Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Uzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
oʻsimliklar karantini sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga va Tomonlar davlatlari hududini karantindagi zararli organizmlar kirib kelishi va tarqalishidan himoya qilish uchun barcha zarur choralar koʻrishga boʻlgan oʻzaro istakni inobatga olib,
oʻsimliklar karantini sohasida xalqaro normalar va qoidalarga, davlat karantin fitosanitariya tadbirlari va Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi savdoga koʻmaklashishni muvofiqlashtirishga tayanib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz qonunchiligiga muvofiq, oʻz davlatlarining hududiga karantindagi zararli organizmlar kirib kelishi va tarqalishini oldini olish uchun oʻz davlatlarining fitosanitariya xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik qiladilar.
Mazkur Bitim qoidalari barcha karantin osti mahsulotlari, shu jumladan tuproq, tuproqli oʻsimliklar va har qanday boshqa organizmlar, karantindagi zararli organizmlarga boshpana boʻlib xizmat qiladigan yoki ularning tarqalishiga yordam beradigan obyektlar yoki materiallar, shuningdek, sovga sifatida yoki ilmiy maqsadlar uchun kelib tushadigan hamda Tomonlar davlatlarining diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalariga moʻljallangan karantin osti mahsulotga tadbiq etiladi.
2-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
karantindagi zararli organizm — karantindagi zararli organizmlarning rasmiy Roʻyxatlariga kiritilgan hamda Tomonlar davlatlarning hududida mavjud boʻlmagan yoki cheklangan tarzda tarqalgan oʻsimliklar zararkunandalari, oʻsimliklar kasalliklarini qoʻzgatuvchilar va begona oʻsimliklar;
karantin ostidagi mahsulot (karantin ostidagi yuklar, karantin ostidagi materiallar, karantin ostidagi tovarlar) — karantindagi obyektlarni tashuvchilar boʻlishi mumkin boʻlgan va (yoki) ularning tarqalishiga koʻmaklashishi mumkin boʻlgan va karantin fitosanitariya choralari koʻrilishini talab qiladigan, karantindagi mahsulotlarning milliy roʻyxatlarga kiritilgan, karantin fitosanitariya tekshiruvidan (nazoratidan) oʻtkazilishi lozim boʻlgan oʻsimliklar, oʻsimlik mahsulotlari, yuklar, tuproq, organizmlar, materiallar, konteyner, qadoqlar.
3-modda
Mazkur Bitimni amalga oshiruvchi vakolatli organlar:
Uzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Uzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Usimliklar karantini boʻyicha davlat inspeksiyasi;
Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati nomidan — Qirgiziston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligining Usimliklar karantini departamenti hisoblanadi.
4-modda
Tomonlar quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar:
yangi karantindagi zararli organizmlarning paydo boʻlishi va tarqalishi, shuningdek, ularga qarshi kurashish choralari va Tomonlar davlatlarining hududida ularning tarqalishining oldini olish boʻyicha choralar toʻgrisida maʼlumot almashish;
karantin ostidagi mahsulotlarning olib kirilishi, olib chiqilishi va tranzitini tartibga soluvchi, shuningdek, ularga kiritilgan barcha oʻzgarishlar toʻgrisida bir-birlarini xabardor qiluvchi Tomonlarning davlatlari hududidagi amaldagi rasmiy hujjatlar almashinuvi;
ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, karantin fitosanitariya xavfsizligini taʼminlash sohasida bir-birlariga ilmiy, uslubiy va texnik yordam koʻrsatish;
oʻsimliklar karantini sohasida Tomonlar mutaxassislari va ekspertlarining malakalarini oshirish;
texnik jihatdan oshkoralik, kamsitmaslik va yashirin cheklashlarga yoʻl qoʻymaslik prinsiplariga asoslangan va qurilgan fitosanitariya choralarini koʻrish;
Tomonlarning karantindagi zararli organizmlar rasmiy roʻyxatlariga kiritilgan barcha oʻzgarishlar toʻgʻrisida maʼlumot almashish.
5-modda
Bir Tomon davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududiga tashiladigan yoki bir Tomon davlati hududi orqali boshqa Tomon davlati hududiga tranzit tarzda olib oʻtiladigan karantin ostidagi mahsulotlarning har bir turkumi tegishli Tomon vakolatli organi taqdim etadigan, import qilayotgan davlat tomonidan oʻrnatilgan karantin fitosanitariya talablariga rioya qilgan holda beriladigan fitosanitariya sertifikati bilan taʼminlanishi lozim, xalqaro namunadagi maxsus yorliq belgisi mavjud yogʻochdan boʻlgan qadoqlash va mahkamlash materiallari bundan mustasno.
Fitosanitariya sertifikatining mavjudligi Tomonlar vakolatli organlarining oʻz davlatlari karantin fitosanitariya talablariga muvofiq karantin ostidagi materiallarni fitosanitariya nazoratidan oʻtkazish huquqini cheklamaydi.
Tomonlar mazkur Bitim tuzilgan kundan boshlab oʻn kun ichida fitosanitariya sertifikati namunasi nusxalarini almashadilar. Tomonlardan birining fitosanitariya sertifikatiga oʻzgartirishlar va/yoki qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda, mazkur Tomon ular tasdiqlanganidan soʻng oʻn kun ichida fitosanitariya sertifikatining yangilangan namunasini boshqa Tomonga joʻnatadi.
6-modda
Qonunchilikda belgilangan tartibda kuchga kirgan Tomonlar aʼzosi hisoblangan xalqaro shartnomalarga asoslangan holda, Tomonlar oʻzaro kelishuvga muvofiq, bir Tomon davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududiga tashiladigan karantin ostidagi mahsulotni ishlab chikarish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash joylarini qoʻshma tekshiruvdan, shuningdek, karantin fitosanitariya nazorat tizimini tekshiruvdan oʻtkazishlari mumkin.
7-modda
Tomonlarning vakolatli organlari karantin ostidagi mahsulotning eksport qilingan turkumining fitosanitar holati uchun u oʻz davlati hududidan olib chiqilgunga qadar javobgar hisoblanadilar.
Bir Tomon davlatining hududidan yoki hududi orqali karantin ostidagi mahsulotning olib kirilishi, olib chiqilishi yoki tranziti tegishli Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq belgilanadigan davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida amalga oshiriladi.
8-modda
Import kilayotgan Tomonning vakolatli organi karantin fitosanitar nazoratini oʻtkazganda, karantin ostidagi mahsulot turkumlarida tirik karantin zararli organizmlari aniqlangan taqdirda, boshqa Tomon vakolatli organini qabul qilingan karantin fitosanitar chora-tadbirlari toʻgʻrisida ularning sababini koʻrsatgan holda bevosita xabardor qilib, uning zararsizlantirilishini amalga oshirish, bunday imkoniyat boʻlmagan hollarda, zararlangan turkumlarni yoʻq qilish yoki eksport qiluvchiga bir kun ichida qaytarish huquqiga ega.
9-modda
Karantin ostidagi mahsulotni eksport qilishda karantindagi zararli organizmlardan holi qadoq ishlatilishi lozim.
Qadoq va qadoqlash materiallari tuproqdan holi boʻlishi lozim. Pichan, poxol, somon, qipiq, barglar va boshqa oʻsimliklar materiallarini oʻram sifatida ishlatish mumkin emas.
Karantin ostidagi mahsulotni tashishda ishlatiladigan transport mahsulotlari toʻliq tozalangan boʻlishi, zarur hollarda, zararsizlantirilgan boʻlishi lozim.
10-modda
Tomonlar davlati hududidan yoki uning hududi orqali karantin ostidagi mahsulotni olib kirish yoki tranzit qilish ularning milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
11-modda
Tomonlarning vakolatli organlari mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq amaliy masalalarni hal qilish uchun, shuningdek, oʻsimliklar karantini sohasida oʻzaro ilmiy va amaliy qiziqish uygʻotadigan masalalar boʻyicha ishchi uchrashuvlar, seminarlar va stajirovkalar oʻtkazish uchun bir-birlari bilan bevosita hamkorlik qilishlari mumkin.
Hamkorlikning aniq tadbirlari va ularni amalga oshirish muddatlarini aniqlash maqsadida Tomonlarning vakolatli organlari alohida Chora-tadbirlar dasturini tuzishlari mumkin.
Tomonlarning vakolatli organlari yilda kamida bir marta qoʻshma majlislar oʻtkazadilar yoki delegatsiyalar bilan almashadilar.
Mutaxassislarning yoʻl va boʻlib turishlari boʻyicha xarajatlarini yuboruvchi Tomon qoplaydi.
Majlisning oʻtkazilish joyi, vaqti va dasturi Tomonlar vakolatli organlarining kelishuviga koʻra belgilanadi.
12-modda
Mazkur Bitimning qoidalari Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan, shuningdek, ularning oʻsimliklar himoyasi va karantini boʻyicha xalqaro tashkilotlarda aʼzoligidan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
13-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida uning ajralmas qismi hisoblanadigan va imzolangan sanadan kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq barcha nizolar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
14-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh (5) yil davomida amal qiladi. Basharti hech qaysi Tomon mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qilmasa, u oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Mazkur Bitim Tomonlardan birining uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini boshqa Tomon diplomatik kanallar orqali olgan sanadan olti (6) oy oʻtgach tugatiladi.
Bishkek shahrida 2019-yil 1-avgustda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllashda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga tayanadilar.
(imzolar)