Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bayonnoma
1994-yil 22-dekabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Xukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida Xalqaro avtomobil transporti qatnovi toʻgʻrisidagi Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat tashuvchilari uchun qulay rejim yaratish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1994-yil 22-dekabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida xalqaro avtomobil transporti katnovi toʻgrisidagi Bitimga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin (keyingi oʻrinlarda — Bitim);
1. Bitimning 1-moddasi 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. “Ruxsatnoma” tushunchasi Ahdlashuvchi tomonlar davlatlarining hududlari oʻrtasida, ularning hududlaridan tranzit tarzda, shuningdek, boshqa Ahdlashuvchi tomon davlati hududidan uchinchi davlat hududiga va/yoki uchinchi davlat hududidan boshqa Ahdlashuvchi tomon davlati hududiga (yoʻl yigʻimlari toʻlovi bilan yoki yoʻl yigʻimlari toʻlovisiz) amalga oshiriladigan tashishlar huquqini beruvchi hujjatni anglatadi”;
2. Bitimning 1-moddasi 4-bandidagi, 2-moddasi 2-bandidagi, 8-moddasi ikkinchi xatboshisidagi va 14-moddasidagi “Ahdlashuvchi tomonlarning” soʻzlari “Axdlashuvchi tomonlar davlatlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3. Bitimning 1-moddasi 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. “Vakolatli organlar” tushunchasi quyidagilarni anglatadi:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi;
Belarus Respublikasi uchun — Transport va kommunikatsiyalar vazirligi.”;
4. Bitimning 3-moddasidagi “ikkala Ahdlashuvchi tomonlarning” soʻzlari “ikkala Ahdlashuvchi tomonlar davlatlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5. Bitimning 4-moddasidagi “ikkinchi Ahdlashuvchi tomonning”, 8-moddasi birinchi xatboshidagi va 12-moddasidagi “boshqa Ahdlashuvchi tomonning” soʻzlari “boshqa Axdlashuvchi tomon davlatining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
6. Bitimning 4 va 11-moddalaridagi “bir Ahdlashuvchi tomonning” soʻzlari “bir Ahdlashuvchi tomon davlatining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
7. Bitimning 6-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ahdlashuvchi tomonlar davlatlarining hududlari oʻrtasida, ularning hududlaridan tranzit tarzda yuk tashishlar, shuningdek, boshqa Ahdlashuvchi tomon davlati hududidan uchinchi davlat hududiga va/yoki uchinchi davlat hududidan boshqa Ahdlashuvchi tomon davlati hududiga yuk tashishlar Ahdlashuvchi tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tarafidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi, mazkur Bitimning 7-moddasida nazarda tutilgan tashishlar bundan mustasno.
2. Har bir avtotransport vositasi uchun alohida ruxsatnoma berilishi lozim. Har bir shunday ruxsatnoma bir marotaba manzilga borish va qaytishni amalga oshirish huquqini beradi.
3. Ruxsatnoma har bir mexanik uzatmali avtotransport vositasi uchun talab etiladi. U bir vaqtning oʻzida tirkama yoki yarim tirkama uchun ham, uning roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar, haqiqiy hisoblanadi. Tashish jarayonida tirkama yoki yarim tirkama almashtirilgan taqdirda qoʻshimcha ruxsatnoma talab etilmaydi.
4. Ahdlashuvchi tomonlar davlatlarining vakolatli organlari har yili teng shartlar asosida (yoʻl yigʻimlari toʻlovi bilan yoki yoʻl yigʻimlari toʻlovisiz) yuklarni tashish uchun ruxsatnoma blankalari sonini oʻzaro kelishib oladilar va bir-birlariga taqdim qiladilar. Yil davomida berilgan ruxsatnomalar kelgusi yilning 31-yanvariga qadar haqiqiy hisoblanadi”.
8. Bitimning 7-moddasi 1-bandi quyidagi mazmundagi z) kichik bandi bilan toʻldirilsin:
“z) yuk koʻtarish qobiliyati tirkama bilan 3,5 tonna yoki ruxsat etilgan umumiy ogʻirligi tirkama bilan birga 6,0 tonnagacha boʻlgan avtotransport vositalarida amalga oshiriladigan tashishda.”;
9. Bitimning 9-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tashuvchilar va ularning avtotransport vositalari ekipajlari boshqa Ahdlashuvchi tomon davlati hududida tashishlarni amalga oshirishda mazkur Ahdlashuvchi tomon davlatining milliy qonunchiligiga, shuningdek, Ahdlashuvchi tomonlarning davlatlari ishtirokchilar hisoblangan xalqaro shartnomalar koidalariga rioya etishlari lozim.”;
10. Bitimning 11-moddasi “ushbu Ahdlashuvchi tomon” soʻzlaridan soʻng “davlatining” soʻzi bilan toʻldirilsin;
11. Bitimning 13-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bir Ahdlashuvchi tomon davlati tashuvchisi tomonidan boshqa Ahdlashuvchi tomon davlatining hududida joylashgan ikki punkt oraligʻida amalga oshiriladigan yoʻlovchi yoki yuklarni tashish (kabotaj) taqiqlanadi.”;
12. Bitimning 16-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu Bitim doirasida tashishlarni amalga oshirayotgan va yigʻimlarni toʻlamaslik huquqini beruvchi ruxsatnomaga ega boʻlgan bir Axdlashuvchi tomon davlatining avtotransport vositalari avtotransport vositasiga egalik qilish yoki undan foydalanish, boshqa Axdlashuvchi tomon davlatining avtomobil yoʻllaridan foydalanish yoki ularni saklash bilan bogʻliq yigʻim va toʻlovlardan oʻzaro ozod etiladi, quyidagilar bundan mustasno:
avtotransport vositasining vazni, gabaritlari va yuk koʻtarish qobiliyati ushbu Ahdlashuvchi tomon davlatining milliy qonunchiligida belgilangan meʼyorlardan oshib ketganligi uchun yigʻim va toʻlovlar;
pullik avtomobil yoʻllari, avtomagistrallar, koʻpriklar va tonnellardan foydalanganlik uchun yigʻim va toʻlovlar, basharti bunday yigʻim va toʻlovlar, shu jumladan, ushbu Ahdlashuvchi tomon davlatining avtotransport vositalaridan ham undirilishi lozim boʻlsa.
2. Ushbu Bitimga asosan tashishlar amalga oshirilayotganda, quyidagilar boshqa Ahdlashuvchi tomon davlatining hududiga vaqtincha olib kirishda bojxona toʻlov va yigʻimlaridan tegishli Ahdlashuvchi tomon davlatining milliy qonunchiligida oʻrnatilgan tartibda ozod etiladi:
a) ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan har bir avtotransport vositasi modeli uchun koʻzda tutilgan, dvigatelning taʼminot tizimi bilan texnologik va konstruktiv bogʻliq boʻlgan sigʻimlardagi yoqilgʻi, shuningdek, refrijeratorning sovutgich uskunalari ishlashi uchun moʻljallangan yoqilgʻi;
b) tashish jarayonida avtotransport vositasini normal ekspluatatsiya qilish uchun zarur miqdordagi moylash materiallari;
v) xalqaro tashishlarni bajarayotgan avtotransport vositalarini taʼmirlash uchun moʻljallangan ehtiyot qismlar va asboblar.
3. Asboblar va foydalanilmagan ehtiyot qismlar qayta olib chiqib ketilishi lozim, almashtirilgan ehtiyot qismlar esa Ahdlashuvchi tomon davlatining hududidan olib chiqib ketilishi yoki yoʻq qilinishi yoxud tegishli Ahdlashuvchi tomon davlatining milliy qonunchiligida belgilangan tartibda topshirilishi lozim.”;
13. Bitim quyidagi mazmundagi 191-modda bilan toʻldirilsin:
“191-modda
Ushbu Bitimga Ahdlashuvchi tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida uning ajralmas kismi hisoblanadigan va Bitimning 20-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.”.
2-modda
Mazkur Bayonnoma Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi hamda Bitim bilan bir vaqtda uning amal qilishi tugatiladi.
Toshkent shahrida 2018-yil 13-sentabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, belarus va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bayonnoma qoidalarini talqin kilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)