O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-apreldagi 252-sonli “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida” 2019-yil 20-avgustdagi PF-5785-son Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ijtimoiy va huquqiy himoya chora-tadbirlari bilan qamrab olish ko‘lamlarini takomillashtirish va kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga (keyingi o‘rinlarda mehnat migrantlari deb ataladi) ular Vatanga qaytib kelganidan keyin ishsiz va band bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va kasbiy ta’limning boshqa muassasalari, shu jumladan, nodavlat kasbiy ta’lim muassasalarining kasbga o‘qitish markazlarida, keyinchalik ishga joylashtirish uchun, shu jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi deb ataladi) mablag‘lari hisobiga grantlar berish yo‘li bilan talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha bepul kasbiy o‘qitish, qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirishni nazarda tutuvchi mehnat, ijtimoiy va psixologik qayta integratsiyalashuvida ko‘maklashish shakllarini kengaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
2020-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburg, Novosibirsk, Volgograd, Pyatigorsk (Rossiya Federatsiyasi), Istanbul (Turkiya), Nur Sulton (Qozog‘iston), Dubayda (Birlashgan Arab Amirliklari) Agentlik mablag‘lari hisobiga vakolatxonalarini ochish, keyinchalik mablag‘larni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda huquqlari va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi deb ataladi) mablag‘lari hisobiga qoplash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rsinlar;
2021-yil 1-martgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlari ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan Rossiya organlari va tashkilotlarining filiallarini (front-ofislarini) ochish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi mintaqalari (Tatariston Respublikasi, Primorye o‘lkasi, Sankt-Peterburg shahri, Krasnoyarsk, Novosibirsk, Rostov, Leningrad va Sverdlovsk viloyatlari, shuningdek, Ural federal okrugining Xanti-Mansisk va Yamal-Nenets avtonom okruglari) bilan muzokaralar o‘tkazsinlar;
Rossiya Federatsiyasining Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi migratsiya markazlari vakolatxonalari negizida, shu jumladan, bepul foydalanish huquqi bilan binolar va xonalarni berish yo‘li bilan Rossiyada ishga joylashishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish xizmatlari ko‘rsatuvchi mehnat migrantlarini viza, hujjatlar bilan qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilishiga ko‘maklashsinlar;
mehnat migrantlarining murojaatlari bo‘yicha, ayniqsa mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, chet eldagi mehnat faoliyati davrida mehnat layoqati yo‘qotilishiga olib kelgan shikastlangan yoki og‘ir tan jarohati olgan fuqarolarni tashish, hamrohliq qiladigan shaxslarning transport xarajatlarini moliyalashtirish, Agentlik vakolatxonalari bilan O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari o‘rtasidagi funksiyalarni aniq chegaralash masalalarini kechiktirmasdan va jadal ko‘rib chiqish va hal etishni nazarda tutuvchi Agentlikning Chet eldagi vakolatxonalari reglamentini ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
3. “Uzbekistan Airways” AJga O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari yoki Agentlikning buyurtmanomalari bo‘yicha mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida og‘ir tan jarohati olgan fuqarolarni bepul asosda O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish tavsiya qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki, vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida og‘ir tan jarohati olgan fuqarolarni olib kelish zarur bo‘lgan mintaqalardan (aeroportlardan) “Uzbekistan Airways” AJning yo‘nalishlari mavjud bo‘lmagan taqdirda transport xarajatlari Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Agentlik huzuridagi ixtisoslashtirilgan kassalarda xorijiy aviatsiya, temir yo‘l va avtomobilda yo‘lovchilar tashuvchilarning chiptalari sotilishiga yo‘l qo‘yiladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2020-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga chet elga ishga ketayotgan fuqarolarni ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlari (keyingi o‘rinlarda ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlari deb ataladi) tashkil etsin.
Belgilansinki:
ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlarida shu jumladan, ishsizlar va ish bilan band bo‘lmagan shaxslarni kasbga o‘qitish markazlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga jo‘nab ketayotgan fuqarolarni xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar va chet tillari bo‘yicha qisqa muddatli o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish, shuningdek, professional kompetensiyasini test sinovdan o‘tkazish va tasdiqlash amalga oshiriladi;
ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlari faoliyatini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Agentlik shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida professional o‘quv markazlari, tarmoq uyushmalari, yirik ish beruvchilar va boshqa muassasalar sirasidan xorijiy yoki mahalliy sheriklarni jalb etishga haqlidir;
Agentlik yoki xususiy bandlik agentliklari tomonidan tashkiliy mehnat migratsiyasi yo‘li bo‘yicha chet elda ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni kasbga o‘qitish uchun ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlarida yoki kasbiy ta’limning boshqa muassasalarida, shuningdek, davlat muassasalarida kasbga o‘qitish uchun Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga har bir ta’lim oluvchi uchun bir oyda 4 bazaviy hisoblash miqdoridan ortiq bo‘lmagan miqdorda grantlar ajratiladi;
fuqarolarni ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlarida yoki kasbiy ta’limning boshqa muassasalarida kasbga o‘qitish xorijiy ish beruvchilar yoki xorijiy davlatlarning mehnat bozorida vositachilik faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan tashkilotlarning buyurtmanomalari bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
6. Agentlik ikki oy muddatda:
Agentlikning rasmiy veb-saytida migratsiya va mehnat haqidagi qonunlar buzilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mehnat migrantlarini ular turgan mamlakatlarda huquqiy himoya qilish xizmatlari ko‘rsatishga ochiq tanlovni joylashtirish uchun elektron maydonchalar tashkil etish;
tanlov yakunlari bo‘yicha migratsiya va mehnat haqidagi qonunlar buzilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish xizmatlarini ko‘rsatishga bo‘lish mamlakatlarining ixtisoslashtirilgan tashkilotlari bilan, ular xizmatlari qiymati Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga haq to‘langan holda bitimlar tuzish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida mehnat migrantlarining sog‘lig‘i holati to‘g‘risidagi tibbiy xulosani, shuningdek, sug‘urta polislarini o‘zaro e’tirof etish to‘g‘risida bitim loyihalarini tayyorlasinlar va Rossiya tomonidan ko‘rib chiqish uchun diplomatik kanallar bo‘yicha yuborsinlar.
8. “O‘zagrosug‘urta” AJ va “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi” AJga hayotni sug‘urta qilish sohasida faoliyatni amalga oshirayotgan ixtisosli shu’ba tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqish va joriy etish tavsiya qilinsin:
a) mehnat migrantlari uchun imtiyozli tariflar bo‘yicha:
ishga joylashishga patent va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar berilishi rad etilishi tavakkalchiligini sug‘urta qilishni;
xorijda ishga joylashish bo‘yicha transport xarajatlari va boshqa xarajatlarni to‘lash uchun berilgan kreditlar qaytarilmasligi tavakkalchiligini sug‘urta qilishni;
mehnat migrantlariga O‘zbekiston Respublikasi hududida ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisi berish va sug‘urta qoplamasini to‘lashni yoki sug‘urta polisi shartlariga muvofiq mehnat migrantlari vaqtincha bo‘lgan mamlakatdagi assistans xizmatlari ko‘rsatuvchi xorijiy sug‘urta kompaniyalari tomonidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etishni nazarda tutuvchi yangi sug‘urta mahsulotlarini;
b) sug‘urta qoplamasini sug‘urta badali to‘langan valyutada to‘lashni, sug‘urta qoplamasi miqdori sug‘urta hodisasiga qarab quyidagi hollarda mehnat migrantlarining hayotini ixtiyoriy uzoq muddatli sug‘urta qilish mexanizmlarini:
sug‘urta summasi miqdoriga teng bo‘lganda ― sug‘urta qilingan shaxs vafot etgan yoki u mehnatga layoqatini yo‘qotgan taqdirda (I va II guruh nogironlik);
sug‘urta summasi miqdoriga va sug‘urta tashkilotining investitsiya daromadidagi ulushga teng bo‘lganda ― sug‘urta qilingan shaxs belgilangan yoshga yetganda. Bunda yo‘naltirilayotgan pul mablag‘larining kamida 30 foizi sug‘urta mukofotini to‘lashga o‘tkazilgan va hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish shartnomasiga muvofiq sug‘urta davri 12 oydan ortiqni tashkil etganda, sug‘urta tashkilotlari joriy pul o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplaydilar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
xorijiy davlatlardagi o‘zbek diasporasini mehnat migrantlarini chet elda ishga joylashtirish muammolarini hal etishga va ularning mehnat va maishiy sharoitlarini yaxshilashga faol jalb etish maqsadida ular bilan yanada yaqinroq hamkorlik o‘rnatish;
vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jo‘nab ketayotgan fuqarolar orasida yuqori talabga ega bo‘lgan xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan Agentlik va xususiy bandlik agentliklarining viza buyurtmanomalarini jadal ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha konsullik xizmatlari ko‘rsatilishi imkoniyati masalalarini ishlab chiqsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda mehnat migrantlari ko‘p jamlangan xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning yetakchi san’at ustalari ishtirokida muntazam ravishda konsert dasturlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, mavzuli kechalar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga barcha mehnatkash-migrantlar va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Xalqaro konvensiyaga, shuningdek, ushbu sohadagi boshqa xalqaro shartnomalarga qo‘shilish (ratifikatsiya qilish)ning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi ― Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamentining mudiri hamda O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D. Qudbiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-avgust,
713-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2019-y., 09/19/713/3633-son)