keyin soliq va bojxona organlarining surishtiruv organlariga beriladi.
Koʻrsatib oʻtilgan organlar tomonidan tegishli qaror qabul qilingandan keyin ishlab chiqaruvchilar va savdo tashkilotlariga tovarlarni aksiz markalarisiz sotgan import qiluvchilar ushbu tovarlarni aksiz markalari bilan markalaydilar, soliq yoki bojxona organlarining tegishli hisob-kitob schyotiga aksiz soligʻi va jarima sanksiyasi summalarini toʻlaydilar. Shundan keyin olib qoʻyilgan aksizlanishi kerak boʻlgan tovarlar ularning egalariga qaytariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. 1996-yil 1-oktabrdan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududida aksiz markalari bilan markalanmagan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni ishlab chiqaruvchi va sotuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
V. AKSIZLANISHI KERAK BOʻLGAN TOVARLARNI MARKALASHNI NAZORAT QILISH
22. Aksiz markalaridan foydalanish va ularni sotish, shuningdek aksiz markalari bilan markalanmagan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni savdo tarmogʻi (chakana, ulgurji) orqali sotishni nazorat qilish davlat soliq va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ishlab chiqariladigan aksiz tovarlarini markalashning va aksiz soligʻining budjetga kelib tushishining
PRINSIPIAL SXEMASI
I-BOSQICH
Keyingi tahrirga qarang.
II-BOSQICH
Keyingi tahrirga qarang.
Import qilinadigan aksiz tovarlarini markalashning va budjetga aksiz soligʻi kelib tushishining
PRINSIPIAL SXEMASI
I-BOSQICH
Keyingi tahrirga qarang.
II-BOSQICH
Keyingi tahrirga qarang.
III-BOSQICH
Keyingi tahrirga qarang.
Jismoniy shaxslar tomonidan olib kelinadigan aksiz tovarlarini markalashning va budjetga aksiz soligʻi toʻlashning
PRINSIPIAL SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Aksizlar boʻyicha soliq solinishi kerak boʻlgan va aksiz markalari bilan markalanadigan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklar boʻyicha stavkalar
MIQDORLARI
|
Tovarlar nomi |
Aksizlar stavkasi, sotish narxlari qiymatiga nisbatan foiz hisobida |
| Araq va likyorlar mahsulotlari | 65 |
| Uzum vinolari | 30 |
| Shampan vinosi | 25 |
| Konyak | 50 |
| Chetdan keltiriladigan spirtli mahsulotlar | 75 |
| Chetdan keltiriladigan tamaki mahsulotlari | 50 |
| Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tamaki mahsulotlari: | |
| Filtrli sigaretlar | 40 |
| Filtrsiz sigaretlar, papiroslar | 25 |
Keyingi tahrirga qarang.