O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Toshkent shahridagi kichik sanoat zonalari faoliyatini faollashtirish, bo‘sh turgan yer maydonlaridan unumli foydalanish, yangi raqobatbardosh sanoat ishlab chiqarishlari va kichik korxonalarni rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, shu asosda Toshkent shahrida yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida investitsiya iqlimini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 15-avgustdagi PF-5511-son Farmoniga muvofiq hamda topshirish va qabul-qilish dalolatnomalari asosida Toshkent shahri, Sergeli tumani, Rayxon ko‘chasida joylashgan “SAR” aviakompaniyasining binolari, inshootlari va boshqa infratuzilma obyektlari keyinchalik ularning negizida “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasini tashkil etish uchun Toshkent shahar hokimligiga bepul berilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent shahar hokimligi xamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi hududida davlat unitar korxonasi shaklida alohida Direksiya tashkil etish orqali boshqaruvning maxsus tartibini joriy qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin, Direksiyaga quyidagi vazifalar yuklansin:
buyurtmachining funksiyalarini bajarish, “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi hududidagi obyektlar qurilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, shu jumladan, kichik sanoat zonasi hududini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash, kirish yo‘llari, avtomobil to‘xtash joylari qurilishi bilan bog‘liq masalalarni hal etish;
yetakchi mahalliy va xorijiy loyihalash tashkilotlarini jalb qilgan holda “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasining bosh rejasi ishlab chiqilishini tashkil etish;
tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan va importning o‘rnini bosadigan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoniga asosan 2021-yil 1-avgustdan chiqariladi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son)
“Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi hududida obyektlar kurilishini loyihalashtirishda loyihalash tashkilotlari tomonidan zamonaviy energiyani tejaydigan texnologiyalar, shuningdek, yuqori texnologik materiallar va buyumlardan samarali foydalanilishini ta’minlash ustidan nazorat qilish;
“Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi hududida umumiy foydalanish joylari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasidan foydalanish va xizmat ko‘rsatishni tashkil etish.
3. Belgilansinki, Direksiya quyidagi huquqlarga ega:
investorlar tomonidan o‘z zimmasiga olingan investitsion va ijtimoiy majburiyatlar zarur tarzda bajarilishini nazorat qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi ishtirokchilari tomonidan bitimlar va shartnoma shartlari buzilgan, shuningdek, ular tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, ishlab chiqarish maydonlari ijarasining bitimlari va shartnomalarini belgilangan tartibda bekor qilish va to‘xtatish masalalarini Toshkent shahridagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari Ma’muriy kengashiga (keyingi o‘rinlarda Ma’muriy kengash deb ataladi) ko‘rib chiqish uchun kiritish;
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son — 2021-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda investorlar, ishlar (xizmatlar)ni bajaruvchilar, binolar, inshootlar va obyektlar egalari va foydalanuvchilari tomonidan yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalari, qurilish-montaj ishlari hamda obyektlardan foydalanishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan texnik nazoratni amalga oshirish.
4. Belgilansinki:
“Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlash investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini o‘z ichiga olgan investorlarning buyurtmalari asosida Ma’muriy kengash tomonidan amalga oshiriladi;
“Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasining loyiha-reja hujjatlarini ishlab chiqish, shu jumladan, yer uchastkalarini tanlash va ajratish bo‘yicha materiallar tayyorlash Direksiya tomonidan Toshkent shahar hokimligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga ta’minlanadi;
Direksiyaning kichik sanoat zonasi hududlarini tozalash, yer ishlarini amalga oshirish, muhandislik-kommunikatsiya obyektlarining (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va texnik suv, kanalizatsiya, avtomobil yo‘llari) ichki maydonlarini qurish, umumiy foydalaniladigan hududlarni obodonlashtirish, reklama kampaniyalari va taqdimot tadbirlari hamda Direksiyaning samarali faoliyati uchun zarur bo‘lgan ma’muriy bino, konferens-zal va boshqa inshootlarning qurilishiga xarajatlar “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasida belgilangan tartibda doimiy foydalanish uchun yer ajratish evaziga olingan mablag‘lar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga teng ulushlarda qoplanadi;
Direksiyani saqlash Toshkent shahar hokimligi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Direksiya tomonidan shartnoma asosida ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish)dan olingan mablag‘lar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Ma’muriy kengashga ijaraga beriladigan yer uchastkasining har bir gektari uchun to‘lov miqdorini belgilash huquqi berilsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son — 2021-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
6. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Transport vazirligi 2020-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi chegarasigacha mavjud tashqi muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlarini qurish va modernizatsiya qilishni “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi hududida tadbirkorlik subyektlarini ularning uzluksiz ishlashini hisobga olgan xolda joylashtirishning ishlab chikilgan loyihalariga muvofiq kichik sanoat zonasi hududida belgilangan tartibda doimiy foydalanish uchun yer uchastkalarini ajratishdan tushgan mablag‘lar hisobiga ta’minlasinlar.
7. Direksiya Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi bosh rejasi qurilishning qisqa va o‘rta muddatli istiqbollarini hamda obyektlarni maqbul joylashtirishni hisobga olgan holda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin.
8. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda:
“Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasining samarali faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan nazorat va monitoring o‘rnatsin;
“Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasining faoliyati samaradorligi va natijadorligi to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. Ganiyev va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-oktabr,
878-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2019-y., 09/19/878/3929-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son)