Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JISMONIY ShAXSLAR TOMONIDAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIGA TOVARLAR OLIB KELINGANLIGI UChUN YIGʻIM UNDIRIShNI JORIY ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar olib kelinishini tartibga solish va yuridik shaxs boʻlmagan holda savdo-vositachilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslarning faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 1996-yil 1-sentabrdan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga tovarlar keltirishda, bojxona rasmiylashtirishining belgilangan tartibi va shartlarini qoʻllash bilan birgalikda, bojsiz olib kirishning belgilangan normalaridan ortiq boʻlgan tovarlar qiymatining 15 foizi miqdorida tovarlar olib kelinganligi uchun yigʻim undiriladi.
Tovarlar jismoniy shaxslar nomiga Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisidan kelganda ham tovarlar olib kelinganligi uchun yigʻim undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda oʻn kun muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovar olib kelinganligi uchun yigʻim undirish va budjetga toʻlash tartibini;
jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni bojsiz keltirishning cheklangan normalarini tasdiqlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
yirik bojxona postlarida soliq organlarining doimiy ishlovchi punktlarini tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar olib keluvchi jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotni kompyuterda hisobga olish, saqlash, berish va qayta ishlash tizimini bir oy muddatda ishlab chiqsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 13-avgust,
279-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y.,8-son,22-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2018-y., 09/18/235/0452-son)