Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Tashqi savdo faoliyatini yanada takomillashtirish, naqd xorijiy valyuta bilan operatsiyalarni amalga oshirishda axborot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-sentabr,
PF-5811-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-sentabrdagi PF-5811-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5177-son Farmoni 2-bandining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilansinki, chet el valyutasida daromad oluvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, fermer xoʻjaliklari oʻz bank hisobvaraqlaridagi naqd mablagʻlarni faqat milliy valyutada echib olishga haqlidirlar, chet el valyutasidan chet elda asosli foydalanish hollari bundan mustasno”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3351-son qarorida:
a) 2-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tadbirkorlik subyektlariga ularning boshqaruv organlari 2017-yilning 5-sentabriga qadar tashqi savdo kontraktlari boʻyicha hosil boʻlgan kreditor qarzdorlikni hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilganida hisobdan chiqarilayotgan kreditor qarzdorlik summasiga soliq majburiyatlarini qoʻshib hisoblamaslikka ruxsat berilsin”;
b) quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“41. Davlat bojxona qoʻmitasi 2019-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan yoʻlovchilarning bojxona deklaratsiyalari va belgilangan normalardan ortiqcha olib kirilayotgan naqd xorijiy valyuta hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ayirboshlash boʻyicha axborot sohasidagi hamkorlikni tashkillashtirsin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4105-son qarori 4-bandining beshinchi xatboshisi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi “Xoʻjalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3487-son qarori bilan belgilangan xoʻjalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalar tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida tender savdolarini oʻtkazmasdan, shuningdek, toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar olib borish orqali tuzilgan import shartnomalari va ularga qoʻshimcha bitimlar bundan mustasno. Bunda, import shartnomalari va ularga qoʻshimcha bitimlarni ekspertizadan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish uchun xoʻjalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalar tomonidan investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar boʻyicha loyihaoldi va loyiha hujjatlariga, shuningdek, joriy faoliyat boʻyicha — ishlab chiqarish normativlariga muvofiq import kontraktini tuzish zarurligining asoslanishi qoʻshimcha ravishda taqdim etiladi” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2019-y., 06/19/5811/3691-son)