Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalarida ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-sentabrdagi 505-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralarda ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha autsorsing xizmatlarini koʻrsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari tizimida ovqatlanishni tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 6-maydagi 379-son qaroriga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalarida ovqatlanish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalarida ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriga quyidagi huquqlar berilsin:
davlat strategik zaxirasi va Ichki ishlar vazirligi Moddiy-texnika taʼminoti markaziy bazasida mahsulotlarni saqlash hamda ularni yangilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tegishli boʻlinmalarda ovqatlanishni taʼminlash uchun mahsulotlarni autsorserlarga, transport xarajatlarini qoplashni hisobga olgan holda, amalda xarid qilingan narxlarda berish (tarqatish);
shaxsiy tarkibning uzluksiz ovqatlanishini (shu jumladan doimiy joylashish punktlarida, dala sharoitlarida, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda hamda boshqa holatlarda) tashkillashtirish maqsadida tegishli zarur lavozimlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalari shtatlariga kiritish yoʻli bilan saqlab turish;
ovqatlanishi autsorsing shartlari asosida amalga oshiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalarining roʻyxatini belgilash.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 7-fevraldagi 107-son qarorining 2 va 3-bandlari hamda qarorga ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 19-avgust,
693-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 693-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalarida ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiyqoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichkiishlar vazirligining tegishli boʻlinmalaridagi xodimlar va harbiy xizmatchilar, kursantlar, tinglovchilar, akademik litsey oʻquvchilari, maktab-internat tarbiyalanuvchilari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi tarbiyalanuvchilari, shuningdek, vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanadigan shaxslarning (keyingi oʻrinlarda ovqatlanuvchilar deb ataladi) ovqatlanishini autsorsing shartlarida tashkil etish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
autsorsing — buyurtmachining ovqatlanuvchilarni ovqatlantirish vazifasini shartnoma asosida autsorserga oʻtkazish;
autsorser — shartnoma asosida buyurtmachiga autsorsing xizmati koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
buyurtmachi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalari.
3. Ovqatlanuvchilarni ovqatlantirish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
statsionar va dala sharoitida oziq-ovqat taʼminoti;
quruq mahsulotlar taʼminoti.
4. Ovqatlanuvchilarni ovqatlantirish buyurtmachining oziq-ovqat xizmati tomonidan autsorser xizmatini jalb qilish orqali amalga oshiriladi.
5. Ovqatlanuvchilarni ovqatlantirish uchun pul mablagʻlari yillik buyurtmalar boʻyicha belgilanadi va autsorsing xizmatlari uchun kelishilgan hisob-kitoblar, oziq-ovqat meʼyori narxlari belgilangan meʼyorlar asosida yil boʻyicha rejalashtiriladi.
6. Autsorsing xizmati buyurtmachining tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida budjet mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.
7. Autsorsing xizmati koʻrsatish jarayonida maxfiylik tartibiga rioya qilish buyurtmachi tomonidan taʼminlanadi.
2-bob. Autsorserni tanlash, shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi
8. Autsorserlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan talabgorlarni oʻrganish hamda eng yaxshi takliflarni tanlash orqali tanlab olinadi. Bunda umumiy ovqatlanish sohasida katta ish tajribasiga, tegishli moliyaviy, moddiy-texnika va logistika bazasiga ega boʻlgan, oshxonalarning holatini yaxshilashga tayyor boʻlgan talabgorlarga ustunlik beriladi.
9. Autsorser talabgorlariga nisbatan quyidagi talablar qoʻyiladi:
yuridik shaxs ekanligi;
autsorsing xizmati boʻyicha kamida bir oylik shartnoma summasiga teng aylanma mablagʻlarga egaligi;
Oldingi tahrirga qarang.
moliyaviy ahvolining barqarorligi, soliq va yigʻimlardan qarzdorligi mavjud emasligi;
(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son)
statsionar va dala sharoitida autsorsing xizmati koʻrsatish uchun yetarli moddiy-texnika va logistika bazasiga egaligi;
shtatida yetarli ish tajribasiga va koʻnikmaga ega xodimlar mavjudligi.
10. Autsorserlarni tanlab olish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tanlov asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Autsorserlarni tanlash natijalari maxsus komissiyaning bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va tasdiqlangan kunning ertasidan kechiktirmay ovqatlanuvchilarning ovqatlanishini tashkil qilish boʻyicha autsorsing xizmatlari koʻrsatish yuzasidan Ichki ishlar vazirligi tegishli boʻlinmalari bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzish uchun buyurtmachiga yuboriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
12. Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining bozordagi oʻrtacha koʻrsatkichlari tegishli hududda yuzaga kelgan narxlar darajasini har oy oʻrganish orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
13. Agar oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi bozor narxlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining bayonnoma qarorida belgilangan narxlardan baland boʻlsa, buyurtmachi autsorser bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun tegishli hududdagi amaldagi narxlarni oʻrganib chiqish dalolatnomasi ilova qilingan takliflarni belgilangan tartibda yuboradi.
14. Oziq-ovqat mahsulotlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bayonnomalarida belgilangan narxlari ular tasdiqlangandan keyingi kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
15. Bayonnoma qarorlarning toʻgʻri tuzilishi uchun javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuklanadi.
16. Autsorsing xizmati koʻrsatish boʻyicha shartnoma buyurtmachi va autsorser oʻrtasida kalendar yil uchun yozma shaklda ikki nusxada tuziladi.
Shartnomada ovqatlanuvchilarning soni, bir nafar ovqatlanuvchi uchun tasdiqlangan meʼyorlardagi kunlik oziq-ovqat qiymati, kalendar kuni va jami yillik (yoki bir chorak) summa aks ettiriladi.
17. Oziq-ovqat mahsulotlarining oʻrtacha bozor narxlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridan har oyning 1-kuniga qadar Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalari tomonidan olinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridan olingan oziq-ovqat mahsulotlari narxi oʻzgarganda yoki boshqa asosli holatlarda shartnomaga tegishli oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
18. Tegishli oy uchun umumiy summaning 15 foizi miqdoridagi oldindan toʻlov boshlangan oyning dastlabki oʻn bank kuni davomida xizmatlar koʻrsatish jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi. Summaning qolgan qismi amalda koʻrsatilgan xizmatlar asosida shartnoma shartlariga koʻra toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalarida ovqatlanishni tashkil etish uchun autsorserni tanlash, autsorser va buyurtmachi oʻrtasida hisob-kitoblar mazkur Nizomga 2 va 3-ilovalarga muvofiq sxemalar boʻyicha amalga oshiriladi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalaridagi ovqatlanuvchilarning ovqatlanishini tashkil etishda autsorserlarga davlat strategik zaxirasidan olingan oziq-ovqat mahsulotlarini hamda boʻlinmalarining yordamchi xoʻjaliklarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash asosida berishga yoki realizatsiya qilishga ruxsat beriladi.
Autsorserlarga beriladigan yoki realizatsiya qilinadigan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxi transport xarajatlarini qoplashni hisobga olgan holda amalda sotib olingan narx asosida belgilanadi.
20. Harbiy hududdan tashqarida xizmatni olib borayotgan shaxsiy tarkibga tayyor taomlarni yetkazib berish ichki ishlar organlari boʻlinmalarining kuch va vositalaridan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.
3-bob. Autsorsing xizmati koʻrsatishda oziq-ovqatlar sifatiga va xavfsizlikka qoʻyiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
21. Autsorsing xizmatlari asosida ovqat bilan taʼminlash qonunchilik hujjatlarida belgilangan xavfsizlik texnikasi va yongʻin xavfsizligi, mehnat muhofazasi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi lozim.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Autsorser tomonidan foydalaniladigan oziq-ovqat mahsulotlari tegishli muvofiqlik sertifikatlari bilan tasdiqlanishi, shuningdek, xalqaro va milliy standartlar talablariga javob berishi shart.
23. Buyurtmachiga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifati yuzasidan nazorat autsorser ishtirokida buyurtmachining tibbiy hamda oziq-ovqat xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi, bunda qabul qilish dalolatnomasi tuzilib, u mahsulot sifatini tekshirgan shaxslar tomonidan imzolanadi va buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi.
24. Autsorser xodimlari:
sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilishi, ularni toʻgʻri saqlashi va belgilangan meʼyorlar asosida sarflashi;
belgilangan meʼyorlar asosida taom tayyorlash texnologiyasiga qatʼiy amal qilishi, ortiqcha isrofgarchilikka yoʻl qoʻymasligi;
taomlarni tayyorlashda, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish hamda saqlashda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya etishi;
oshpazlik sohasida zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi va oʻz malakasini doimiy ravishda oshirib borishi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
Autsorser xodimlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtishi va tibbiy daftarchaga ega boʻlishi shart.
(24-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Mazkur bandda belgilangan talablarga rioya qilmagan shaxslarning autsorser tomonidan xizmat koʻrsatishga jalb etilishi taqiqlanadi.
25. Oziq-ovqat mahsulotlarini belgilangan tartibda saqlash qoidalariga rioya etilishi boʻyicha javobgarlik autsorserga yuklanadi.
4-bob. Ovqatlanuvchilarning ovqatlanish tartibini rejalashtirish, nazorat qilish va monitoringni amalga oshirish
26. Ovqatlanuvchilarning ovqatlanish tartibi buyurtmachi tomonidan ishlab chiqiladi.
27. Taomnoma sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari asosida tuziladi, autsorser va buyurtmachi rahbari tomonidan imzo chekilib tasdiqlanadi.
28. Taomnoma uch nusxada tuziladi — birinchi nusxasi autsorserga, ikkinchi nusxasi buyurtmachiga hamda uchinchi nusxasi oshxonaga foydalanish uchun beriladi.
29. Taomlar ovqatlanish texnologiyasi qoidalariga amal qilgan holda tayyorlanadi, saqlanadi va tarqatiladi.
30. Ovqatlanuvchilarning ovqatlanishi kun mobaynida sutkalik ovqatlanish meʼyorlari boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlarining toʻgʻri taqsimlanishi, shuningdek, kun tartibi boʻyicha qatʼiy belgilangan vaqtda ovqatlanish tashkil etilishi lozim.
31. Oziq-ovqat mahsulotlarini qozonga solish autsorser va buyurtmachi vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
32. Ovqatlarni tarqatish boshlangunga qadar buyurtmachi vakillari tomonidan ovqatlar sifati, shuningdek, oshxona binosining sanitariya holati, oshxona idishlari va inventarlari tekshiriladi. Buyurtmachi vakillari tekshiruv natijalarini ovqatlarni tayyorlash sifatining nazorat kitobida aks ettiradi. Bunda uning sifati toʻgʻrisidagi xulosa har bir ovqat pishirish (nonushta, tushlik, kechki ovqat) uchun alohida yoziladi va har bir tayyorlangan taomdan brokiraj olinadi.
33. Autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan monitoring buyurtmachi tashkil etadigan komissiya (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
34. Komissiya tarkibi Ichki ishlar vazirligi Moddiy-texnika taʼminoti boshqarmasi oziq-ovqat taʼminoti boʻlimi, buyurtmachining taʼminot va boshqa boʻlinmalari xodimlaridan shakllantiriladi.
35. Komissiya:
autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan doimiy monitoring olib boradi, jumladan, shaxsiy tarkib oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazadi;
monitoring natijalaridan kelib chiqib buyurtmachi va autsorserga tegishli taklif va tavsiyalar kiritadi;
oshxona va omborlarda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar talablarining buzilishi holatlarini bartaraf etish choralarini koʻradi;
tayyor taom va oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan kunlik meʼyorlarga mos boʻlishini hamda sifatini oʻrganadi, zarur holatlarda chetdan mutaxassislar jalb etadi.
Komissiya buyurtmachi tomonidan yuklangan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
5-bob. Ovqatlanuvchilarni issiq ovqat bilan taʼminlash
36. Autsorsing sharoitida ovqatlanuvchilarni issiq ovqat bilan taʼminlash ovqatlanuvchilar yetib kelishi va ketishini hisobga olgan holda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
37. Ovqatlanuvchilarni ovqatlantirish boʻyicha hisobga kiritishda yoki hisobdan chiqarishda hisob-kitoblar belgilangan kunlik meʼyor summasiga nisbatan quyidagicha amalga oshiriladi:
nonushta uchun — 25 %;
tushlik uchun — 50 %;
kechki taom uchun — 25 %.
38. Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalari akademik litseyi oʻquvchilari, maktab internat tarbiyalanuvchilari hamda bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi tarbiyalanuvchilarini ovqatlantirish boʻyicha hisobga kiritishda yoki hisobdan chiqarishda hisob-kitoblar belgilangan kunlik meʼyor summasiga nisbatan quyidagicha amalga oshiriladi:
nonushta uchun — 20 %;
ikkinchi nonushta (yoki tushlik) uchun — 20 %;
tushlik uchun — 40 %;
kechki ovqatlanish uchun — 20 %.
39. Agar ovqatlanuvchilarning oziq-ovqat taʼminotini tashkil qilish boʻyicha jami xarajatlar ovqatlanish payogi oʻrniga pul kompensatsiyasining belgilangan miqdoridan oshib ketsa, mavjud tafovut ovqatlanuvchilardan undirilmaydi, xarajatlar esa — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
40. Ovqatlanuvchilarni ovqatlantirish jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobiga tashkil etilganda ular uchun belgilangan bir kunlik ovqatlanish ratsioni sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq belgilangan meʼyorlardan oshmasligi lozim.
6-bob. Autsorser va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari
41. Autsorser quyidagi huquqlarga ega:
ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish;
ijaraga olingan bino va inshootlarning ichki qismida texnik jihatdan jihozlash va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;
ovqatlanuvchilarning soni va ovqatlanish jadvalini belgilangan tartibda olish;
olingan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻzgarishi munosabati bilan shartnomaga oʻzgartirish kiritish taklifi bilan chiqish;
koʻrsatilgan xizmatlar uchun oʻz vaqtida toʻlovlar amalga oshirilishini talab qilish;
buyurtmachidan shartnoma shartlarining bajarilishini talab qilish;
ovqatlanuvchilar doirasiga kirmaydigan shaxsiy tarkibga pullik xizmat koʻrsatish.
Oldingi tahrirga qarang.
Autsorser qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(41-bandning toʻqqizinchi xatboshisiOʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
42. Autsorser:
ovqatlanuvchilarning oziq-ovqat taʼminotini uzluksiz, shu jumladan, zarur holatlarda, dam olish va bayram kunlari hamda dala sharoitida amalga oshirishi;
oziq-ovqat mahsulotlarining yangi va sifatli boʻlishini taʼminlashi;
sogʻliq uchun zararli va yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanmasligi va taomlarni tarqatmasligi;
dala sharoitida koʻchma oshxona faoliyatini toʻliq tashkil etgan holda shaxsiy tarkibning oziq-ovqat taʼminotini amalga oshirishi;
ijaraga olingan bino va inshootlar, jihozlardan maqsadli hamda oqilona foydalanishi, saqlashi, nosoz holga kelganda ularni oʻz hisobidan taʼmirlashi, shuningdek, mulkni saqlash xarajatlarini qoplashi;
autsorsing xizmati koʻrsatishda xavfsizlik texnikasi, yongʻin xavfsizligi, mehnat muhofazasi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya qilishi;
oziq-ovqat mahsulotlarining sifatli saqlanishini taʼminlashi;
maxfiylik tartibiga qatʼiy rioya qilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Autsorserga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
(42-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
43. Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
autsorserdan shartnoma shartlarini bajarish bilan bogʻliq jarayonda qatnashuvchi shaxslar (oshxona xodimlari) roʻyxatini olish;
oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish;
ovqatlanish jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish;
autsorserning ishlab chiqarish faoliyatiga aralashmagan holda shartnoma shartlarining bajarilishini nazorat qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
Buyurtmachi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(43-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
44. Buyurtmachi:
autsorserga ovqatlanuvchilarning sonini va ularning ovqatlanish jadvalini oʻz vaqtida taqdim etishi;
shartnomaga muvofiq belgilangan muddat va shartlar asosida autsorserga koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Buyurtmachi zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
(44-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7-bob. Obyektlar va moddiy-texnika vositalaridan foydalanish
45. Oshxonada joylashgan moddiy-texnika vositalari buyurtmachi tomonidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan holda autsorsyerga vaqtinchalik foydalanishga beriladi. Dalolatnoma ikki nusxada buyurtmachi komissiyasi va autsorser tomonidan imzolanadi. Dalolatnoma buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi.
46. Quyidagilar autsorsyerga vaqtinchalik foydalanishga beriladigan oshxona binosiga qoʻyiladigan asosiy talablar hisoblanadi:
yetarli oʻringa ega boʻlgan, texnologik jihozlar bilan taʼminlangan, texnik holati belgilangan meʼyorlarga mos boʻlgan ovqatlanish binosining mavjudligi;
mahsulotlarni saqlash uchun omborlarning mavjudligi;
taom tayyorlash uskunalari, oshxona mebellari va ovqatlanish uchun zarur boʻlgan boshqa jihozlarning mavjudligi.
47. Belgilangan foydalanish muddatini oʻtab boʻlgan va yaroqsiz holatga kelgan moddiy-texnika vositalari belgilangan tartibda buyurtmachi tomonidan hisobdan chiqariladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
48. Ovqatlanishning autsorsing shartlarida amalga oshiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
49. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablarning buzilishi buyurtmachi va autsorserning tuzilgan shartnomani belgilangan tartibda bekor qilishiga asos boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
50. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(50-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirliginingtegishli boʻlinmalaridaovqatlanishni tashkil etish boʻyicha autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalarida ovqatlanishni tashkil etish uchun autsorserlarni tanlash
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalarida ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalari va autsorser oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2019-y., 09/19/693/3596-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son; 05.07.2022-y., 09/22/354/0593-son)