Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 8-fevraldagi PQ-4168-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4380-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4380-son qaroriga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri rais hisoblanadigan intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi bilan bogʻliq boʻlgan apellyatsiyalarni koʻrib chiquvchi Apellyatsiya kengashi tashkil etilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2003-yil 1-iyuldagi 298-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 7-son, 55-modda) 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-oktabr,
856-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktabrdagi 856-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”, “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”, “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida” va “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashida (keyingi oʻrinlarda Apellyatsiya kengashi deb ataladi) koʻrib chiqiladigan masalalar turlari, Apellyatsiya kengashining huquq va majburiyatlari hamda uning faoliyatini tashkil etish tartibi va moliyalashtirish manbalarini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Apellyatsiya kengashi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini, seleksiya yutuqlarini, integral mikrosxemalar topologiyalarini, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlarini huquqiy muhofaza qilish bilan bogʻliq apellyatsiyalarni sudgacha koʻrib chiquvchi kollegial organi sifatida amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Apellyatsiya kengashi qarorlar qabul qilishda mustaqil hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda Oʻzbekiston Respublikasining intellektual mulkni muhofaza qilishga doir xalqaro shartnomalariga amal qiladi.
4. Apellyatsiya kengashining faoliyati qarorlar qabul qilishda teng huquqlilik va kollegiallik prinsiplariga asoslanadi.
2-bob. Apellyatsiya kengashida koʻrib chiqiladigan masalalar turlari
5. Apellyatsiya kengashi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) talabnomada koʻrsatilgan:
Keyingi tahrirga qarang.
sanoat mulki obyektlari;
seleksiya yutuqlari;
integral mikrosxemalar topologiyalari;
tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlariga nisbatan qabul qilingan qarorlari yuzasidan apellyatsiyalarni koʻrib chiqadi;
Keyingi tahrirga qarang.
b) manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning:
sanoat mulki obyektlariga patent berilishi;
seleksiya yutuqlariga patent berilishi;
integral mikrosxemalar topologiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilishi;
sanoat mulki obyektlariga va seleksiya yutuqlariga berilgan patentlarning haqiqiyligi;
tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi, tovarning kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomaning haqiqiyligi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgining xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilishining amal qilishiga yuzasidan apellyatsiyalarini koʻrib chiqadi;
v) quyidagilarning:
integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomalarning;
tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilariga, tovar kelib chiqqan joy nomlaridan foydalanish huquqiga berilgan guvohnomalarning amal qilishi tugatilishi yuzasidan apellyatsiyalarini koʻrib chiqadi;
Keyingi tahrirga qarang.
g) tovar kelib chiqqan joy nomi roʻyxatdan oʻtkazilishi bekor qilinishi yuzasidan apellyatsiyalarini koʻrib chiqadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashi Oʻzbekiston Respublikasida hammaga maʼlum tovar belgilari deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqadi (keyingi oʻrinlarda ariza deb ataladi).
3-bob. Apellyatsiya kengashining huquq va majburiyatlari
6. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqishda quyidagi huquqlarga ega:
apellyatsiya yoki ariza bergan shaxslardan, shuningdek, boshqa manfaatdor shaxslardan apellyatsiyani yoki arizani koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va maʼlumotlarni soʻrab olish;
qoʻshimcha ekspertiza tayinlash, uni oʻtkazish uchun mustaqil ekspert va maslahatchilarni jalb etish;
Agentlik ixtiyoridagi patent hujjatlari va ilmiy-texnika adabiyotlari davlat fondlaridan foydalanish.
Keyingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashi apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqishda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish jarayonida quyidagilarga majbur:
apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish jarayonida qonunchilikka va mazkur Nizom talablariga qatʼiy rioya qilish;
apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish yuzasidan qabul qilingan qarorlar haqqoniyligini va asoslanganligini taʼminlash.
Apellyatsiya kengashiga apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish jarayonida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Apellyatsiya kengashi faoliyatini tashkil etish tartibi
8. Apellyatsiya kengashi Kengash raisi, uning oʻrinbosari, kengash aʼzolari va kotibidan iborat tarkibda faoliyat koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Apellyatsiya kengashi raisi hisoblanadi. Apellyatsiya kengashi tarkibiga Vazirlik va Agentlikning malakali va tajribali xodimlari, shuningdek, mustaqil olimlar va mutaxassislar kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlik va Agentlikning Apellyatsiya kengashi tarkibidagi xodimlari soni Apellyatsiya kengashi umumiy aʼzolari sonining oʻttiz foizidan oshmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
9. Apellyatsiya kengashi raisi yoki uning topshirigʻiga koʻra esa — uning oʻrinbosari Apellyatsiya kengashining faoliyatini tashkil etadi.
10. Apellyatsiya kengashida ishlar kengash kotibi tomonidan yuritiladi. Apellyatsiya kengashi kotibi Apellyatsiya kengashi tomonidan qarorlar qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Agentlik Apellyatsiya kengashining ishchi organi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Agentlik:
Keyingi tahrirga qarang.
apellyatsiya va arizalarni qabul qiladi, Apellyatsiya kengashi majlislarini tashkiliy taʼminlaydi;
Apellyatsiya kengashi majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha zarur materiallarni tayyorlaydi;
manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga ishni koʻrish natijalari boʻyicha Apellyatsiya kengashining qarorlarini yuborish choralarini koʻradi;
Apellyatsiya kengashi hujjatlari but saqlanishini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Apellyatsiya kengashi faoliyati majlislar oʻtkazish yoʻli bilan tashkil etiladi.
Majlislar zaruriyatga koʻra Apellyatsiya kengashi raisi tomonidan, u boʻlmagan taqdirda esa uning oʻrinbosari tomonidan chaqiriladi.
Apellyatsiya kengashining majlislari, agar ularning ishida Apellyatsiya kengashi aʼzolarining umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Apellyatsiya kengashi majlisida protokol yuritiladi, uni Apellyatsiya kengashi raisi va kotibi imzolaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Apellyatsiya kengashi majlislarida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs yoki uning vakili, boshqa manfaatdor yuridik yoki jismoniy shaxslar qatnashishga haqlidir. Apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs va koʻrib chiqilayotgan ish boʻyicha tomonlar hisoblangan boshqa shaxslar majlis boʻlishidan kamida oʻn kun oldin majlis oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt toʻgʻrisida yozma ravishda Agentlik tomonidan xabardor qilinishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs, boshqa manfaatdor shaxslar iltimosnomasiga binoan Apellyatsiya kengashi majlisi kengash qaroriga koʻra kechroq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga koʻchirilishi mumkin. Bunda apellyatsiyalarni yoki arizalarni koʻrib chiqishning belgilangan muddati oʻtishi Apellyatsiya kengashi majlisining yangi sanasigacha toʻxtatib turiladi.
15. Apellyatsiya kengashining tashabbusiga koʻra yoki apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs, boshqa manfaatdor shaxslar iltimosnomasi bilan apellyatsiya kengashi majlisining audio- yoki videoyozuvi olib borilishi mumkin.
Apellyatsiya kengashi majlisida audio- yoki videoyozuvi vositalaridan foydalanilganda Apellyatsiya kengashi ishda ishtirok etuvchi shaxslar va boshqa ishtirokchilar bu haqda ogohlantiriladi.
Apellyatsiya kengashi majlisida ishtirok etganlar yozma qaydlar qilish huquqiga ega. Apellyatsiya kengashi majlisini fototasvirga tushirish, audio- va videoyozuvini amalga oshirish, shuningdek ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilinishiga taraflarning roziligi va Apellyatsiya kengashi majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Intellektual mulk obyektiga huquqiy muhofaza berish toʻgʻrisidagi talabnomani koʻrib chiqishda va uning boʻyicha ekspertiza oʻtkazishda ishtirok etgan Apellyatsiya kengashi aʼzolari xulosa berish yoki Apellyatsiya kengashining mazkur intellektual mulk obyekti bilan bogʻliq apellyatsiyalar koʻrib chiqilayotgan majlisida qatnashish huquqiga ega emas.
17. Qoʻshimcha materiallar va maʼlumotlar zarur boʻlgan taqdirda ular Apellyatsiya kengashi belgilagan muddatlarda manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilishi kerak.
Apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs va boshqa manfaatdor shaxslar iltimosnomasiga koʻra qoʻshimcha materiallar va maʼlumotlarni taqdim etish muddati Apellyatsiya kengashi tomonidan uch oydan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. Bunda apellyatsiyalarni yoki arizalarni koʻrib chiqish belgilangan muddatining oʻtishi uzaytirish muddatigacha toʻxtatib turiladi.
18. Ishni koʻrib chiqish quyidagi hollarda Apellyatsiya kengashining navbatdagi majlisi sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda Apellyatsiya kengashi tomonidan boshqa kunga koʻchirilishi mumkin:
vakilning majlisda qatnasha olmasligi sababli ishni koʻrib chiqish boshqa kunga koʻchirilishi toʻgʻrisida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxsning asoslangan iltimosnomasi munosabati bilan;
qoʻshimcha dalillar olish zaruriyati munosabati bilan;
ishni koʻrib chiqish qatnashchilaridan birortasining hozir boʻlmaganligi yoki tomonning vakilida ishonchnoma yoʻqligi munosabati bilan;
Apellyatsiya kengashi fikriga koʻra ishni koʻrib chiqishga ekspertlarni jalb etish yoki boshqa shaxslarning ishtiroki zarurligi munosabati bilan;
ishni ushbu majlisda hal etish mumkin boʻlmaganda.
19. Ishni koʻrib chiqish quyidagi hollarda toʻxtatilishi mumkin:
Apellyatsiya kengashi tomonidan xulosalari ishni koʻrib chiqish natijalari uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa ish koʻrilayotganda;
ekspertizadan oʻtkazish yoki tegishli ekspertning yoki mutaxassisning xulosasi zarur boʻlganda;
materiallarni qoʻshimcha oʻrganish va soʻrash talab qilinadigan holatlar vujudga kelganda.
Ishni koʻrib chiqish uni toʻxtatishga sabab boʻlgan holatlar bartaraf etilgandan keyin davom ettiriladi.
20. Ishni koʻrib chiqish Apellyatsiya kengashi tomonidan quyidagi hollarda toʻliq yoki qismlari boʻyicha tugatilishi mumkin:
apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs ishni koʻrib chiqishni toʻliq yoki qismlari boʻyicha tugatilishi toʻgʻrisida ariza berganda;
tomonlardan biri vafot etganda, yuridik shaxs tugatilganda, agar huquqiy vorislari bilan almashtirish imkoni boʻlmasa yoki mumkin boʻlmasa;
apellyatsiya ishi boʻyicha sud tomonidan qaror qabul qilinganda.
21. Apellyatsiyalar yoki arizalar berish va ularni Apellyatsiya kengashi tomonidan koʻrib chiqish qoidalari Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
22. Apellyatsiyalarni yoki arizalarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya kengashi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
apellyatsiyalarni yoki arizalarni qanoatlantirish;
apellyatsiyalarni yoki arizalarni qisman qanoatlantirish;
apellyatsiyalarni yoki arizalarni qanoatlantirishni rad etish.
23. Apellyatsiya kengashining qarori apellyatsiya yoki ariza mohiyatini koʻrib chiqish tugagandan soʻng kengash aʼzolarining yopiq yigʻilishi natijasi boʻyicha koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Apellyatsiya kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Apellyatsiya kengashi raisi va aʼzolari ovoz berishda betaraf qolish huquqiga ega emas. Apellyatsiya kengashi raisi eng oxirida ovoz beradi.
Apellyatsiya kengashining qarori Apellyatsiya kengashi raisi va ishni koʻrib chiqishda qatnashgan Apellyatsiya kengashining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va manfaatdor shaxslar qaror haqida tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashining qarori Vazirlik muhri bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Tovar belgisi bilan adashtirib yuborish darajasida ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilarni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida Agentlik qabul qilgan qarorlar yuzasidan apellyatsiyalarni koʻrib chiqishda apellyatsiya bergan shaxs tovar belgisi egasining roʻyxatdan oʻtkazishda rad etilgan belgini roʻyxatga olish uchun roziligini taqdim etish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazishni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda Apellyatsiya kengashi ayni paytda ushbu roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqiga berilgan guvohnomalarning amal qilishini muddatidan oldin toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Apellyatsiya kengashi qarori yuzasidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab olti oy mobaynida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
27. Apellyatsiya kengashi qarorlari qabul qilingan kundan boshlab oʻn ish kuni mobaynida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxslarga va boshqa manfaatdor shaxslarga Agentlik tomonidan yuboriladi, shuningdek, uning rasmiy nashrida va veb-saytida maʼlumot tariqasida eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Apellyatsiya kengashi faoliyatini moliyalashtirish manbalari
28. Apellyatsiya kengashida ishlar koʻrib chiqilganligi uchun patent bojlari undiriladi. Patent bojlari Agentlikning hisob raqamlariga toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Patent bojlari miqdori, ularni toʻlash muddatlari, shuningdek, ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
29. Apellyatsiya kengashi aʼzolari — jalb qilingan mustaqil olimlar va mutaxassislar xizmatlariga ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan haq toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Haq toʻlash shartlari va uning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Yakunlovchi qoida
30. Apellyatsiya kengashini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktabrdagi 856-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2003-yil 1-iyuldagi 298-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”.
2. 1-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktabrdagi 856-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 19-sentabrdagi OʻRQ-111-sonli Qonuni)” 2008-yil 7-maydagi 89-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 5-son, 16-modda) ilovaning 2-bandi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2008-yil 30-iyuldagi OʻRQ-164-son Qonuni)” 2008-yil 9-sentabrdagi 204-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligini tashkil etish toʻgʻrisida” 2011-yil 24-maydagi PQ-1536-son qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 8-iyundagi 166-son qarori)” 2011-yil 6-sentabrdagi 248-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 9-son, 74-modda) ilova 3-bandining “b” kichik bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2019-y., 09/19/856/3890-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son; 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son; 04.09.2024-y., 09/24/535/0679-son; 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)