Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-maydagi “Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5715-son Farmoni va 2018-yil 24-noyabrdagi “Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4028-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-sentabr,
PQ-4435-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-sentabrdagi PQ-4435-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-martdagi “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-1083-son qarori 4-bandida:
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jismoniy shaxslarga qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun kreditlar 20 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida beriladi”;
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“2020-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun kreditlar 20 yil muddatga, 1 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil davomida har yili foiz stavkasini qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida beriladi”;
oltinchi-yettinchi xatboshilar tegishincha yettinchi-sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2639-son qarorida:
2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Qishloq joylarda mavjud namunaviy loyihalarga qoʻshimcha ravishda arzon uylarning quyidagi yangi namunalarini (keyingi oʻrinlarda uylar deb yuritiladi) joriy etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin:
“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan aholi punktlarida, shuningdek, aholi zichligi yuqori boʻlgan va zarur muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan taʼminlangan hududlarda toʻrt qavatli arzon koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar;
“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan aholi punktlarida, shuningdek, aholisi zich boʻlmagan va zarur muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan taʼminlanmagan hududlarda 0,02 gektar oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 3 xonali (yonma-yon quriladigan) arzon uylar;
shaharlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari (keyingi oʻrinlarda fuqarolarning alohida toifalari deb yuritiladi) uchun besh qavatli arzon koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar.
Bunda boʻsh yer uchastkalari mavjud boʻlmagan aholi punktlarida arzon koʻp kvartirali uylarni qurish yoʻl boʻylarida joylashgan yaroqsiz uy-joylar, bino va inshootlarni buzish hisobiga boʻshagan hududlarda chiziqli-qatorli koʻrinishda joylashtirgan holda amalga oshiriladi”;
3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Belgilansinki, namunali uy-joylar qurish uchun “Qishloq qurilish bank” ATB, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Ipoteka bank” ATIB, “Xalq banki” ATB, “Asaka” ATB va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB (keyingi oʻrinlarda ishtirok etuvchi tijorat banklari deb yuritiladi) uy quruvchilarga 2 yillik (2020-yil 1-yanvardan boshlab — 1 yillik) imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan (2020-yil 1-yanvardan boshlab birinchi 5 yil davomida har yili foiz stavkasini qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada) va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil (fuqarolarning alohida toifalari uchun quriladigan arzon koʻp kvartirali uylar uchun — 15 yil) muddatga ipoteka kreditlari beradilar, bunda uy quruvchilarning dastlabki badali quyidagi miqdorlarni tashkil etadi:
10 foiz — toʻrt qavatli koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar va 0,02 gektar oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 3 xonali bir qavatli uylar uchun;
25 foiz — fuqarolarning alohida toifalari uchun quriladigan besh qavatli arzon koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar uchun”;
4-bandning birinchi xatboshisidagi “2017-yilda” soʻzlari “2017 — 2021-yillarda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
6-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ishtirok etuvchi tijorat banklarining buyurtmanomalari boʻyicha birinchi 5 yil mobaynida yiliga 4 foizli stavka bilan va keyingi davrda ishtirok etuvchi tijorat banklarining marjasi yiliga 3 foiz miqdorida boʻlishini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 2 yillik (2020-yil 1-yanvardan boshlab 1 yillik) imtiyozli davr bilan qishloq joylarda yashovchi shaxslar uchun — 20 yil, fuqarolarning alohida toifalari uchun — 15 yil muddatlarga milliy valyutada kredit liniyalarini ochsin, ushbu mablagʻlar arzon uy-joylar qurilishiga maqsadli yoʻnaltirsin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilariga uy-joy qurish Dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2858-son qarori 3-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Dastur doirasida uy-joylarning qurilishi (keyingi oʻrinlarda — uy-joylar) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2639-son hamda 2018-yil 24-noyabrdagi “Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4028-son qarorlari bilan joriy etilgan koʻp kvartirali uy-joylarning namunaviy loyihalari asosida amalga oshiriladi”.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi “2018-yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylar qurish dasturlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3863-son qarorida:
1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, “Qishloq qurilish bank” ATB, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, “Ipoteka bank” ATIB, Xalq banki ATB, “Asaka” ATB va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBlarining (keyingi oʻrinlarda ishtirok etuvchi tijorat banklari deb yuritiladi) 20 yil muddatga, 2 yillik (2020-yil 1-yanvardan boshlab — 1 yillik) imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan (2020-yil 1-yanvardan boshlab birinchi 5 yil davomida har yili foiz stavkasini qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada) va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida ipoteka kreditlarini:
a) qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun uy quruvchilarga dastlabki badal:
0,02 ga oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 3 xonali (yonma-yon quriladigan) arzon uylar va toʻrt qavatli arzon koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar uchun — 10 foiz miqdorida;
shaharlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari uchun besh qavatli arzon koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar uchun — 25 foiz miqdorida boʻlishini nazarda tutgan holda;
b) shaharlarda yosh oilalarga, eski uylarda yashovchilarga va turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning boshqa toifalariga dastlabki badalning tabaqalashtirilgan miqdorini amaliyotga joriy etgan holda, arzon koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni oʻrtacha 15 foiz miqdoridagi dastlabki badal bilan sotib olish uchun berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin”;
2-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ishtirok etuvchi tijorat banklarining buyurtmanomalari boʻyicha turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan oilalar uchun arzon uylar qurish uchun 20 yil muddatga, jumladan, dastlabki 5 yil mobaynida yillik 4 foiz stavkali 2 yillik (2020-yil 1-yanvardan boshlab — 1 yillik) imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan va keyingi davrda ishtirok etuvchi tijorat banklarining yillik 3 foiz miqdoridagi marjasi chegirib tashlangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida, kredit liniyasi mablagʻlarini Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida uy-joylar qurishga maqsadli yoʻnaltirgan holda milliy valyutada kredit liniyalari ochsin”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-sentabrdagi “Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi yuzasidan qishloq massivlarida muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3937-son qarorida:
a) 4-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“QAITJning jalb etilayotgan qarzini, shu jumladan unga oid foizlar va boshqa toʻlovlarni toʻlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi”;
quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“QAITJdan kelib tushgan mablagʻlarning (koʻchirilgan kundagi) soʻmdagi ekvivalenti Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan uch bank ish kuni davomida “Qishloq qurilish invest” IK” MChJning 22626-son “Korxona va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” moliyalashtirish maxsus depozit hisob raqamiga oʻtkazib beriladi;
“Qishloq qurilish invest” IK” MChJning ushbu hisob raqamiga kelib tushgan mablagʻlar uch bank ish kunida dasturni amalga oshirish doirasida tashqi injener tarmoqlari va transport aloqalari qurilishni moliyalashtirish uchun bankning tegishli hududiy filiallarida ochilgan “Qishloq qurilish invest” IK” MChJ hududiy filiallarining 22626-son “Korxona va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” moliyalashtirish maxsus depozit hisob raqamlariga oʻtkazib beriladi”;
b) 5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-noyabrdagi “Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4028-son qarori 16-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 129 va 171-moddalariga muvofiq Qoʻshma loyiha boʻyicha ajratilgan maqsadli grantlar “Qishloq qurilish bank” ATB va mablagʻ oluvchi jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi hamda soliq va boshqa majburiy toʻlovlarga tortilmaydi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2019-y., 07/19/4435/3682-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2022-y., 06/22/263/1092-son)