Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida
Harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari tomonidan “yoʻl xaritalari” amalga oshirilishiga va mamlakatning mudofaa salohiyatini mustahkamlash sohasiga koʻmaklashishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 4-avgustdagi PQ-3897-son qarorini oʻz vaqtida ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 4-avgustdagi PQ-3897-son qaroriga muvofiq:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari daromadining oshirib bajarilgan prognoz koʻrsatkichlari boʻsh qoldiqlarining 10 foizigacha miqdordagi ajratmalar Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilanganligi;
Jamgʻarma mablagʻlari Moliya vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan ochilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining gʻaznachilik hisobvaraqlarida jamlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari:
Oldingi tahrirga qarang.
a) I — III choraklar yakunlari, shuningdek, moliya yili yakunlariga koʻra hosil boʻlgan boʻsh qoldiqlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari daromadining oshirib bajarilgan prognoz koʻrsatkichlari boʻsh qoldiqlari aniqlangandan soʻng hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechikmay Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari daromadining oshirib bajarilgan prognoz koʻrsatkichlari boʻsh qoldiqlarining 10 foizigacha miqdorini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazilishini taʼminlasinlar, ular quyidagi tartibda taqsimlanadi:
(2-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-oktabrdagi 654-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2020-y., 09/20/654/1411-son)
50 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda belgilangan tartibda taqsimlanadi;
50 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda xarajatlarni belgilangan tartibda moliyalashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida qoldiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining soʻroviga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining tegishli hisobvaraqlaridagi Jamgʻarma mablagʻlari qoldigʻi holati, shuningdek, daromadning oshirib bajarilgan prognoz koʻrsatkichlari va moliya yili yakunlari boʻyicha hosil boʻlgan boʻsh qoldiqlar yigʻindisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qilsinlar.
(2-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-oktabrdagi 654-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2020-y., 09/20/654/1411-son)
3. Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga Jamgʻarmaga mablagʻlar oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ushbu qarorning ijrosi hamda Jamgʻarma mablagʻlari oʻz vaqtida shakllantirilishi va ulardan foydalanish toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatiga axborot beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri B.N. Qurbonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-avgust,
659-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 659-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish, ulardan foydalanish, ularni hisobga olish va hisobot berish, shuningdek, ulardan foydalanishni nazorat qilish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma mamlakatning mudofaa salohiyatini mustahkamlash masalalari boʻyicha harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatini moliyaviy taʼminlash uchun tashkil etilgan.
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlari sarflanishining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy qismlari, boʻlinmalari va muassasalarida rejalar (“yoʻl xaritalari”) tadbirlarini va boshqa muhim loyihalarni moliyalashtirish;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-oktabrdagi 654-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2020-y., 09/20/654/1411-son)
harbiy shaharchalar va poligonlar infratuzilmasi obyektlarini zamonaviy talab va standartlarni hisobga olgan holda takomillashtirish va rivojlantirish, kapital qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;
harbiy qismlar, boʻlinmalar va muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun yangi uy-joylar, bolalar bogʻchalari va oʻyin maydonchalarini qurish, mavjud turar joy fondini taʼmirlash, shuningdek, uy-joy-kommunal xoʻjaligi, energiya, suv va issiqlik taʼminoti, transport qatnovi sohasidagi masalalarni hal etish;
respublikaning hozirgi zamon tarixi milliy qahramonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning oilalariga maʼnaviy va moddiy yordam koʻrsatish;
Oldingi tahrirga qarang.
seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, amaliy mashgʻulotlar, sport musobaqalari, estafetalar, turnirlar, treninglar, yoshlarni tarbiyalash boʻyicha tadbirlar (shu jumladan, amaliy va texnik turlar boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda qoʻshimcha oziq-ovqat hamda kiyim-kechak va oyoq kiyim bilan taʼminlashni tashkil etish) shuningdek, madaniy-ommaviy va boshqa tantanali tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish.
(3-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-oktabrdagi 654-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2020-y., 09/20/654/1411-son)
Keyingi tahrirga qarang.
4. Jamgʻarma respublika va mahalliy darajada yuridik shaxsni tashkil qilmagan holda shakllantiriladi.
5. Jamgʻarma mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan ochiladigan alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi, keyinchalik mablagʻlarning bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ochiladigan alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkaziladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
6. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari daromadining oshirib bajarilgan prognoz koʻrsatkichlari boʻsh qoldiqlari summasidan 10 foizgacha miqdordagi ajratmalar;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh pul mablagʻlarini davlat ulushiga ega boʻlgan tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarmaning daromadlari soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. I — III choraklar, shuningdek, moliya yili yakunlariga koʻra hosil boʻlgan boʻsh qoldiqlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari daromadining oshirib bajarilgan prognoz koʻrsatkichlari boʻsh qoldiqlari aniqlangandan soʻng hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechikmay Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari daromadining oshirib bajarilgan prognoz koʻrsatkichlari boʻsh qoldiqlarining 10 foizigacha miqdorini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazadilar, ular quyidagi tartibda taqsimlanadi:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-oktabrdagi 654-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2020-y., 09/20/654/1411-son)
50 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda belgilangan tartibda taqsimlanadi;
50 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda xarajatlarni belgilangan tartibda moliyalashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida qoldiriladi.
Pul mablagʻlari Jamgʻarma hisobvaragʻiga oʻtkazilgandan soʻng, biroq hisobot choragi yakunlanganidan keyin 45 kundan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga oʻtkazilgan pul mablagʻlarining miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qiladi.
8. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini idora qiluvchilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazilgan mablagʻlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlangan mablagʻlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishmasdan Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish taqiqlanadi.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari harbiy-maʼmuriy sektorga yuklangan tadbirlar va vazifalarni amalga oshirish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, harbiy infratuzilmani rivojlantirish va shakllantirish boʻyicha masalalarni tezkor va samarali hal etish, Jamgʻarma mablagʻlari sarflanishining asosiy yoʻnalishlar bilan belgilangan rejalar (“yoʻl xaritalari”) tadbirlari va boshqa muhim loyihalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga Moliya vazirligining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidan qoʻshimcha pul mablagʻlari ajratish toʻgʻrisidagi yozma murojaatnomani (zarur hisob-kitoblarni ilova qilgan va soʻralayotgan pul mablagʻlari asoslagan holda) faqat ushbu Nizomning 7-bandi uchinchi xatboshiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridagi mablagʻlar toʻliq oʻzlashtirilishi sharti bilan yuboradilar.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining yozma murojaatnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Moliya vazirligining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidan mablagʻlarini ajratish zarurligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri pul mablagʻlarini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda Moliya vazirligi pul mablagʻlari faqat ular talab qilingan maqsadlarga qatʼiy sarflanishi uchun Jamgʻarma pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazadi.
13. Jamgʻarma mablagʻlaridan qonun hujjatlarida va ushbu Nizomda nazarda tutilmagan maqsadlar uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Jamgʻarma mablagʻlarining qoldiqlari yil oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining daromadiga oʻtkazilmaydi va kelgusi moliya yili uchun Jamgʻarmani shakllantirishda hisobga olinadi.
3-bob. Javobgarlik, hisobot berish hamda Jamgʻarma mablagʻlari tushishi va ulardan foydalanishni nazorat qilish
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari:
a) qonun hujjatlariga muvofiq:
Keyingi tahrirga qarang.
Jamgʻarmaga mablagʻlar oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishi;
Jamgʻarma mablagʻlari tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga qatʼiy muvofiq holda sarflanishi;
Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha xarajatlar hisobi toʻgʻri yuritilishi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona foydalanilishi;
har yili 15-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy-maʼmuriy sektorlarga yuklangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejalashtirilishi uchun joriy moliya yilida tegishli budjetning daromadlari oshirib bajarilgan boʻsh qoldigʻi summasining prognoz koʻrsatkichlari haqidagi axborot Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga taqdim qilinishi uchun javob beradilar;
b) har chorakda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlarining majlislarida Jamgʻarma mablagʻlarining oʻtkazilishi va ularni sarflash toʻgʻrisida hisobot beradilar.
16. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanishning toʻgʻriligi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorat departamenti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimiyatlari tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
17. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2019-y., 09/19/659/3538-son; 27.10.2020-y., 09/20/654/1411-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)