Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Tashkent education” nodavlat taʼlim tashkiloti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini yanada rivojlantirish, davlat va nodavlat tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, yetakchi xalqaro taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik oʻrnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Velocius Ltd” kompaniyasining (Buyuk Britaniya) (keyingi oʻrinlarda Kompaniya deb ataladi) maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim sohasida taʼlim xizmatlari koʻrsatish uchun Toshkent shahrida “Tashkent education” nodavlat taʼlim tashkilotini (keyingi oʻrinlarda Taʼlim tashkiloti deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Taʼlim tashkilotiga belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun “Tashkent kindergarten” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti (keyingi oʻrinlarda Maktabgacha taʼlim tashkiloti deb ataladi), “School of Tashkent” Xalqaro umumtaʼlim maktabi (keyingi oʻrinlarda Maktab deb ataladi) hamda “Tashkent International University” xalqaro universitetini (keyingi oʻrinlarda Universitet deb ataladi) taʼsis etishga ruxsat berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda quyidagi obyektlar (keyingi oʻrinlarda obyektlar deb ataladi) tegishli hududi bilan birga uzoq muddatli maqsadli tekin foydalanish huquqi bilan:
Maktabgacha taʼlim muassasasini joylashtirish uchun — Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Abdulla Qaxhor koʻchasi, 26-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar;
Maktabni joylashtirish uchun — Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Vosit Vohidov koʻchasi, 116-uy manzilida joylashgan Toshkent “Mehr-Shafqat” kasb-hunar kollejining bino va inshootlari;
Universitetni joylashtirish uchun — Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Kichik halqa yoʻli koʻchasi, 7-uy manzilida joylashgan Toshkent moliya institutining bino va inshootlari Taʼlim tashkilotiga berilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda Taʼlim tashkiloti bilan belgilangan tartibda tegishli bitim (keyingi oʻrinlarda Bitim deb ataladi) tuzsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Toshkent “Mehr-Shafqat” kasb-hunar kolleji oʻquvchilari 2019/2020 oʻquv yili yakuniga qadar Taʼlim tashkilotiga berilayotgan binolarda oʻqishini davom ettiradilar;
Toshkent arxitektura va qurilish instituti talabalari Toshkent arxitektura va qurilish instituti yangi binosi qurilishi tugallangunga qadar, mazkur bandda koʻrsatilgan manzil boʻyicha joylashgan Toshkent moliya instituti binosida oʻqishini davom ettiradilar.
4. Quyidagilar:
a) mazkur qarorning 2-bandida koʻrsatilgan taʼlim tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirish, shuningdek, ularni moddiy-texnik va oʻquv-metodik baza bilan taʼminlash Kompaniyaning oʻz mablagʻlari, shuningdek, oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, shu jumladan, toʻlov-kontrakt boʻyicha, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, grantlar va Oʻzbekiston Respublika qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi;
b) Kompaniya quyidagilarni taʼminlash majburiyatini oladi:
oʻz mablagʻlari hisobidan obyektlarni rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, jihozlash va foydalanishga topshirish, shuningdek, ularga tegishli hududni obodonlashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz mablagʻlari hisobidan Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Markaz — 2, Oloy mavzesi manzilida joylashgan 422-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va jihozlash;
(4-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-yanvardagi 25-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2021-y., 09/21/25/0048-son)
taʼsis etilayotgan Maktabgacha taʼlim tashkiloti, Maktab va Universitetda, Shartnomaning amal qilish muddati mobaynida faoliyat yoʻnalishi boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish yuzasidan faoliyatini amalga oshirish;
tarbiya va taʼlim faoliyatini erta va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirishga qoʻyiladigan davlat talablari hamda Oʻzbekiston Respublikasining davlat taʼlim standartlari asosida amalga oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq taʼlim-tarbiya jarayonini amalga oshirish majburiyatlarini;
tuzilayotgan Shartnoma shartlariga muvofiq boshqa majburiyatlar olishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi kelgusida Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Markaz — 2, Oloy mavzesi manzilida joylashgan bino va inshootlardan belgilangan tartibda davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti sifatida foydalanish davom ettirilishini taʼminlasin.
(4-band “b” kichik bandining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-yanvardagi 25-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2021-y., 09/21/25/0048-son)
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Taʼlim tashkiloti yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi, alohida mol-mulkka, oʻz mustaqil balansiga ega boʻladi, oʻz ixtiyoridagi mablagʻlar va mol-mulk bilan oʻz majburiyatlari boʻyicha javob beradi;
Maktabgacha taʼlim muassasasi, Maktab va Universitetda oʻqitish oʻzbek, rus va ingliz tillarida, Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda, Taʼlim tashkiloti tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
Universitetda kadrlar tayyorlash kunduzgi va boshqa taʼlim shakllari, shu jumladan, davlat buyurtmasi boʻyicha amalga oshiriladi;
Maktabgacha taʼlim muassasasi, Maktab va Universitetda taʼlim faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi;
Maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda, tashkilot tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Maktabga qabul Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda, tashkilot tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Universitetga qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda, tashkilot tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Taʼlim tashkiloti, Maktabgacha taʼlim tashkiloti, Maktab va Universitet ustavlarini tasdiqlashda, taʼsis hujjatlarini ishlab chiqish hamda Taʼlim tashkiloti, Maktabgacha taʼlim tashkiloti, Maktab va Universitetni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda;
Maktabgacha taʼlim tashkiloti, Maktab va Universitetni tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan taʼminlashda zarur yordam koʻrsatsinlar.
7. Taʼlim tashkiloti va u tomonidan tuzilayotgan tashkilotlarga oʻquv va ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etilgan xorijlik professor-oʻqituvchilarning turar joy va transport xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar boʻyicha, tuziladigan shartnomalar asosida toʻlashga ruxsat berilsin.
8. Universitet 2022-yil 1-yanvargacha:
boʻshayotgan mablagʻlarni Universitetni zamonaviy taʼlim vositalari bilan jihozlash, xarajat materiallari, inventar sotib olish, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun maqsadli yoʻnaltirish sharti bilan barcha turdagi soliqlar;
mehnat shartnomasi asosida taʼlim-tarbiya jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy oʻqituvchilar va mutaxassislarning ish haqidan olinadigan yagona ijtimoiy toʻlovdan;
belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha jihozlar, shu jumladan, laboratoriya, kompyuter va tashkiliy texnika, taʼlimning texnik vositalari, adabiyotlar, multimedia mahsulotlari, inventar va Universitet tomonidan qurilish, rekonstruksiya qilish, jihozlash hamda uning faoliyatini taʼminlash uchun olib kiriladigan boshqa moddiy-texnik resurslar bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb etilayotgan xorijlik professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlarga, shuningdek, ularning oila aʼzolariga konsullik va boshqa yigʻimlar undirmasdan kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xorijlik professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlarga, shuningdek, ularning oila aʼzolariga davlat boji undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini hamda Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-noyabr,
900-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2019-y., 09/19/900/4001-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; 19.01.2021-y., 09/21/25/0048-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)