Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAVOIY VILOYATINING TOMDI VA UChQUDUQ TUMANLARI QORAKOʻLChILIK FERMALARINI XUSUSIYLAShTIRIShNI ChUQURLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Choʻl zonasi sharoitlarida qorakoʻlchilik fermalarining bir meʼyorda faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1, 2 va 3-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 13-iyundagi 250-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotdi)
4. Qorakoʻlchilik fermalarini va tashkil etilayotgan uyushmalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1996 — 1998-yillarga Tomdi va Uchquduq tumanlarining yopiq turdagi qorakoʻlchilik aksionerlik jamiyatlari uchun bir bosh qorakoʻl qoʻyini boqish xarajatlariga tegishli ravishda yiliga 70 va 90 soʻm miqdorida dotatsiya belgilansin. Moliya vazirligi ikki hafta muddatda dotatsiyani toʻlash tartibini ishlab chiqsin. Koʻrsatib oʻtilgan dotatsiyadan soliq olinmaydi va hisobga oʻtkazish bilan bogʻliq hisob-kitoblar amalga oshirilganligi uchun haq undirilmaydi;
xususiylashtirilgan fermalar va ularning uyushmalari 3 yilga yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin;
qorakoʻl qoʻylarini boqish va fermalarni qishlovga tayyorlash uchun 1996-yilga Uchquduq tumani qorakoʻlchilik fermalariga 150 tonna yonilgʻi-moylash materiallari va 1,5 ming tonna omixta yem, Tomdi tumani fermalariga 250 tonna yonilgʻi-moylash materiallari va 2,5 ming tonna omixta yem maqsadli ajratilsin.
5. Markaziy bank, “Paxta-bank” va “Oʻzsanoatqurilishbank”ka kreditlardan foydalanganlik uchun qoʻshilgan 19,2 mln. soʻm miqdoridagi foizlarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish, shuningdek bank ssudalari boʻyicha 109,8 mln. soʻm miqdoridagi muddati oʻtkazib yuborilgan va ilgari toʻlov muddati kechiktirilgan qarzlarning toʻlov muddatini 2000-yilgacha kechiktirish;
“Biznes-fond” va “Madad” agentligiga Tomdi va Uchquduq tumanlarining yangidan tashkil etilgan xususiylashtirish subyektlariga qorakoʻlchilik mahsulotlarini qayta ishlash va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish uchun texnologiyalar va asbob-uskunalar xarid qilishga 3 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari R.A. Giniyatullin, V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Mazkur qarorning qanday bajarilayotganligi toʻgʻrisida 1996-yil 10-oktabrgacha va 1997-yil 20-yanvargacha axborot berilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 11-iyul,
246-son
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 13-iyundagi 250-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotdi)