Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish boʻyicha namunaviy “Yoʻl xaritasi”ning 3-bandiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 10-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3011-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PF-5400-son “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 12-maydagi 278-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3011, 2018-yil 12-may) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 10/18/3011/1224-son) bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish boʻyicha namunaviy “Yoʻl xaritasi” 3-bandining Amalga oshirish mexanizmi va bosqichlari ustunidagi “Jahon” axborot agentligiga” degan soʻzlar “Dunyo” axborot agentligiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da va Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-oktabr,
464-mh-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2019-y., 10/19/3011-1/3895-son)