Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani hokimining
qarori
Oltinsoy tumanidagi qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalari, shuningdek mashina traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini 2017-yilda texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 2021-yil 6-iyuldagi VI-29-26-8-0-K/21-sonli “Surxondaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ-huquqiy hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2013-yil 2-apreldagi 58-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikani, shuningdek mashina traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami — 2452, 25.04.2013-yil) ga asosan 2017-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan barcha qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalar, mashina traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini (keyingi oʻrinlarda Texnikalar deb yuritiladi) majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha Oltinsoy tuman davlat inspektori tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha texnikalarning 2017-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Tumandagi barcha texnikalarni roʻyxatini shakllantirish hamda texnik koʻrikdan oʻtkazish qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha Oltinsoy tuman davlat inspektori (J. Moʻminov) zimmasiga yuklatilsin.
3. Texnik koʻrikni oʻtkazishda: barcha texnikalarning texnik holati va jihozlari standart talablariga, yoʻl harakati va texnika xavfsizligi qoidalari hamda normalariga mos kelishi;
texnik koʻrik boshlangunga qadar barcha diagnostika apparatlari tekshirilishi, maxsus texnikalar, harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining jixozlanganligiga aloxida eʼtibor qaratilsin.
4. 2017-yilda texnik koʻrikni uyushqoqlik bilan sifatli oʻtkazish, texnikalarning texnik holati, ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish maqsadida, texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiyaning tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
5. Qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha Oltinsoy tuman davlat inspektori (J. Moʻminov)ga 2-ilovaga* asosan tasdiqlangan texnik koʻrikdan oʻtkazish ish rejasini har bir texnikaga mulk huquqi asosida ega shaxslarga (bundan buyon matnda mulkdor deb yuritiladi) yetkazish hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
6. 2017-yil davomida texnikalarning texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun davlat inspektori tomonidan undiriladigan yigʻimlarning stavkalari 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
7. Tumandagi har bir mulkdor texnik koʻrikdan oʻtkaziladigan texnikalar toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni toʻldirish va texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni texnika doimiy roʻyxatdan oʻtgan joydagi davlat inspektoriga taqdim etishda belgilangan muddatlarga qatʼiy rioya qilsin.
8. Sugʻurta tashkilotlariga tumandagi barcha traktorlar, oʻzi yurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish texnikalari va traktor tirkamalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish tavsiya qilinsin.
9. Tuman hokimining 2016-yil 23-yanvardagi 53-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari M. Ochildiyev zimmasiga yuklatilsin.
11. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Tuman hokimi E. BAYNIYAZOV
Oltinsoy t.,
2017-yil 8-fevral,
217-son