Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand davlat universiteti huzurida aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, umumiy oʻrta taʼlim sifatini tubdan oshirish, fizika, matematika, kimyo, biologiya kabi muhim va talab yuqori boʻlgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda oʻrgatish hamda isteʼdodli yoshlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligining Samarqand davlat universiteti huzurida aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab (keyingi oʻrinlarda ixtisoslashtirilgan maktab deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib belgilansin:
fizika, matematika, kimyo va biologiya fanlari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilarni tanlash, ularga zamon talablari darajasida chuqurlashtirilgan bilim berish, oliy taʼlim tizimi uchun yuqori intellektual salohiyatli yoshlarni tayyorlash;
har bir iqtidorli oʻquvchining individual kamol topishi xususiyatlarini inobatga olib ularga professor-oʻqituvchilarni biriktirish, mustaqil taʼlim olish hamda ilmiy-ijodiy ish bilan shugʻullanish koʻnikmalarini shakllantirish va istiqbolda rivojlantirish;
iqtidorli oʻquvchilarning respublika va xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini hamda sovrinli oʻrinlarni egallashini taʼminlash;
ixtisoslashtirilgan maktabda oʻquvchilar uchun yuqori sifatli taʼlim jarayonini tashkil etish;
taʼlim jarayoniga oʻqitishning innovatsion va samarali usullarini, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish;
yuqori kasb mahoratiga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilarni jalb etgan holda oʻqitiladigan umumtaʼlim fanlari boʻyicha maxsus darsliklar, elektron oʻquv adabiyotlari, metodik ishlanmalar yaratish, oʻquvchilarning fan sirlarini chuqur oʻrganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
ixtisoslashtirilgan maktab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi davlat umumtaʼlim muassasasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachilik boʻlinmasida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega boʻladi;
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabning 7-sinfiga fizika-matematika yoʻnalishi boʻyicha 60 nafar va kimyo-biologiya yoʻnalishi boʻyicha 60 nafar oʻquvchi tegishlicha fizika-matematika va kimyo-biologiya fanlaridan oʻtkaziladigan tanlov asosida qabul qilinadi;
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga ixtisoslashtirilgan maktabning moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlarning salohiyati hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda oʻquvchilarni qabul qilish kvotalariga oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi;
ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar (shahodatnoma, attestat) beriladi;
ixtisoslashtirilgan maktab direktori Samarqand davlat universiteti rektorining tavsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining:
Samarqand shahar, Dahbed koʻchasi, 45-uy manzilida joylashgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining bino va inshoatlarini tegishli hududi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan maktabga;
Samarqand shahar, Professorlar koʻchasi, 51-uy manzilida joylashgan Samarqand moliya va iqtisodiyot kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialiga operativ boshqaruv huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining binolarida tahsil olayotgan Samarqand bank kollejining oʻquvchilari oʻqishni bitirganlariga qadar ixtisoslashtirilgan maktabga berilayotgan binolarda;
Samarqand moliya va iqtisodiyot kollejining oʻquvchilari oʻqishni bitirgunlariga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining binolarida oʻquv jarayonini davom ettiradilar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq 2020-yil va kelgusi yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq ixtisoslashtirilgan maktabning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash loyihalari ushbu dasturlarga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
6. Ixtisoslashtirilgan maktabning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash ishlari boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib belgilansin;
bosh loyiha va bosh pudratchi tashkilotlar belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari natijasida aniqlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktabning ustavini tasdiqlasin hamda uni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabni zarur oʻquv-metodik majmualar, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash;
ixtisoslashtirilgan maktabga oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan iqtidorli pedagog kadrlarni jalb etish choralarini koʻrsin.
8. Samarqand viloyati hokimligi 2019-yil mahalliy budjet parametrlarida 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabni joriy saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Samarqand filialini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 28-maydagi 438-son qarorining 8-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov hamda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-avgust,
682-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2019-y., 09/19/682/3585-son)