O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 2-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 24-avgustda ma’qullangan
Senat tomonidan 2019-yil 24-avgustda ma’qullangan
Oldingi tahrirga qarang.
(1-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 14-fevraldagi O‘RQ-907-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 16-maydan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son)
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustda qabul qilingan “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi 483-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 9, 239-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 157-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda; 2019-yil № 1, 3-modda) 8-moddasining to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini ta’minlashga doir normalar va qoidalar bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli”.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrda qabul qilingan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi 543-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 21-sentabrda qabul qilingan O‘RQ-409-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 274-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda) 24-moddasining beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi jamoatchilik nazorati O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin”.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi 545-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 19-sentabrda qabul qilingan O‘RQ-408-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 273-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda) 22-moddasining beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi jamoatchilik nazorati O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin”.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “O‘rmon to‘g‘risida”gi 770-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 16-aprelda qabul qilingan O‘RQ-475-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 423-modda) 22-moddasining to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi jamoatchilik nazorati O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin”.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustda qabul qilingan “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi 120-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 7-8, 212-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 604-modda; 2011-yil, № 4, 98-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda) 8-moddasining to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi jamoatchilik nazorati O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin”.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-maydagi O‘RQ-690-sonli Qonuniga asosan 2021-yil 13-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.05.2021-y., 03/21/690/0452-son)
8-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 26-dekabrda qabul qilingan O‘RQ-360-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, 12-songa 1-ilova; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 10, 605-modda, № 12, 772-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 7, 431, 433-moddalar; № 12, 783-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 5, 265-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 17-moddaning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat budjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini ko‘rib chiqish hamda qabul qilish tartib-taomillarining jamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun ochiqligini, shuningdek budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirok etishi mumkinligini”;
2) 28-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan vakolatlar bilan bir qatorda mahalliy budjetlarning parametrlarini hamda ularning ijrosi haqidagi hisobotlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan ko‘rib chiqish hamda tasdiqlash jarayonining ommaviy axborot vositalarida yoritilishini ham ta’minlaydi”;
uchinchi qismi to‘rtinchi qism deb hisoblansin;
3) 29-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi yigirma sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“prognoz yil uchun Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining loyihalari hamda kelgusi ikki yilga oid budjet mo‘ljallari, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborilishidan oldin ularning jamoatchilik muhokamasini ta’minlaydi”;
yigirma sakkizinchi va yigirma to‘qqizinchi xatboshilari tegishincha yigirma to‘qqizinchi va o‘ttizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
4) 96-modda:
uchinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga xulosa taqdim etishi uchun — joriy yilning 20-sentabriga qadar kiritiladi. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga prognoz yil uchun Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining loyihalari hamda kelgusi ikki yilga oid budjet mo‘ljallari bo‘yicha xulosani ikki haftalik muddatda taqdim etadi”;
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Prognoz yil uchun Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining loyihalari hamda kelgusi ikki yilga oid budjet mo‘ljallari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosalari majburiy ravishda e’lon qilinadi”;
5) 163-modda quyidagi mazmundagi o‘n ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Vazirliklar, idoralar, davlat maqsadli jamg‘armalari va boshqa budjet mablag‘larini taqsimlovchilar budjetdan ajratiladigan mablag‘lardan, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanilishi, o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) va olingan tovarlarning yetkazib berilishi to‘g‘risidagi tegishli axborotni o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi”;
6) 167-modda quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotlarning tashqi auditi va ularni baholash natijalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosalari majburiy ravishda e’lon qilinadi”.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 5-mayda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-369-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 5, 127-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda) 5-moddasining birinchi qismiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“budjetdan ajratiladigan mablag‘lardan, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanilishi, o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) va olingan tovarlarning yetkazib berilishi to‘g‘risida, vazirliklar, idoralar, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda boshqa budjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladigan tegishli axborot”;
yettinchi — o‘n to‘rtinchi xatboshilar tegishincha sakkizinchi — o‘n beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
11-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-avgust,
O‘RQ-559-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2019-y., 03/19/559/3670-son; 12.05.2021-y., 03/21/690/0452-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son)